Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ugom Chotrqol
Ugom Chotqol tog' tizmasi manzarasi

Ugom-Chotqol davlat tabiat milliy bogʻiToshkent viloyatining Boʻstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarining togʻli hududlarida joylashgan milliy bogʻ. 1990-yilda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 574,6 ming ga, shu jumladan 56,4 ming ga oʻrmonlar bilan qoplangan; archazorlar 64679 ga, shumtolzorlar 139 ga, zarangzorlar 565 ga, bodomzorlar 1670 ga, oq qayinzorlar 985 ga, yongʻoqzorlar 1424 ga, yovvoyi olmazorlar 1451 ga, doʻlanazorlar 2056 ga. Umuman milliy bogʻda 70 dan ortiq daraxt va 80 ga yaqin buta turlari oʻsadi. Oʻsimliklar turi 1000 dan ortiq. Oʻrmonlar asosan shimoliy va sharqiy qiyaliklarda. Janubiy qiyaliklar siyrak daraxtzorlar yoki qalin butazorlardan, koʻpincha yaydoq yerlardan iborat.

Milliy bogʻning hayvonot dunyosi ham har xil va boy: toʻngʻiz, togʻ echkisi, qoʻngʻir ayiq, boʻri, tulki, quyon va boshqa hayvonlar, kaklik, qirgʻovul, kaptar, burgut, zaxcha, chugʻurchuq kabi har xil qushlar bor.

Milliy bogʻ iqlimi kontinentalligi bilan ajralib turadi. Oʻrtacha harorat qishda —14,5° dan —32° gacha, yozda 33,5° dan 42° gacha yetadi. Yillik yogʻingarchilik miqdori 400 mm dan 900 mm gacha. Milliy bogʻda pastki togʻlik (900– 1500 m), oʻrta togʻlik (1500 — 2400 (2600) m), baland togʻlik (2600– 3000 m), alp (3000 m dan yuqori), subalp (3200–3800 m) poyaslari mavjud. Milliy bogʻ hududida Ugom, Koʻksuv, Chatqol, Chirchiq, Ohangaron daryolari va juda koʻp soy va soyliklar bor. Daryolar sohillari va soyliklar atroflarida oromgoxlar tashkil etilgan, suv omborlari, Chorvoq GES, Xoʻjakent GES, Gʻazalkent GESlari bor. Abdushukur Xonazarov.