Kontent qismiga oʻtish

Xayriniso Begum

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Xayriniso Begum
Mahd-i Ulya

Odil Giray Xayriniso Begum bilan, „Shijoatnoma“ asari, 1586-yil
Safaviy shohining bosh xotini
Hukmronligi 1578-yil 11-fevral – 1579-yil 26-iyul[1]
Tugʻilishi Mozandaron, Safaviylar davlati
Vafoti 1579-yil 26-iyul
Qazvin, Safaviylar davlati
Turmush oʻrtogʻi
Muhammad Xudobanda (turm. 1565)
Farzandlari
Uy Safaviylar (nikoh orqali)
Otasi Mir Abdullohxon II
Onasi Faxriniso Begum
Dini Islom, shialik, oʻn ikki imom

Xayriniso Begum (forscha: خیرالنساء بیگم; saroydagi unvoni Mahd-i Ulya (forscha: مهد علیا) – „eng oliy martabali beshik“ nomi bilan tanilgan; 1579-yil 26-iyulda vafot etgan) asl kelib chiqishi Marʼashiylar sulolasiga mansub boʻlib, Eronning Mozandaron ustonidan boʻlgan malika. Safaviylar shohi Muhammad Xudobandaning (h.1578–1587) rafiqasi, shoh Abbos I ning onasi. Muhammad Xudobanda hukmronligining dastlabki davrida qudratli siyosiy arbob boʻlgan va 1578-yil fevralidan 1579-yil iyuligacha Eronni de facto siaftida boshqargan. Tahmosb I ning qizi Parixon Xonum suiqasd natijasida oʻldirilgach, hokimiyatga erishgan[2].

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xayruniso Begum Mir Abdullohxon II ning qizi boʻlgan. Mir Abdullohxon Mozandaron ustonining Mar’ashiy hukmdori boʻlib, oʻz nasabini toʻrtinchi shialik mazhabi imomi Zayn al-Obidinga bogʻlagan[3]. Bu oila aʼzolari Mozandaronda XIV asr oʻrtalaridan beri hukmronlik qilib kelgan. 1565–1566-yillarda Mahd-i Ulyaning amakivachchasi Mir Sulton Murodxon uning otasini oʻldirgach, Mahd-i Ulya Safaviylar saroyiga qochib ketgan va oʻsha yerda Shoh Tahmosb I ning oʻgʻli Muhammad Xudobandaga turmushga berilgan. Otasining qotilidan qasos olish istagi uni umrining oxirigacha tark etmagan[4].

1578-yilda ukasi Ismoil II ning vafotidan soʻng Muhammad Xudobanda Eron shohi boʻldi. Muhammad irodasiz hukmdor edi va shu sababli saroydagi yetakchi ayol boʻlgan hukmron opasi Parixon Xonum (butkul qudratga ega Qizilboshlilar lashkar guruhlari bilan ittifoq tuzgan) uni osongina boshqara olishiga ishongan. Muhammad Xudobanda shoh etib tayinlangan kundan boshlab xotini Mahd-i Ulya uning ishlarini oʻz qoʻliga olgan. U erining ojizligini yaxshi bilar va uning qatʼiyat hamda salohiyatdan mahrumligini bartaraf etish maqsadida Safaviylar davlatining amaldagi hukmdoriga aylanishga bel bogʻlagan[5].

Muhammad Xudobanda va Mahd-i Ulya 1578-yil 12-fevralda Qazvin atrofiga kirib kelishdi. Bu esa Parixon Xonumning 2 oy-u 20 kun davom etgan mutlaq hukmronligiga yakun yasadi. Parixon hali ham davlatning amaldagi boshqaruvchisi boʻlib qolsa-da, endilikda Mahd-i Ulya va uning ittifoqchilarining qarshiligiga duch kela boshladi. Muhammad va Mahd-i Ulya shaharga yetib kelganida Parixon Xonum ularni katta dabdaba, tantana va xursandchilik bilan kutib olish uchun chiqdi. U oltin iplar bilan bezatilgan maxsus koʻtarma taxtiravonda oʻtirgan holda ularni qarshilash uchun keldi, uning atrofini 4000–5000 nafar shaxsiy qoʻriqchilari, ichki haram xizmatkorlari hamda saroy xizmatchilari qoʻriqlab turardi[5].

Qrim tatar qoʻmondoni Odil Giray va Xayriniso Begum oʻrtasidagi munosabat tasviri, „Shijoatnoma“, 1598-yil.
Xayriniso Begum va Odil Girayning qatl etilishi, „Shijoatnoma“, 1598-yil.

Qazvinda tashkil etilgan kutib olish marosimlari va ijtimoiy yigʻinlar davomida Mahd-i Ulya Parixon Xonumning naqadar katta taʼsir va hokimiyatga ega ekanligi haqida muntazam xabardor boʻlib bordi. Bu esa Ismoil II ning sobiq vaziri Mirzo Salmon Jobiriydan tomonidan avvalroq aytilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqladi. Shundan soʻng u Parixon Xonum tirik ekan, Safaviylar davlatining ishlarini oʻz nazoratiga olib, mamlakatning amaldagi hukmdoriga aylanishi mumkin emasligini anglab yetdi. Shu bois Mahd-i Ulya Parixon Xonumni yoʻq qilish rejasini tuza boshladi[5].

Parixon Xonumni oʻldirish buyrugʻi 1578-yil 12-fevralda ijro etildi. Shoh Tahmosb I hukmronligi davrida Parixon Xonumning murabbiysi boʻlib xizmat qilgan Xalilxon Afshar uni boʻgʻib oʻldirdi[5]. Oradan koʻp oʻtmay Parixon Xonumning qudratli amakisi Shamxal Sulton ham qatl etildi, shuningdek Ismoil II ning hali goʻdak oʻgʻli Shoja ad-Din Muhammad Safaviy ham oʻldirildi[6].

Shundan soʻng Mahd-i Ulya Eron ustidan amalda nazoratni qoʻlga oldi. U mamlakatdagi barcha siyosiy voqealar haqida muntazam ravishda xabardor qilib turildi hamda muhim lavozimlarga doʻstlari va qarindoshlarini tayinlash orqali oʻziga tayanch boʻladigan tarafdorlar tarmogʻini shakllantirdi. Mahd-i Ulya Qizilboshlilardan koʻra „tojiklar“ (yaʼni forslar)ni qoʻllab-quvvatlardi. Uning asosiy maqsadlari katta oʻgʻli Hamza Mirzaning siyosiy mavqeini mustahkamlash (bu esa uning ukasi Abbos hisobiga amalga oshirilardi) hamda otasi uchun qasos olish edi. Otasining qotili Sulton-Murodxon allaqachon vafot etgani sababli Mahd-i Ulya uning oʻgʻli Mirzoxonga eʼtibor qaratdi. Qizilboshlilar yetakchilari Mirzoxonga omonlik vaʼdasini bergan edi, biroq u poytaxt Qazvinga yoʻl olayotgan chogʻda malikaga sodiq tarafdorlar uni tutib olib oʻldirishdi[7][8].

Hokimiyatdan qulashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Malikaning harakatlaridan gʻazablangan qizilboshlilar shohga ariza yuborib, uni hokimiyatdan chetlatishni talab qilishdi, aks holda isyonlar yuz berishini bildirdi. Shoh uni surgun qilish masalasini koʻrib chiqdi, biroq Mahd-i Ulya ularning talablariga boʻysunishdan bosh tortdi. Nihoyat, qizilboshli fitnachilaridan iborat bir guruh malikani Safaviy saroyida asir sifatida saqlanayotgan Qrim tatar xonining ukasi Odil Giray bilan yashirin ishqiy munosabatda boʻlishda aybladi. Shundan soʻng ular haramga bostirib kirib, 1579-yil 26-iyul kuni Mahd-i Ulya va uning onasini boʻgʻib oʻldirdi[9][10].

  1. Munshi, Eskandar Beg. History of Shah 'Abbas the Great (Tārīkh-e 'Ālamārā-ye 'Abbāsī) / Roger M. Savory, translator, 1629 xxv-bet. Qaraldi: 2025-yil 6-may. 
  2. Women in Iran p.146,158
  3. Savory p.71
  4. Women in Iran p.158
  5. 1 2 3 4 Parsadust 2009.
  6. Savory 2007, s. 71.
  7. Women in Iran p.159
  8. Savory p.71
  9. Savory pp.71-73
  10. Cambridge History of Iran p.254