Veterinariya instituti
Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti (VITI) — Markaziy Osiyoda Chorvachilik tarmogʻidagi yirik ilmiy tadqiqotlar muassasasi hisoblanadi.
Samarqand viloyati Toyloq tumanida joylashgan (1959-yildan).
Dastlab Turkiston Yer ishlari xalq komissarligi veterinariya boshqarmasi qoshidagi oʻlka veterinariya-bakteriologiya laboratoriya tarzida 1924-yilda Toshkentda tashkil etilgan.
1926-yilda Veterinariya-bakteriologiya institutiga aylantiriladi.
1934-yilda Oʻzbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti deb nomlanadi va 2017 yilgacha ushbu nom bilan faoliyat olib boradi undan bugungi kungacha hozirgi nomda faoliyat olib bormoqda.
Institutga 1978-yilda mashhur rus olimi akademik K.I.Skryabin nomi berilgan.
Institut ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari: chorva mollari orasida tarqalgan yuqumli, invazion va yuqumsiz kasalliklarini oʻrganish hamda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish, turli vaksinalar va davolovchi preparatlarini yaratish, Oʻzbekistonning issiq iqlim sharoitida chorvachilikni rivojlantirish uchun muhim veterinariya-sanitariya tadbirlarini ishlab chiqish va boshqalardan iborat.
Institutda 17 laboratoriya, Qarshqadaryo ilmiy tajriba stansiyasi bor (2000).
Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlanmalari asosida mamlaktimiz hududida qoramollarning oʻlat va plevropnevmoniya, otlarda yuqumli pnevmoniya, manqa, yuqumli ensefalomiyelit, plevropnevmoniya kabi chorvachilikka juda katta ziyon keltiradigan kasalliklarni butunlay yoʻqotishga erishilgan.
Hayvonlarning kuydirgi, qorason, quturish, sargʻayma, qoʻtir, chechak va b. yuqumli kasalliklaridan keladigan zarar taʼsiri kamaytirilgan.
Chorva mollaridagi brutsellyoz (R.G.Yarayev, N.X.Shevchenko, M.S.Obidjonov, R.A.Ismatova), tuberkulyoz (G.V.Ni, M.A.Roʻzimurodov), quturish (N.M.Mamatov), teylorioz (I.X.Rasulov), bradzot (A.A.Volkova), echkilar plevropnevmoniyasi (F.D.Lukashenko), senuroz va exinokokkoz (M.A.Aminjonov), kolisalmonellyoz va pasterellyoz (I.D.Burlutskiy, A.K.Siddiqov, R.U.Bulxanov, A.Abdusattorov, T.B.Toʻraqulov, I.V.Ryasnyanskiy, J.Parmonov), parrandalar kolibakteriozi (O.Hoshimov, F.Niyozov) kasalliklariga qarshi yangi samarali vaksinalar, leykoz diagnostikumi (X.S.Salimov, M.K.Butayev), piroplazmidozlarning oldini olish va davolashda diamidin (A.Gʻofurov, T.X.Rahimov), gelmintozlarga qarshi taʼsiri keng boʻlgan atsetomizol (A.O.Oripov) kabi preparatlar yaratildi va ulardan amaliyotda samarali foydalanilmoqda.
Institut faoliyati Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi I.X.Irgashev, Professorlar N.M.Matchonov, F.Ibodullayev, A.Roʻzimurodov, T.Boymurodov, M.Aminjonov, X.Salimov, A.Oripov, U.Y.Uzoqov, G.S.Poʻlatov, N.X.Yenilleeva kabi olimlar nomi bilan bogʻliq.
Institut yuqori malakali ilmiy mutaxassislar yetishtiruvchi markaz hisoblanadi.
Institutda 85 ilmiy xodim, shu jumladan 12 fan doktori, 40 ha yaqin fan nomzodi va falsafa doktorlari faoliyat olib bormoqda.
Institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakllari tayanch doktorantura va doktorantura bor.
Ilmiy asarlar, monografiyalar, uslubiy koʻrsatmalar, yoʻriqnomalar, qoʻllanmalar, tavsiyalar va b. nashr etadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |