Vikipediya:OAV uchun/200K
Oʻzbekcha | English | На русском |
Oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni 200 mingga yetdi
26-noyabr 2022-yil
Insoniyat tomonidan toʻplangan jamiki bilimlar barcha uchun ochiq boʻlgan dunyoni tasavvur qiling. Biz ana shunday dunyoni yaratyapmiz[izoh 1].
— Jimmy Wales, Vikipediya asoschisi
2022-yilning 26-noyabr kuni[izoh 2] oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar soni 200 000 taga yetdi. Ikki yuz minginchi maqola Muzaffar Murodovich nomli foydalanuvchi tomonidan yaratilgan Küdürlü maqolasi boʻldi. Oʻzbekcha Vikipediya ayni paytda 200 000 ta maqola bilan barcha tillardagi Vikipediyalar orasida 52-[izoh 3] oʻrinda bormoqda. Turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida esa turkcha, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha va qozoqcha Vikipediyalardan keyin 5-oʻrinni egallab turibdi.
2022-yilda oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni tez surʼatda oʻsa boshladi. Buning asosiy sababchisi „WikiStipendiya“ marafoni boʻldi desak yanglishmaymiz. Marafon oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.
Marafonga joriy yilning 20-mayida start berilganidan beri Vikipediyaning oʻzbek tilidagi boʻlimida katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Ularning barchasi ham faqat „WikiStipendiya“ taʼsirida boʻlyapti, deb taʼkidlay olmasak-da, oʻzbekcha Vikipediyadagi yirik oʻzgarishlar aynan marafon boshlanganidan soʻng yuz berayotgani rad qilib boʻlmas faktdir. Masalan, loyihadagi umumiy tahrirlar soni 2022-yilning may oyidan oktyabr oyiga qadar deyarli muntazam ravishda oʻsib bordi (iyul oyi bundan mustasno)[izoh 4].
Shuningdek, 20-maydan 26-noyabrga qadar 59 716 ta yangi oʻzbekcha maqola yaratilgan boʻlib, ularning 23 746 tasi, shubhasiz, „WikiStipendiya“ marafoni doirasida yozildi. (Asos tarzida aynan shuncha maqola baholash uchun Fountain platformasiga[izoh 5] kiritilganini aytish mumkin.) Ayniqsa, bu borada marafon doirasida oʻtkazilgan „WikiOromgoh“ loyihasining ikki mavsumi sezilarli hissa qoʻshdi. Chunki maqolalarning 23 mingdan oshigʻi oromgoh ishtirokchilari tomonidan yaratilgan.
Yana bir muhim jihat shuki, ushbu maqolalarning deyarli barchasi bot yordamida emas, foydalanuvchilar tomonidan yaratildi. Bundan tashqari, oʻzbekcha Vikipediya teranligi[izoh 6] keskin tushib ketgani yoʻq. Ayni damda oʻzbekcha Vikipediya teranligi darajasi 34,6 boʻlib, loyiha turkiy tillar orasida qorachoy-bolqorcha (264,3), turkcha (153,8) va ozarbayjoncha (38,9) vikipediyalardan keyin toʻrtinchi oʻrinda bormoqda.
20-maydan 26-noyabrga qadar oʻzbekcha Vikipediyadagi jami tahrirlar soni 777 737 taga oshib, 3 337 009 taga yetdi (30,39 % oʻsish). Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni esa 12 992 taga oshib, 85 259 taga yetdi (17,98 % oʻsish). Shuningdek, faol foydalanuvchilar, yaʼni oxirgi 30 kun ichida kamida bitta tahrir qilgan foydalanuvchilar soni 639 taga oshib, 1 027 taga yetdi (164,69 % oʻsish). Sizni ham oʻzbekcha Vikipediya va unga qardosh loyihalarga hissa qoʻshishga chorlaymiz.
Statistika
[manbasini tahrirlash]Sana | Maqola soni |
---|---|
17.05.2022 | 140 000 |
04.07.2022 | 150 000 |
04.08.2022 | 160 000 |
25.09.2022 | 170 000 |
22.10.2022 | 180 000 |
26.11.2022 | 190 000 |
26.11.2022 | 200 000 |
Izohlar
[manbasini tahrirlash]- ↑ Inglizchasi: „Imagine a world in which every single person on the planet is given free access to the sum of all human knowledge. That's what we're doing“
- ↑ Toshkent vaqti bilan soat 22:26da.
- ↑ Bugunga qadar 325 tilda Vikipediya yaratilgan, ammo 9 tildagi Vikipediyada 10 tadan oz maqola bor.
- ↑ Qarang: https://stats.wikimedia.org/#/uz.wikipedia.org/contributing/edits/normal%7Cbar%7C2020-10-01~2022-12-01%7C~total%7Cmonthly
- ↑ Ilk bosqich uchun yaratilgan Fountain sahifa: https://fountain.toolforge.org/editathons/wiki-stipendiya-marafoni Final bosqich uchun yaratilgan Fountain sahifa: https://fountain.toolforge.org/editathons/wikistipendiyafinal
- ↑ Teranlik muayyan viki loyiha naqadar faol tahrir qilinishini koʻrsatuvchi proksi indikatordir. Teranlik koʻrsatkichi oshishi uchun barcha tahrirlar soni va/yoki maqola boʻlmagan nomfazolardagi (masalan, munozara sahifalari, turkumlar, qoidalar sahifalari) tahrirlar soni oshishi kerak. Batafsil: VP:Teranlik.
Havolalar
[manbasini tahrirlash]- Oʻzbekcha Vikipediyaning Telegram kanali
- WikiStipendiya marafonining Telegram kanali