Kontent qismiga oʻtish

Umumiy tilshunoslik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Umumiy tilshunoslik — tilshunoslikning, xususiy tilshunosliklardan farqli ravishda, tilni umuman insonga xos hodisa, insonning ajralmas qismi sifatida oʻrganuvchi boʻlimi. Umumiy tilshunoslikning asosiy vazifasi dunyo tillariga xos eng umumiy belgi—xususiyatlarni aniqlash va yoritishdir. Bu vazifa ayrim tillar va til guruhlari yuzasidan kuzatishlarni umumlashtirish; til qurilishining, tabiiy va mashina tillari semantikasi va sintaksisining, shuningdek, fonetikaning (faqat tabiiy tillarda) eng umumiy, universal qonuniyatlarini aniqlash orqali hal etiladi. Xususiy tilshunoslik esa oʻz urganish manbaiga koʻra ayrim bir tilga (rusistika), biror tillar guruhi yoki oilasiga (romanistika, turkiyshunoslik), bir mintaqa yoki tipiologik guruhga mansub tillarga (bolqonshunoslik, kavkazshunoslik) xos xususiyatlarni oʻrganadi.

Umumiy tilshunoslik barcha tillarning umumiy (yoki statistik jihatdan ustun boʻlgan) belgilarini tipiologiya yordamida empirikinduktiv tarzda; tilning amal qilishidagi umumiy (har qanday jamoaga mansub kishilar uchun ahamiyatli boʻlgan) qonuniyatlarni oʻrganish orqali esa deduktiv tarzda ham aniqlab beradi. Umumiy tilshunoslik, shuningdek, tilning sathlarga boʻlinishiga qarab hamda muayyan boʻlimning til belgisi (soʻz) va matn (fikr, gap)ning u yoki bu tomoniga moyilligiga qarab ham tilshunoslik boʻlimlarini ajratib koʻrsatadi (maye. umumiy fonetika, umumiy morfologiya).

Umumiy tilshunoslik fani doirasida tilning tabiati va mohiyati, til va tafakkur, til va nutq, tilning tarkibiy tuzilishi, til tizimini anglash, tilning paydo boʻlishi va rivojlanishi, yozuvning paydo boʻlishi, tillarning morfologik (tipologik) va genealogik tasnifi, tillarni ilmiy oʻrganish metodi, tilda shakl va mazmun kabi muammolar oʻrganiladi. Bulardan til va nutq, tilni tekshirish metodi, tilda shakl va mazmun muammolari „Umumiy tilshunoslik“ fani nomi bilan, kirilgan muammolar esa „Tilshunoslikka kirish“ fani nomi bilan bogʻlik. Umumiy tilshunoslikning tarkibiy qismi hisoblangan tilshunoslikka kirishda til haqida boshlangich maʼlumotlar beriladi, tilshunoslikda qoʻllanadigan asosiy ilmiy termin va tushunchalar bilan tanishtiriladi, tilshunoslikning asosiy qismlarini va xususiy tilshunoslikda oʻrganiladigan masalalarni oʻzlashtirish uchun nazariy asos beriladi. Yuqoridagilarga koʻra „Umumiy tilshunoslik“ terminini keng va tor maʼnolarda tushunish toʻgʻriroq boʻladi. Umumiy tilshunoslik tilshunoslikning boshqa ijtimoiy fanlar (adabiyotshunoslik, falsafa, tarix, arxeologiya, etnografiya, psixologiya) hamda tabiiy fanlar, xususan, biologiya va matematika bilan aloqasini ham oʻrganadi.

  • Obsheye yazikoznaniye, t. 1. Formi susheye tovovaniya, funksii, istoriya yazika, M., 1970;Usmonov S, Umumiy tilshunoslik, T., 1972.