Varikotsele

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Varikotsele (lotincha: varix — kengaygan vena va yun. kele — oʻsma) — erkaklar urugʻ tizimchasi venasining kengayishi va uzayishi. Koʻproq urugʻ tizimchasi venasining buyrak venasiga burchak hosil qilib qoʻshilishidan vujudga keladi. Baʼzan ogʻir jismoniy ish qilish sabab boʻladi. V.da asosan urug tizimchasining chap tomoni kasallanadi; 17—30 yoshli kishilarda uchraydi, bolalar va keksalarda ahyon-ahyonda kuzatiladi. Urugʻ tizimchasi venasidagi morfologik oʻzgarishlarga, shuningdek kasallikning klinik koʻrinishiga qarab, V.ning 3 bosqichi farq qilinadi. Bemorlarning koʻpchiligida (71% i da) 1-bosqich kuzatiladi; ular oʻzlarini deyarli sogʻlom his qiladilar. Kasallikning 2-bosqichida (20%) chap tomondagi moyak va yorgʻoq pastroq turadi. Kishi jismoniy toliqqanda moyak sohasi simillab ogʻriydi va ogʻirlashgandek seziladi; yorgʻoqni koʻtaruvchi muskul boʻshashadi. urug tizimchasi yoʻgʻonlashadi. Bemorlarning 9% ida 3-bosqich kuzatiladi; moyak shishadi va burishib qoladi, moyak, bel va dumgʻaza sohasi ogʻriydi, jinsiy faoliyat susayadi. Davo kasallikning kechishi va bosqichiga qarab olib boriladi. V.ning asosiy sababi bartaraf etiladi, Venani bogʻlash yoki embolizatsiyalash operatsiyasi qilinadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil