Tuproq gorizonti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tuproq kesmasidagi gorizontlar

Tuproq gorizonti (tuproq qatlami) — tuproqning rivojlanish jarayonida tabiiy shakllangan va ajralib turgan qatlami. Maʼlum qalinlikka ega gorizontlar bir-biridan morfologik belgilari, shuningdek, fizik xossalari, mexanik, kimyoviy hamda mineralogik tarkibi bilan farq qiladi. Har bir qatlam tuproqning hosil boʻlish va rivojlanish tarixini oʻzida yaqqol aks ettiradi. Tuproq qatlamlari majmui tuproq kesmasi (profili)ni hosil qiladi. Tuproq gorizonti bosh harflar — A, B, C, gorizontcha (qatlamcha)lar esa indeksli harflar bilan belgilanadi. Chirindi moddalari asosan, ustki chirindili qatlamda (chirindili akkumulativ yoki eluvial gorizont deb atalib, A harfi bilan belgilanadi) hosil boʻlib, toʻplanadi va baʼzi tuproqlarda suvda eriydigan mineral hamda organik moddalar bu qatlamdan yuviladi, tuproqning mineral qismi yemiriladi. Bundan pastda oʻtkinchi — shimilma (B; illuvial yoki metamorfik) qatlam joylashgan boʻlib, unda eluvial qatlamdan yemirilgan mineral modda mahsulotlarining yuvilgan maʼlum qismi toʻplanadi. Tuproq profili ona jins gorizonti (C) bilan chegaralanadi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]