Wasted Love
| „Wasted Love“ | |
|---|---|
| JJ singli | |
| Chiqarilgan sanasi | 6-mart 2025-yil |
| Yozilgan sanasi | 2024-yil |
| Janr | |
| Davomiyligi | 2:45 |
| Leybl |
|
| Qoʻshiq muallif(lar)i |
|
| Bastakor(lar) |
|
| Prodyuser(lar) |
|
„Wasted Love“ (oʻzbekcha: Isrof qilingan sevgi) — avstriyalik qoʻshiqchi JJ tomonidan ijro etilgan debyut singl. Qoʻshiq 2025-yil 6-martda chiqarilgan boʻlib, u JJning oʻzi, Teodora Špirić hamda Thomas Thurner tomonidan yozilgan. Ushbu tarona Shveysariyaning Bazel shahrida boʻlib oʻtgan Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025da Avstriya sharafini himoya qilgan hamda 436 ball bilan tanlov gʻolibiga aylangan. Natijada, ushbu qoʻshiq Avstriya uchun Conchita Wurstning 2014-yildagi „Rise Like a Phoenix“ taronasi bilan qozongan gʻalabasidan keyingi birinchi gʻalabani taʼminlagan.
JJ ushbu qoʻshiqni oʻzining javobsiz muhabbat borasidagi shaxsiy kechinmalari hamda ogʻriq va goʻzallik oʻrtasidagi ziddiyatli his-tuygʻulari ifodasi deb taʼriflaydi. Qoʻshiq koʻplab tanqidchilar tomonidan ijobiy kutib olingan hamda uning musiqiy kompozitsiyasi va JJning vokal imkoniyatlari alohida eʼtirof etilgan. Tanlovdagi gʻalabadan soʻng „Wasted Love“ koʻplab mamlakatlarda tijoriy muvaffaqiyatga erishgan: Avstriya va Gretsiya chartlarida birinchi oʻrinni, Litva va Shveysariyada kuchli beshlikni, yana beshta mamlakatda esa kuchli oʻnlikni egallagan. Shuningdek, qoʻshiq IFPI Austria tomonidan oltin sertifikat bilan taqdirlangan.
Yaralish tarixi va kompozitsiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Wasted Love“ qoʻshigʻi Johannes Pietsch (professional sifatida JJ nomi bilan tanilgan), Teodora Špirić (Teya nomi bilan tanilgan) va Thomas Thurner tomonidan yozilgan boʻlib, unga Thurner, Pele Loriano hamda Wojciech Kostrzewa prodyuserlik qilgan[3]. Špirić avvalroq Salena bilan birgalikda „Who the Hell Is Edgar?“ qoʻshigʻi bilan Eurovision qoʻshiq tanlovi 2023da Avstriya nomidan ishtirok etgan edi[4]. Kleine Zeitung nashrining xabar berishicha, qoʻshiq 2024-yilning yozida bir kun ichida yaratilgan[5]. Qoʻshiq 2025-yil 6-martda ommaga taqdim etilgan.
Matbuotga bergan intervyularida JJ qoʻshiq uning 2024-yildagi javobsiz muhabbat borasidagi kechinmalaridan ilhomlanib yozilganini taʼkidlagan[6]. U bu tuygʻuni „dengizda parchalanib ketayotgan nozik qogʻoz qayiqda suzish“ga oʻxshatgan. Shuningdek, u: „Bu begʻubor fidoyilikning oʻziga xos goʻzalligi bor. Oxir-oqibat, shunchaki sevish imkoniyatiga ega boʻlishning oʻzi goʻzal — bu sevgi isrof boʻladimi yoki yoʻqmi, buning ahamiyati yoʻq“[7], — deya qoʻshimcha qilgan. Keyinchalik oʻtkazilgan matbuot anjumanida u insoniyat uchun sevgi qanchalik muhimligini taʼkidlab: „Sevgi gʻalaba qozonadi. Men qoʻshigʻimda sevgi isrof boʻlishi haqida gapirganman, lekin baribir sevgi gʻolibdir. Sevgi tarqating, nafratni unuting, sevgi — eng qudratli kuchdir“[8], — deb aytgan.
Musiqiy video va targʻibot
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qoʻshiq bilan birga Vesely Marek rejissyorligida suratga olingan musiqiy video ham oʻsha kunning oʻzida eʼlon qilingan. Video Avstriyaning turli joylarida, jumladan, Viener Noishtadt yaqinidagi qaragʻayzor, shoʻngʻish maktabi, Quyi Avstriyadagi studiya va Badendagi teatrda suratga olingan. Videoni suratga olish ishlari 2025-yil fevral oyida besh kun davom etgan[9]. Rejissyor Marekning soʻzlariga koʻra, video besh pardaga boʻlingan boʻlib, unda „javobsiz muhabbatning chuqur tubiga boʻlgan vizual sayohat“ tasvirlangan[10]. Videodagi lavhalardan birida JJ suvga qogʻoz qayiqcha qoʻygani va u asta-sekin choʻkib ketgani koʻrsatilgan.
Qoʻshiqni targʻib qilish maqsadida JJ 2025-yilning mart va aprel oylarida bir qator Eurovision partiyalarida, jumladan, 5-apreldagi „Eurovision in Concert“, 13-apreldagi „London Eurovision Party“ va 19-apreldagi „Pre-Party ES“ tadbirlarida ishtirok etgan. 11-aprelda JJ Eurovision qoʻshiq tanlovi 2014 gʻolibi Conchita Wurst bilan birgalikda „Wasted Love“ va „Rise Like a Phoenix“ qoʻshiqlarining duet mashupini taqdim etgan[11].
Tanqidiy qabul
[tahrir | manbasini tahrirlash]Die Presse nashridan Klemens Patek qoʻshiqni „ortiqcha yasama boʻlmagan, mukammal tarona“ deb atab, uning kupletlaridagi musiqiy tuzilishni yuqori baholagan[12]. Der Standard vakili Ljubiša Tošić JJning vokal qobiliyatini va qoʻshiqning yuqori energiyali kompozitsiyasini eʼtirof etib, u „qoʻshiq tanlovi uchun eng mos keladigan asar“ ekanligini taʼkidlagan[13]. Avstriyalik sharhlovchi Andi Knoll qoʻshiqning klassik musiqiy tuzilishini „nihoyatda avstriyacha“ deb atagan hamda uni „uch daqiqalik opera“ga qiyoslagan[14].
Xalqaro miqyosda ham qoʻshiq ijobiy baholangan. Wiwibloggs hayʼati qoʻshiqqa 10 balldan 7.87 ball berib, uni oʻsha yilgi tanlovning 37 ta qoʻshigʻi ichida beshinchi oʻringa loyiq koʻrgan[15]. „ESC Beat“ nashridan Doron Lahav qoʻshiqni toʻrtinchi oʻringa qoʻyib: „Bu joriy yilda gʻoliblik ruhini bergan sanoqli qoʻshiqlardan biri boʻldi“, — deya fikr bildirgan[16].
Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ichki tanlov
[tahrir | manbasini tahrirlash]Avstriyaning ORF teleradiokompaniyasi 2024-yil 7-sentyabrda Eurovision 2025 tanlovida ishtirok etishini hamda vakilni ichki saralash orqali aniqlashini rasman eʼlon qilgan[17]. 2024-yil oktyabr oyida ORF studiyalarida oʻtkazilgan kastingdan soʻng yetti nafar ijrochining sakkizta qoʻshigʻi saralab olingan. 2025-yil 30-yanvarda ORF JJ (Johannes Pietsch) tomonidan ijro etilgan „Wasted Love“ qoʻshigʻi mamlakat vakili sifatida tanlanganini eʼlon qilgan.
Tanlovda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025 Shveysariyaning Bazel shahridagi „St. Jakobshalle“ arenasida boʻlib oʻtgan. Avstriya 15-may kuni oʻtkazilgan ikkinchi yarim finalda oltinchi boʻlib chiqish qilgan hamda 104 ball bilan beshinchi oʻrinni egallab, finalga yoʻllanma olgan.
17-may kuni boʻlib oʻtgan finalda JJ toʻqqizinchi boʻlib sahnaga chiqqan. Natijalar eʼlon qilingach, JJ hakamlar hayʼatidan 258 ball va tomoshabinlardan 178 ball, jami 436 ball toʻplagan holda tanlov gʻolibiga aylangan[18]. Bu Avstriyaning tanlov tarixidagi uchinchi gʻalabasi edi.
Gʻalaba haqidagi munosabatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]The Guardian nashrining jonli blogida Martin Belam qoʻshiqdagi janr oʻzgarishini yuqori baholagan va uni oʻzining „barcha davrlardagi Eurovision hitlari“ pleylistiga qoʻshganini aytgan[19]. Ispaniyaning El Mundo nashri vakili Andrea M. Rosa del Pino JJning „tengsiz ovozi“ni eʼtirof etib, chiqish yakunida tomoshabinlarning hayqiriqlari juda baland boʻlganini taʼkidlagan[20].
Mukofotlar va nominatsiyalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Yil | Mukofot | Turkum | Natija | Manba |
|---|---|---|---|---|
| 2025 | OUTmusic Award | Yilning Eurovision qoʻshigʻi | Ikkinchi oʻrin | [21] |
| 2026 | Amadeus Austrian Music Awards | Ö3 Yil qoʻshigʻi | Nomzodlikka qoʻyilgan | [22] |
Trek-list
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Raqamli yuklab olish / striming
- „Wasted Love“ – 2:44
- Raqamli yuklab olish / striming – Cyril remiksi
- „Wasted Love“ (Cyril remix) – 2:24
Chartlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Haftalik chartlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Chart (2025) | Eng yuqori oʻrin |
|---|---|
| Avstriya (Ö3 Austria Top 40) | 1 |
| Belgiya (Ultratop 50 Flandriya) | 28 |
| Finlandiya (Suomen virallinen lista) | 10 |
| Germaniya (Official German Charts) | 13 |
| Gretsiya International (IFPI Greece) | 1 |
| Islandiya (Tónlistinn) | 10 |
| Litva (AGATA) | 5 |
| Shveysariya (Schweizer Hitparade) | 3 |
| Birlashgan Qirollik (UK Singles Chart) | 53 |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Steen Danielsson, Maja „Riddare och opera utmanar Kaj i Eurovision“ (sv). Göteborgs-Posten. TT News Agency (2025-yil 9-mart). Qaraldi: 2025-yil 16-mart.
- ↑ „JJ of Austria Wins Eurovision 2025 with 'Wasted Love'“. Billboard. 19 May 2025da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 19 May 2025.
- ↑ Imhof, Michel „Gewinnt JJ mit Schweizer Hilfe den ESC?“ (de-CH). Schweizer Illustrierte (2025-yil 27-mart). Qaraldi: 2025-yil 22-may.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Altenweisl, Daniela; Fidler-Stolz, Pamela „Schweden gewinnt den Eurovision Song Contest 2023“ (de). Kronen Zeitung (2024-yil 13-may). 2024-yil 22-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 6-avgust.
- ↑ Ude, Christian „Sie war an JJs Sieg in Basel beteiligt“. Kleine Zeitung (2025-yil 19-may). Qaraldi: 2025-yil 24-may.
- ↑ Thaller, Jakob „Song-Contest-Starter JJ: 'Finde es schade, wenn der ESC politisiert wird'“ (de-AT). Der Standard (2025-yil 7-aprel). Qaraldi: 2025-yil 24-may.
- ↑ Bacher, Joachim „Eurovision Song Contest 2025: Unser Song für Basel – JJ singt "Wasted Love"“ (de). Musik Magazin (2025-yil 5-mart). Qaraldi: 2025-yil 23-may.
- ↑ „JJ of Austria: "Love is the strongest force"“. Eurovision.tv (2025-yil 18-may). Qaraldi: 2025-yil 24-may.
- ↑ Andersson, Rafaell „Austria: JJ Films Music Video for "Wasted Love"“ (en-GB). Eurovoix (2025-yil 9-fevral). Qaraldi: 2025-yil 23-may.
- ↑ Shokayan, Antranig „'Can't fill my heart': Austria's JJ explores feelings of unrequited love in "Wasted Love" lyrics“ (en-US). Wiwibloggs (2025-yil 4-aprel). Qaraldi: 2025-yil 23-may.
- ↑ Ude, Christian „Eurovision Song Contest: Überraschendes Duett von Conchita und JJ“ (de). Kleine Zeitung (2025-yil 11-aprel). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ Patek, Klemens „JJ steigt ins Song-Contest-Finale auf: Perfekter Auftritt. Fast“ (de). Die Presse (2025-yil 15-may). Qaraldi: 2025-yil 26-may.
- ↑ Tošić, Ljubiša „JJ erfüllt alle Voraussetzungen für den Song Contest“ (de-AT). Der Standard (2025-yil 17-may). Qaraldi: 2025-yil 24-may.
- ↑ Trompisch, Lisa „Song Contest: Kommentator Andi Knoll verrät, wie Chancen von JJ stehen“. Kurier (2025-yil 14-may). Qaraldi: 2025-yil 24-may.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Wiwi Jury: Austria's JJ with "Wasted Love"“ (en-US). Wiwibloggs (2025-yil 1-may). Qaraldi: 2025-yil 20-may.
- ↑ Lahav, Doron „Eurovision 2025 Song Reviews – Part 5“ (en-US). ESC Beat (2025-yil 19-aprel). Qaraldi: 2025-yil 21-may.
- ↑ Jiandani, Sanjay (Sergio) „Austria confirms participation at Eurovision 2025“. ESCToday (2024-yil 7-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 29-yanvar.
- ↑ McFadden, Brendan „'Love is never wasted': Austria wins Eurovision final“. i (2025-yil 17-may). Qaraldi: 2025-yil 21-may.
- ↑ Belam, Martin. „Eurovision song contest 2025 – as it happened“. The Guardian (2025-yil 17-may). Qaraldi: 2025-yil 29-may.
- ↑ del Pino, Andrea M. Rosa „Pitadas para Israel, una dominatrix que canta sobre un micrófono-cohete y la venganza de Malta contra el puritanismo“. El Mundo (2025-yil 15-may). Qaraldi: 2025-yil 30-may.
- ↑ „KAJ wins OUTmusic Award 2025“. OutTV (2025-yil 9-may). Qaraldi: 2025-yil 30-may.
- ↑ „Die Nominierten in allen Kategorien der Amadeus Austrian Music Awards 2026“. FM4 (2026-yil 12-yanvar). Qaraldi: 2026-yil 21-yanvar.