Vozeh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vozeh (taxallusi; asl ismi Qori Rahmatullo Bin Ashur Muhammad) (1817/18-1893/94, Buxoro) - oʻzbek shoiri, adabiyotshunos, xattot, geograf. Buxoro madrasalaridan birida oʻqigan (1844-yilgacha). 1853—56-yillarda Karmana hokimi xizmatida boʻldi. Saroy muhiti bilan kelisholmay, Buxoroga qaytadi va umrining oxirigacha faqirona hayot kechiradi. V. oʻzbek, tojik va arab tillarida, turli janrlarda ijod qilgan. Sheʼrlari turli bayoz va majmualarda uchraydi, devon tuzmagan. "Aqoid unniso" ("Ayollar uchun qoidalar") risolasi, "Savonih ul-masolik va farosix ulmamolik" ("Yoʻllarning qulayliklari va mamlakatlarning masofalari") va b. asarlari oʻsha davrdagi adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy muhitga oid, shuningdek geogr. va etn. boʻyicha maʼlumotlarga boy. "Koni lazzat va xoni neʼmat" ("Lazzat manbai va neʼmat dasturxoni") asari Turkistonda rasm boʻlgan turli nonlar va shirinliklarning inson salomatligiga foydali xususiyatlari haqida. 18— 19-asr ning 1-yarmidagi adabiy muhitni oʻrganishda qimmatli manba hisoblangan "Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat ul-ashob" ("Suhbatdoshlar tarjimai holidan doʻstlarga tuhfa", 1871) tazkirasida Qoʻqon va Buxoro xonligida yashagan shoir va davlat arboblari haqida maʼlumotlar, ularning asarlaridan namunalar keltirilgan. Asar 29 bobdan iborat, har bir bob shoirlar taxallusining arab alifbosidagi tartibi asosida tuzilgan. V. asarlarining qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston FA Qoʻlyozmalar (inv. №75) hamda Sharqshunoslik (№50/11, 60, 2336/1, 2304/1, 1470, 854/1, 852/1) intlarida saqlanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil