Tuganak filchalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tuganak uzunburun qo`ng`izlaridan yoʻnaltirildi)

Tuganak filchalari (tuganak uzuntumshuq qoʻngʻizlari, tuganak uzunburun qoʻngʻizlari) (Sitona Germ.) — uzuntumshuq qoʻngʻizlar oilasining urugʻi. 45 ga yaqin turi mavjud. Uzunchoq tanasi 4–8 mm, asosan, kulrang tuproq tusda. Tuxumi oval shaklda, yaltiroq, oq tusda boʻlib, keyinchalik qorayadi. Lichinkasi oq rangli, oqish siyrak tukchalar bilan qoplangan, tanasining uz. 6–8 mm. Gʻumbagi oq. Tuganak filchalari keng tarqalgan boʻlib, dukkakli ekinlar zararkunandasidir. Asosan, bedazorlarda uchraydi. Ayniqsa, yoʻlyoʻl Tuganak filchalari, torpeshona Tuganak filchalari, ildiz Tuganak filchalari va boshqa koʻp zarar keltiradi. Tuganak filchalari bedazorlarda tuproqning yuza qatlamida, oʻsimlik qoldiklari tagida qishlaydi. Qoʻngʻizlari erta koʻklamda kunlar ilishi bilan paydo boʻladi va barglar bilan oziqlanadi, maysadagi urugʻpalla, birinchi barg hamda oʻsish nuqtasini yeb qoʻyadi. Tuxumini tuproq yuzasiga tarqoq holda, kamdankam oʻsimlikka qoʻyadi. Urgʻochisi 600—800, ayrim turlari esa 1000 tagacha va undan ortiq tuxum qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalarining beda ildizida rivojlanish davri 30—35 kun. Tuganak filchalarini chumolilar (tuxum va lichinkalarini tashib ketib), tripslar (tuxumini soʻrib) va muskardina zamburugʻi (qoʻngʻiz va lichinkalarini kasallantirib)ni yoʻq qiladi. Kurash choralari: urugʻlik bedazorni kuzda 25—28 sm chuqurlikda plug bilan (chimqirqarni qoʻymaslan) qayta haydash, ekish oldidan beda urugʻlarini 10% li namlanuvchi kvark kukuni bilan upalash, tuproqqa donador fosfamid (50 kg/ga) solish.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Tuganak filchalari“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil