Toshkent yuridik instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Toshkent davlat yuridik universiteti — xalq xoʻjaligining barcha sohalari uchun yurist-huquqshunoslar tayyorlovchi oliy oʻquv yurti. Toshkent universiteti yuridik fakulteti negizida 1991-yili tashkil topgan. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufida. Oʻquv jarayoni 2 bosqich: bakalavriat va magistratura bosqichlarida amalga oshiriladi. Institutda 3 ta huquq va ikkinchi mutaxassislik fakulteti hamda magistratura markazi, 12 ta maxsus kafedra, 9 ta ijtimoiy kafedra bor. 3370 talaba oʻqiydi. 200 dan ortiq professor oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatadi (2004). Institutda demokratik, huquqiy davlatni barpo etish, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini rivojlantirish, qonunchilik va huquqiy tartibotni mustahkamlash, aholi huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targʻibotni kuchaytirishni koʻzda tutgan muammolarga oid tadqiqotlar olib boriladi. Yuridik fanlari doktori va nomzodi ilmiy darajasini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan kengash faoliyat koʻrsatadi. 300 ming asarga ega boʻlgan asosiy kutubxona, 2 mingdan ortiq kitob jamlangan huquqiy axborot xonasi bor. Inson huquqlari va huquqiy yordam koʻrsatish klinikalari tashkil etilgan, ular aholiga bepul xizmat qiladi. Bu klinikalarda 60 dan ortiq talaba, oʻqituvchi, amaliyotchi faoliyat olib boradi. Klinika aʼzolari Polsha, Vengriya, Rossiya va boshqa davlatlardagi yuridik klinikalarda malaka oshiradilar.

Institutda "Davlat va huquq", "Oʻzbekiston qonunchiligi tahlili" yuridik jurnalilari va "Xuquqiy maʼrifat" gaz. chop etiladi. 1999 yilda institut qoshida akademik litsey tashkil qilingan. 2013-yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1990-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirildi. Shu yildan eʼtiboran Universitet yevropa standartlariga talab beruvchi modul tizimiga oʻtkazildi.