Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlagi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tpacekadan yoʻnaltirildi)

Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlagi, TRACECA - Yevropani Kavkaz orkali Osiyo bilan bogʻlaydigan avtomobil va temir yoʻllari majmui. Dastlab Bryusselda 1993 yil may oyida Oʻrta Osiyo respublikalari, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya davlatlarining savdo va transport vazirlari ishtirokida oʻtkazilgan konferensiyada bu yoʻlakni qurish dasturi qabul qilingan. Konferensiyada Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalanadigan Gʻarb-Sharq yoʻnalishida Yevropadan Qora dengizni kesib oʻtib, Kavkaz, Kaspiy dengizi orqali Oʻrta Osiyo va undan Xitoyga chiqadigan transport yoʻlagini qurish boʻyicha texnikaviy hamkorlik haqida bitam imzolandi.

Dasturni amalga oshirish maqsadlari Markaziy Osiyo va Zakavkazye respublikalarining Yevropa va jahon bozorlariga muqobil transport yoʻlaklari orqali chiqishiga imkoniyat yaratish bilan ularning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qoʻllab-quvvatlash; bu respublikalar oʻrtasida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashish; bu yoʻlakni Transevropa tarmoqlari (TENs) bilan bogʻlash va b.dan iborat; Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlagi Markaziy Osiyodan yuklarni jahon bozorlariga xizmat koʻrsatadigan yirik tonnajli dengiz kemalariga yetkazib berish uchun eng qisqa va eng arzon yoʻldir. 2000 yilga qadar texnikaviy hamkorlikning 28 tadqiqoti (37 mln. yevro) va infratuzilmalarni tiklash boʻyicha 10 investitsiya loyihasi (48 mln. yevro) mablagʻ bilan taʼminlandi.

Yoʻlakni barpo qilishda yirik xalqaro moliyaviy muassasalar ishtirok etadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yoʻnalish boʻyicha portlar, temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari kapital loyihalari (umumiy miqdori 250 mln. AQSH dollari), Jahon banki Armaniston va Gruziyadagi avtomobil yoʻllari boʻyicha kapital loyihalarini (40 mln. AQSH dollari) va Osiyo taraqqiyot banki avtomobil va temir yoʻllarni takomillashtirishni moliyalash majburiyatini olgan. Yevropa Ittifoqidagi xususiy investorlar Markaziy Osiyo va Kavkazdagi transport kompaniyalari bilan qoʻshma korxonalar tashkil qilgan.

Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlning umumiy uz. 10 ming km.dan ortiq. Uning 677 km (Olot — Buxoro — Navoiy — Samarqand — Jizzax — Toshkent — Gʻishtkoʻprik yoʻnalishi) Oʻzbekiston hududidan oʻtadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mirzayev, Tohirjon. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil