Vestgotlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vestgotlar, vizigotlar, tervinglar — german qabilasi, gotlarning gʻarbiy tarmogʻi. Mil. 3—4-a.larda Dnestr daryosining gʻarbiy tomonida yashagan V. 4-a.ning 70-y.larida gunnlar siquvi ostida Dunay daryosidan oʻtib Myoziyaga oʻrnashganlar (q. Xalqlarning buyuk koʻchishi). 418 y. Jan. Galliyada Gʻarbiy Rim imperiyasi hududida markazi Tuluza sh. boʻlgan ilk varvar qirolligini barpo etganlar. 5-a. 2-yarmida V. Ispaniyaning katta qismini egallab olganlar. 507 y. franklar tomonidan Jan. Galliya bosib olingach, bu yer V. qirolligining asosiy hududi boʻlib qolgan; 6-a. oʻrtasidan uning poytaxti Toledo sh. boʻlgan. V. ayrim mahalliy yer egalari qoʻlidagi haydaladigan yerlarning 2/3 qismini tortib olganlar. Rim tartiboti bilan yaqindan tanishish V.larga urugʻ-qabilachilik munosabatlaridan ilk mulkchilik tuzumiga oʻtish imkonini bergan. Vestgot qirolligida hukmron etnik guruh boʻlgan bosqinchi V. asta-sekin mahalliy ispan-rim aholisi bilan aralashib ketgan. 711—718 y.larda V. davlati arablar tomonidan zabt etilgan (yana q. Ispaniya).

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil