Valkiriya operatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Valkiriya operatsiyasiGitlerga qarshi 1944 yil 20-iyul kuni amalga oshirilgan suiqasd va harbiy toʻntarish orqali hokimyatni qoʻlga olish uchun tashkillashtirilgan harakatning nomlanishidir. Ushbu suiqasd Schwarze Kapelle (Qora orkestr) nomli guruh aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi va muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Sharqiy Prussiyaninig Rastenberg shahri yaqinidagi Wolfsschanze (Boʻri uyasi) Gitlerning qattiq qoʻriqlanadigan qarorgohlaridan biri edi. Claus von Stauffenberg tomonidan qarorgohga oʻrnatilgan bomba portlatkich orqali Gitler oʻldirilishi kerak edi. Guruh aʼzolari avvaldan tuzilgan reja boʻyicha Berlinda Gitlerning oʻlganini eʼlon qilishadi. Shundan soʻng guruh aʼzolari hukumatni oʻz qoʻliga olish uchun harakatni boshlab yuboradi. Bu harakat tarixga „Valkiriya operatsiyasi“ nomi bilan kiradi. Ammo Gitler sodir etilgan bomba portlashidan omon qoladi va guruh aʼzolarini „jinoiy buzgʻunchi guruh“ deb eʼlon qiladi.[1]

Portlash roʻy bergan xonaning koʻrinishi.
Bundesarchiv Bild 146-1970-097-76, Hitler-Attentat vom 20. Juli 1944.jpg
Gitler va Mussolini portlash yuz bergan xonani koʻzdan kechirishmoqda. 1944-yil iyul

Suiqasdning sabablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gitlerning muxoliflari uni hokimyatdan agʻdarish, Natsistlar partiyasi va SS kabi partiyaga sodiqlik ideologiyasida tarbiyalangan davlat tashkilotlarini yoʻq qilish orqali demokratik tuzumni qayta oʻrnatishni niyat qilishgan edi. Shu bilan birga, davom etayotgan urushda, Germaniyaning batamom magʻlub boʻlmasidan avval tinchlik sulhi tuzushni reja qilishadi.[2] Gitlerning generallari unga bir necha bor sulh tuzish taklifini berishsa ham, Gitler dushmanlari bilan bir stolda oʻtirishdan bosh tortib kelayotgan edi. Buning oʻrniga ikki tomonning toʻliq yoʻq boʻlgunicha kurashishini, „siyosat“ soʻzini tinglashni ham istamayotganini bayon qilib oʻtadi. 1944-yilga kelib, Gitler tarafdorlari boʻlgan generallar ham urushda yengilishlarini tushunib yetishgan va Gitlerni xayolparastlikda ayblay boshlashgandi.

Suiqasd va davlat toʻntarishining rejalashtirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1943 va 1944 yillarda urush Germaniya uchun falokatli tus ola boshlaydi. Sharqiy frontdan tezkorlik bilan chekinib borayotgan nemislar, bu vaqtda Shimoliy Afrikadan ham uloqtirib yuboriladi. Shunday sharoitda Ittifoqchi davlatlarning Sitsiliyaga armiya tushurib, Italiyani urushdan chiqarib olishi, vaziyatni yanada chigallashtirib yuboradi. Buning ustiga yangi, „Gʻarbiy front“(Normandiya)ning ochilishi kun tartibida turgan edi. Tresckow 1943-yilning avgust oyida Afrikada xizmat qilib, bu yerdagi janglarda ogʻir yarador boʻlgan palkovnik Claus von Stauffenberg bilan tanishadi.[3] Afrikada bir qoʻli va bir koʻzidan ayrilmasdan avval ham Stauffenberg Gitler va uning gʻoyalarini Germaniya uchun xavfli deb bilardi. Gitlerni oʻldirmasdan turib, davlat toʻntarishini amalga oshirib boʻlmasligini, Gitler oʻldirilgan taqdirda ham Gimmler, Gering, Gebbels kabi partiya yetakchilarining hibsga olinishi kerakligini yaxshi tushunib turgandi. Stauffenberg guruhga kelib qoʻshilgach, toʻntarish oʻtkazish uchun harakat yanada tezlashib ketadi. General Olbricht suiqasddan soʻng qilinishi kerak boʻlgan davlat toʻntarishining rejalarini tayyorlashni boshlab yuboradi. Buning uchun sharqiy frontda harakat qilayotgan General Tresckow bilan doimiy aloqada boʻlib turishadi.[4] Gitler oʻldirilgandan keyin zaxiradagi qoʻshinning Gimmler va SS boʻlinmalarining hibsga olinishi juda muhim edi. Favqulodda vaziyatlarda zaxiradagi armiyaga „Valkiriya“ asosidagi vakolatlarni faqatgina Friedrich Fromm berishi mumkin edi. Shuning uchun ham guruh aʼzolari Frommni bu ishga daʼvat qilishadi. Fromm Gitler oʻlgan taqdirdagina ularga qoʻshilishini bildiradi. Lekin nofaollik koʻrsata boshlaydi. Fromm bu rejadan xabardor boʻlsa ham, buni oshkor qilmagan edi.

Suiqasd va davlat toʻntarishining amalga oshirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

20-iyul kuni Wolfsschanzeda uyushtirilgan yigʻilishga Stauffenberg ham yetib boradi. Soʻngi onda yigʻilishga Benito Mussolinining ham qatnashishi tufayli rejalar butunlay oʻzgarib ketadi. Yigʻilish kech boshlansa-da, boshqa xonada davom etishi belgilanadi. Palkovnik Stauffenberg portlatkichning faqat bittasini tayyorlashga ulguradi. Yigʻilishga chaqirilgani bois ikkinchi portlatkichni tayyorlay olmaydi. portlatkichni stol ostiga joylashtirgan Stauffenberg, Keyteldan qoʻngʻiroq qilib olish uchun ruxsat soʻraydi va tashqariga chiqadi. Palkovnik Brandt tasodifan bomba joylashtirilgan portfelni tepib yuboradi va uni nariroqqa, stolning baqquvat toʻsiqli oyoqlari yoniga qoʻyadi. Balki, aynan shu tasodif Gitlerning hayotini saqlab qolgan boʻlsa kerak. Soat: 12:45 da bomba portlaydi. Bomba portlashi bilan Stauffenberg tezlik bilan u yerdan uzoqlashadi va samolyot orqali Berlinga yetib boradi.

Davlat toʻntarishiga urinish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Staufferberg General Olbrichtga qoʻngʻiroq qilib, Gitlerning oʻlganini aytadi. Olbrich bu maʼlumotni zahira qoʻshin qoʻmondoni Frommga yetkazadi. Ammo Fromm bunga ishonmaydi va xabarning tasdiqlanishini kutishini aytadi. Fromm Keytelga qoʻngʻiroq qilib, Gitlerning ahvolini soʻraganida, Fyurerning ahvoli yaxshi ekanligini, Mussolini bilan uchrashganini aytadi. Buni eshitgan guruh aʼzolari Keytelning yolgʻon gapirayotganini tushunishadi va rejani amalga oshirishga kirishishadi. Lekin Fromm bunga qarshi chiqqani uchun Stauffenberg va Olbricht uni bir xonaga qamab qoʻyadi. Guruh aʼzolari bir necha soat ichida Berlinni toʻliq qoʻlga olishadi. SS rahbari — Gebbelsni qoʻlga olish uchun yuborilgan zahira qoʻshin kapitani Ernst Remer Gebbelsning xonasida Gitler bilan telefon orqali suhbatlashgach, uzr soʻrab, „isyonchi guruh“ aʼzolarini qoʻlga olish uchun yuboriladi. Remer va uning askarlari Stauffenberg egallab turgan Mudofaa vazirligi binosini oʻrab oladi. Qisqa otishmadan soʻng guruh aʼzolari taslim boʻladi. Shu kechaning oʻzida Polkovnik Stauffenberg va general Olbricht otib tashlanadi.

22-iyul kuni Gitlerning radio orqali xalqga murojaati[tahrir | manbasini tahrirlash]

22-iyul kuni Gitler xalqga radio orqali murojaat bilan chiqadi: „Bir nechta mayda jarohat, koʻkarish va kuyishdan boshqa hech qanday zarar koʻrmadim. Bularning barchasini ilohiy bir inoyatning tasdigʻi deb bilaman. Men hayotim maqsadiga erishish uchun toʻxtagan joyimdan yana davom etaman. Xalqim oldida qasam ichib aytamanki, bu urushning oldini olib bo‘lmaydi va uni kechiktirib ham bo‘lmaydi.“ „ …Har bir nemis fuqarosining asosiy burchi bunday jinoiy toʻdalarni qoʻlga olishdir. Ular qarshilik koʻrsatgan taqdirda esa hech qanday shafqat qilmasdan oʻldirishlari shart“.[1]

Guruh aʼzolarining keyingi taqdiri.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Guruh yetakchilari oʻldirilgach, bu harakatda ishtirok etgan boshqa kishilarni qoʻlga olish uchun Gestapo surushtiruv ishlarini olib boradi. 7 mingdan ortiq kishi tergovga chaqiriladi. General Tresckow ertasi kuni oʻrmonda oʻz joniga qasd qiladi. Marshal Witzleben, shuningdek, yana 5 ming kishi oʻlimga hukm qilinadi. Zahira qoʻshin qoʻmondoni Frommning bu voqealarda ishtiroki bir necha oydan soʻng ayon boʻladi va 1945-yilning 12-mart kuni oʻlimga hukm qilinadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 https://www.history.com/this-day-in-history/hitler-to-germany-im-still-alive |"Hitler to Germany: „I’m still alive.“|" HISTORY. A&E Television Networks. 16 Kasım 2009.| 7 Mart 2010 tarihinde kaynağından arşivlendi.| Erişim tarihi: 24 Nisan 2020.|
  2. Encyclopedia of Contemporary German Culture, "The heroes of West German accounts at this time were the men involved in the largely conservative, nationalist resistance of the July Plot of 1944. It was not until much later that a new generation of left-liberal historians pointed out just how little many of those involved in the July Plot actually sympathized with or understood democratic ideas. John Sandford. 2013.
  3. Kaminski, Joseph. „The Plots to Kill Hitler“.
  4. Peter Hoffmann (2007). „Oberst i. G. Henning von Tresckow und die Staatsstreichpläne im Jahr 1943“ [Major General Henning von Tresckow and the coup plans in 1943] (PDF). Vierteljahrshefte für Zeitgeschichte (nemischa). № 2. 331–364-bet. 28 July 2018da asl nusxadan (PDF) arxivlandi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ingliz tilida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nemis tilida[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hoffmann, Peter. Widerstand, Staatsstreich, Attentat. Der Kampf der Opposition gegen Hitler, (reissue), Munich: Montserrat, 1985. 
  • Jacobsen, Hans-Adolf (Hrsg.). Spiegelbild einer Verschwörung. Die Opposition gegen Hitler und der Staatsstreich vom 20. Juli 1944 in der SD-Berichterstattung. Geheime Dokumente aus dem ehemaligen Reichssicherheitshauptamt, Stuttgart, 1984. 
  • Page, Helena. General Friedrich Olbricht: Ein Mann des 20. Julis. Bonn: Bouvier Verlag, 1993. ISBN 3-416-02514-8. 
  • Rüthers, Bernd. Spiegelbild einer Verschwörung – Zwei Abschiedsbriefe zum 20 July 1944. Juristenzeitung 14, 2005 — 689–698 bet. 
  • Ueberschär, Gerd Rolf (2004). „Auf dem Weg zum 20. Juli 1944, Motive und Entwicklung der Militäropposition gegen Hitler“. From Politics and Contemporary History (APuZ) (nemischa). B 27-jild. Juristenzeitung 14. 689–698-bet.