Turkman madrasasi

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Turkman madrasasi
Rahmatulla toʻqsabo madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Manzil Mirzo Ulugʻbek MFY, Kemuxgaron koʻchasi
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Buxoro viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Rahmatullaboy
Homiylar Rahmatullaboy
Binokorlik 19051910-yillar
Maqomi davlat himoyasida[1]
Holati Ayanchli ahvolga kelib qolgan
Hujralar soni 34
Qurilish materiali Pishiq gʻisht, ganch, tosh

Turkman madrasasi (Rahmatulla toʻqsabo madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Madrasani tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u hozirga qadar qarovsiz va ayanchli ahvolda qolib ketgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa 1905–1910-yillarda Buxoro amirligi poytaxtining Kemuxtgaron guzarida[2], oʻzbek hukmdori Abdulahadxon (1885–1910) hukmronligi davrida, Rahmatullaboy qorovulbegi turkman mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Rahmatullaboy turkman qorakoʻl terisi bilan tadbirkorlik qilgan. Buxoroga Chorjoʻydan kelib qolgan[3], amirlikning qorovulbegi va toʻqsabo unvonlarida boʻlgan. U qurdirgan madrasa 34 ta hujradan iborat boʻlgan[2].

Sovetlar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng, madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.

2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2011-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, konstruktiv mustahkamlash, tiklash va taʼmirlash, dekorativ bezaklarini restavratsiyalash va konservatsiyalash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 100 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsada[4], madrasa hozirga qadar ayanchli ahvolda qolib ketgan[2].

Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan boʻlib[1], undan kelajakda turistik xizmat koʻrsatish obʼekti sifatida zamonaviy foydalanishga topshirish rejalashtirilgan[4].

2020-yil maʼlumotlariga koʻra, Turkman madrasasining butligini saqlash, uning holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha investor tomonidan loyiha taqdim etilgan. Madrasaning negizida turistik xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha tayyorlanib, Oʻzbekiston Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan[5].

Buxoro shahridagi Mirzo Ulugʻbek MFYga qarashli Kemuxgaron nomdagi koʻchada joylashgan[1].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan, 34 ta hujradan iborat[3]. Peshtoqi koshin parchinlar bilan bezatilgan.

Madrasa eshigining tepasida marmar lavh bor. Unda 2 ustunli 7 qator sheʼr yozilgan. Marmar lavh darz ketib, 3 boʻlakka ajralgan. Oʻrtada katta qoziqning chuqur izi qolgan. Qoziq pastdan 3-satrdagi yozuvlarga zarar yetkazgan. Lavhdagi bitikda ushbu madrasa turkmanlar faxri boʻlmish Rahmatullaboy qorovulbegi amir Abdulahadxon davrida qurdirgani yozilgan. Pastki satrning tagida hijriy 1329-yil (1910-yil) qayd etilgan. Uning Buxoroga Chorjoʻydan kelganligini ushbu lavhdagi yozuvlar ham tasdiqlaydi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (4 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 15-iyul, 2022-yil(2022-07-15) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]