Vitamin sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Vitamin sanoati - tibbiyot sanoati tarmogʻi; sintetik vitaminlar, kofermentlar va ularning preparatlari (draje, tabletka, kapsula, ampula, gʻoʻlak, konsentrat va b.) hamda oʻsimliklar va hayvonlardan olingan xom ashyodan vitaminli preparatlar ishlab chiqaradi. Vitaminlar oziq-ovqat mahsulotlarining ozuqalik qimmatini oshiradi, davolash amaliyotida, shuningdek chorvachilikning mahsuldorligini koʻtarish maqsadlarida yem-xashakni vitamin bilan boyitishda qoʻllaniladi. Sobiq Ittifokda vitamin i. ch. 20-asrning 30-y.lari boshlarida vujudga kelgan. Dastlab tabiiy xom ashyodan vitaminli preparatlar olish oʻzlashtirildi (qarang Vitaminli oʻsimliklar). Keyinchalik S va K3 vitaminlarini sintetik yoʻl bilan ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 1949 y.dan Ittifoq olimlari ishlab chiqqan texnologiya asosida sanoat miqyosida boshqa vitaminlarni ham sintez yoʻli bilan olish oʻzlashtirildi (mas., tiamin — V, vitamini). 1955 y.da maʼlum boʻlgan barcha asosiy vitaminlarning sintezlash sxemasi ishlab chiqildi. V. yening keyingi taraqqiyoti vitamin i. ch.ning sintetik usullarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq boʻldi. Texnologik jarayonlarning harakteriga koʻra bu usullar tabiiy mahsulotdan vitamin olishga qaraganda ancha murakkab boʻlsada, vitaminlarni kimyoviy sof holda olish imkoniyatini beradi. Bu esa davolash amaliyotida ularni qoʻllash va chorva konsentratlarini tayyorlashda vitaminlarni aniq miqdorlarda qoʻshishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, sunʼiy (sintez) usulda vitamin olish harajatlari tabiiy xom ashyodan vitamin olish harajatlaridan ancha kam boʻladi. Vitamin ishlab chiqaruvchi kombinat va zavodlar — ixtisoslashtirilgan korxonalar hisoblanadi. 90-y.lar boshiga qadar Oʻzbekistonga tibbiyot maqsadlari va chorvachilik ehtiyojlari uchun vitaminlar hamda vitamin konsentratlari asosan chetdan keltirilgan. Oʻzbekistonda Toshkent kimyo-farmatsevtika zavodida 6 turdagi vitaminlar (V guruhi vitaminlari, askorutin, askorbin kislota), "Surxon Ajanta" qoʻshma korxonasida V guruhi vitaminlari ishlab chiqariladi (2000).

Rivojlangan mamlakatlarda — AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, shuningdek Polsha, Ruminiya, Vengriya, Bolgariyada V. s. yaxshi rivojlangan. Mazkur davlatlarda vitamin ishlab chiqarish bilan kimyo-farmatsevtika firmalari shugʻullanadi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil