Kontent qismiga oʻtish

Valaja jangi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Valaja jangi
Musulmonlarning Eronga istilosi hamda
Xolid ibn Valid yurishlarining bir qismi
Sanalar 633-yil may
Urush yeri Mesopotamiya
Natija Roshidun xalifaligining gʻalabasi[1]
Qoʻmondonlar
Roshidun xalifaligi Sosoniylar imperiyasi
Xristian arab ittifoqchilari
  • Andarzagʻar 
  • Bahman Jaduya
Kuchlar
15,000[2] 15,000–30,000[3][4]

Valaja jangi (arabcha: معركة الولجة) – 633-yil may oyida Mesopotamiyada Xolid ibn al-Volid va al-Musanno ibn Horisa boshchiligidagi Roshidun xalifaligi qoʻshini hamda Sosoniylar imperiyasi va uning arab ittifoqchilariga qarshi kechgan jang.

Islom paygʻambari Muhammad 632-yil 8-iyunda vafot etdi va Abu Bakr Siddiq birinchi xalifa sifatida uning oʻrniga oʻtirdi. Abu Bakrning xalifali k davri 27 oy davom etgan. Bu davr mobaynida u butun Arabiston boʻylab arab qabilalarining isyonini bostirib, murtadlikka qarshi yurishda gʻalaba qozongan va Madinaning Arabistondagi hokimiyatini tiklagan. Isyonlar bostirilgandan soʻng Abu Bakr Sosoniylar va Vizantiya imperiyasi yangi musulmon davlatining chegaralariga tahdid solayotganini anglab yetdi. Bu hol oxir-oqibat isyonga aylanishini tushungan holda Abu Bakr Sosoniylar va Vizantiya imperiyasiga qarshi yurishlarini boshlab yubordi.

Ridda urushlaridan keyin musulmon qabilalarining yetakchilaridan biri Iroqdagi Fors chegara shaharlariga hujum qildi. Bu bosqinlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan soʻng, Abu Bakr xalifalikni kengaytirishni reja qildi va avvalo oʻsha paytda Sosoniylar tasarrufida boʻlgan Iroqni nishonga oldi. Abu Bakr uchun bu yurishda magʻlubiyatga uchramaslik juda muhim edi, chunki magʻlub boʻlgan taqdirda, bu holat Sosoniylarning harbiy qudrati haqidagi qoʻrquvni tasdiqlab, yanada kuchaytirishi mumkin edi. Shuni inobatga olgan holda Abu Bakr Fors qoʻshinlariga qarshi jang qiluvchi qoʻshin faqatgina koʻngillilardan iborat boʻlishi kerak degan qarorga keldi va qoʻshinga oʻzining eng mohir sarkardasi Xolid ibn al-Volidni qoʻmondon etib tayinladi.

Musulmonlar 633-yil aprel oyida Sosoniylar Fors imperiyasiga bostirib kirishdi va ketma-ket ikki jangda – Zanjir jangi hamda Daryo jangida Sosoniy qoʻshinlarini magʻlubiyatga uchratdi. Xolidning asosiy rejasi forslarga imkon qadar koʻproq talofat yetkazish edi. Shuningdek, u oldinga harakatlanishda iloji boricha kamroq qarshiliklarga duch kelishni koʻzladi, asosiy maqsadi esa al-Hirani egallash edi.

Sosoniylar qoʻshinlarining toʻplanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daryo jangidan soʻng, Xolid boshchiligidagi Roshidun xalifaligi qoʻshini yana bir bor Hira tomon yurish qildi. Shu bilan birga, Daryo jangidagi magʻlubiyat xabari Ktesifonga yetib bordi. Magʻlubiyatga uchragan fors qoʻshinlari qoʻmondonlari Sosoniylar saroyida eng tajribali va eng hurmatga sazovor shaxslar hisoblanardi. Sosoniylar imperatori Yazdigard III yana ikki qoʻshin toʻplashni buyurdi[5].

Yazdigard IIIning buyrugʻiga binoan sosoniylar qoʻshinlari poytaxtda toʻplana boshladilar. Ular Vizantiya imperiyasi bilan gʻarbiy chegarani qoʻriqlayotganlardan tashqari barcha shahar va garnizonlardan tashrif buyurishdi. Bir necha kun ichida birinchi qoʻshin jangga tayyor boʻldi. Sosoniylar musulmonlarning Furot daryosi boʻylab shimoliy-gʻarbiy Iroqqa yoʻl olishini kutgan edi, chunki ular magʻlubiyatga uchragan taqdirda musulmonlar sahroga chekinish imkoniyatiga ega boʻlishlarini bilardi. Musulmon qoʻshinining gʻarbga qarab harakatlanishini kutgan Yazdigard III Xolid ibn al-Volidni toʻxtatish va uning qoʻshinini yoʻq qilish maqsadida Valajani jang maydoni sifatida tanladi. Ktesifonga toʻplangan yangi sosoniy qoʻshinlarining birinchisi Xuroson viloyati hokimi Andarzagʻar qoʻmondonligiga topshirildi. Andarzagʻarga qoʻshinni Valajaga yetkazish va u yerda ikkinchi qoʻshin bilan birlashish buyrugʻi berildi. Andarzagʻar Ktesifondan yoʻlga chiqib, Dajlaning sharqiy qirgʻoqlari boʻylab harakatlandi, Qashqarda Dajlani kesib oʻtib, janubi-gʻarbga, Valaja yaqinidagi Furot daryosi tomon yurdi. Furotni ham kesib oʻtib, Valajada oʻz qarorgohini qurdi.

Valajaga yoʻl olgan fors qoʻmondoni oʻz bayrogʻi ostida jang qilishga tayyor minglab arab jangchilarini ham safarbar qildi[6]. U, shuningdek, Daryo va Zanjir janglarida magʻlubiyatga uchragan qoʻshinning qolgan askarlarini ham oʻz nazoratiga oldi. Valajaga yetib borgach, bir necha kundan keyin unga qoʻshilishi kerak boʻlgan Bahmanni kutib turdi. Bahman ikkinchi qoʻshin qoʻmondoni va Sosoniylar harbiy iyerarxiyasining yuqori shaxslaridan biri edi. Imperator unga ikkinchi qoʻshin bilan Valajaga borishni va u yerda Andarzagʻar bilan birlashishni buyurgan edi. Rejaga koʻra, Bahman ikkala qoʻshin ustidan qoʻmondonlikni oʻz qoliga olib, son jihatdan kam boʻlgan Roshidun qoʻshinini bir katta jangda tor-mor qilishi lozim edi. Bahman Andarzagʻardan boshqa yoʻnalishda harakatlandi[7]. U Ktesifondan janubga, ikkita daryo oraligʻidan Valajaga qarab yurdi, ammo birinchi qoʻshin yoʻlga chiqqanidan bir necha kun keyin safarga otlangani sababli kechikishlar yuz berdi.

Musulmon qoʻshini tayyorgarligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daryo jangi musulmonlar uchun muhim gʻalaba boʻldi. Musulmonlar kichik talofat koʻrgan boʻlsa-da, sosoniylarning yirik qoʻshinini magʻlub etib, katta oʻlja olishga muvaffaq boʻldilar. Bu vaqtda Xolid ibn al-Volid yaxshi samara beruvchi aygʻoqchilar tarmogʻini tashkil qilgan edi. Aygʻoqchilar forslarga dushman boʻlgan mahalliy arablar edi. Ular Xolidni Valaja hududida yangi Sosoniy qoʻshinlarining toʻplanishi va ularning son jihatdan ancha ustunligi haqida xabardor qildilar. Xolidning maqsadi al-Hiraga yetib borish edi, Valaja esa aynan oʻsha hududga yetib olish uchun bosib oʻtiladigan yoʻnalishida joylashgan edi.

Xolid taxminan 15 000 ga yaqin qoʻshin bilan al-Hira tomon yoʻl oldi va katta bir botqoqning janubiy chekkasi boʻylab tez sur’atda harakatlandi. Xolidning qoʻshini Bahman kutganidan bir necha kun oldin yetib kelib, Valaja yaqinida qarorgoh qurdi. Oldingi janglardan qochgan sosoniy forslarning katta qismi yana qurol koʻtardi. Zanjir jangidan omon qolganlar Qarinning qoʻshini bilan birlashib, Daryo jangida ishtirok etdi. Daryo jangida omon qolganlar Andarzagʻar qoʻshini tarkibiga kirib, Valajada qarorgoh qurib turishdi. Musulmonlar jangda ikkita qiyinchilikka duch keldilar, biri strategik, ikkinchisi taktik.

  1. Strategik: Sosoniylarning ikkita qoʻshini birlashib, musulmonlarga qarshi jang qilishga tayyorlanayotgan edi[8]. Bu muammoni hal qilish uchun musulmonlar bosh qoʻmondoni Xolid ibn Valid tezkor harakat qilishga qaror qildi. Rejaga koʻra, u birinchi navbatda Andarzagʻarning qoʻshinini magʻlub etishi, keyin esa Bahman qoʻshinini jangga kirishidan oldin yoʻq qilish kerak edi. Bu orqali musulmonlar ikkita qoʻshin bilan bir vaqtning oʻzida kurashmaslikka harakat qildi. Xolidning maqsadi imkon qadar tezroq Andarzagʻarning qoʻshinini yoʻq qilish va Bahman qoʻshinining yetib kelishini kutmaslik edi.
  2. Taktik: dushmanning jang maydonidan qochib, qayta toʻplanib, jangni davom ettirishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Buni amalga oshirish uchun Xolidning rejasi sosoniylar qoʻshinini jang maydonida tuzoqqa ilintirish va yoʻq qilish edi.

Urush oqibati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sosoniy forslarining yana bir qoʻshini va ular bilan ittifoq tuzgan nasroniy arablar Ullays jangida toʻliq yoʻq qilindi, shundan soʻng musulmonlar Mesopotamiya poytaxti Hirani 633-yil may oyining oxirida egallab olishdi. Keyinchalik al-Anbor zabt etildi va Ayn-at-Tamrning muvaffaqiyatli qamal qilindi. Asosiy shaharlarning qulashi bilan Ktesifondan tashqari butun Janubiy va Markaziy Iroq musulmonlar nazoratiga oʻtdi. 634-yilda Abu Bakr Xolid ibn al-Volidga Vizantiya imperiyasining bosqiniga qoʻmondonlik qilish uchun qoʻshinining yarmi bilan Suriyaga borishni buyurdi. Al-Musanno ibn Horisa ash-Shayboniy Xolidning vorisi sifatida qoldirildi. Sosoniylar oʻzlarining yangi imperatori Yazdigard III qoʻl ostida yangi qoʻshin toʻpladilar va Koʻprik jangida musulmonlarni magʻlub etib, Iroqda baʼzi yoʻqotilgan hududlarni qaytarib oldilar. Iroqning ikkinchi istilosi Saʼd ibn Abu Vaqqos boshchiligida amalga oshirildi. U 636-yilda Qodisiya jangida sosoniylar qoʻshinini magʻlub etib, Ktesifonni qoʻlga kiritdi. 641-yilgi Nihovand jangidan keyin xalifa Umar Fors imperiyasiga butunlay yangi bir bosqinchilik amalga oshirildi[9].

  1. Crawford, Peter. The War of the Three Gods: Romans, Persians and the Rise of Islam (en). Pen and Sword, 2013-07-16. ISBN 978-1-4738-2865-0. „Perhaps only the defeat at Walaja and the fall of Hira saw to it that Yazdgerd and his generals began to take the business of the Arabs more seriously.“ 
  2. Akram 1970, s. 158.
  3. Akram 1970.
  4. Crawford 2013, s. 104.
  5. The Challenge to the Empires By Khalid Yahya Blankinship, Ṭabarī, pg.
  6. Iraq After the Muslim Conquest, by Michael G. Morony, pg.
  7. The Challenge to the Empires By Khalid Yahya Blankinship, Ṭabarī, pg.
  8. Annals of the Early Caliphate By William Muir, pg.
  9. See:Islamic conquest of Persia.