Toshkanboyevlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toshkanboyevlar - oʻzbek dorbozlari sulolasi. Oʻzbek sirkining shakllanishi va milliy dorbozlik sanʼatining rivojiga katta hissa qoʻshgan sirk sanʼatkorlari. Toshkanboy Egamberdiyev (1866.3.3 — Asaka — 1963.9.2) — sulola asoschisi. Oʻzbekiston va Rossiya (1939) xalq artisti, Mehnat Qahramoni (1937). Faoliyatini 7 yoshidan boshlab, otasi Egamberdi hoji bilan xalq bayram va sayillarida, shahar maydonlarida dorbozlik oʻyinlarini namoyish etishgan. 19-asrning 80-yillaridan boshlab mustaqil ishlagan, dorbozlik va simbozlik sanʼatini mukammal egallagan. 5–6 m balandlikdagi simdor ustida 20 dan ortiq mashqlar ijro etgan, jumladan, balandga yoki uzunasiga sakrash, oyogʻiga pichoq, lagan, mis qozon, yogʻochoyoq bogʻlab yoki baland poshnali poyabzal kiyib sim ustida yurish, boshda qaynayotgan samovar olib oʻtish va boshqa Shuningdek, 25–30 m balandlikda tortilgan qiya dor ustida murakkab mashqdarni ijro etgan, chigʻiriqsa gimnastika unsurlarini bajargan. 1908-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston sanoat va hunarmandchilik koʻrgazmasida qatnashib, "eng yaxshi dorboz va simboz" deb topilgan, oltin medal va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlangan. 1920—30-yillar Oʻrta Osiyo davlat va xususiy sirklarda ishlagan. 1935-yilda Sankt Peterburg sirkida uning rahbarligi va ishtirokida "Dorbozlar" milliy dasturi yaratilib, dor oʻyinlari ilk bor ochiq maydondan sirk gumbazi ostiga koʻchiriladi. 1942-yil oʻzbek sirki jamoasini tashkil etdi va unga rahbarlik qiddi. 1947-yil 81 yoshida soʻnggi marta dorga chiqdi. 1950—56 yillarda Toshkent sirkining badiiy rahbari.

Egamberdiyevning farzandlari: Toshkanboyev Qodirjon (1889. 15.4 Asaka 1972.15.8) dorboz. Yoshligidan milliy sirk sanʼatining turli janrlarini — besuyak, muallaqchilik, chigʻiriq oʻyini, dorbozlik, simbozlik, masxarabozlik, yogʻochoyoq va boshqalarni egallab, 1920—30 yillarda otasi bilan birgalikda davlat va xususiy sirklarda ishlagan. 1935-yildan esa "Dorbozlar" dasturida qatnashgan. Toshkanboyev Shokirjon (1906.1.5, Asaka 1965.13.4, Toshkent) — dorboz. 1950-yil uning rahbarligida Toshkentdagi "Saxnadagi sirk" birlashmasi qoshida "Oʻzbek dorbozlari" guruhi tashkil etildi va bu guruh qad. dorbozlik sanʼatini yangi pogʻonaga koʻtardi. Ilk bor dorda muhofaza vositasi — "lonja"ni ishlata boshladi va natijada anʼanaviy repertuar bir qator yangi murakkab mashklar bilan boyidi. Xususan, ochiq havodagi dor ustida "koʻprikcha" shaklida turish, yelka bilan dorga tiralib, oyoklarni tepaga choʻzish kabi tryuklarni birinchi marotaba Shokirjon ijro etdi. Rafiqasi Faxriddinova Maryam (1910—Toshkent — 1963.9.11) — Oʻzbekistondagi birinchi dorboz ayol, raqqosa. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1939). 1935—50 yillar "Dorbozlar" dasturida qatnashgan. Toshkanboyev Obidjon (1915. 1.1, Asaka — 2004.31.3, Toshkent) — dorboz. Oʻzbekiston xal q artisti (1961). 1949-yildan "Dorbozlar" dasturining rahbari. 1960—69 yillar oʻzbek sirki jamoasining badiiy rahbari. 1962-yildan Akrom Yusupov bilan birga qiziqchidorboz sifatida faoliyat koʻrsatgan. 3—7 kishi tomonidan ijro etiladigan bir qator murakkab dor oʻyinlarining muallifi va ishtirokchisi (mas., "Ikkitalik shpagat", "Uchtalik shpagat", "Obkash", "Uch pogʻonali piramida", "Toʻrt kishilik ustun" va boshqalar). Anʼanaviy dor va simdorda saltomortalening birinchi ijrochisi.

Toshkanboyev Shokirjonning farzandlari: Toshkanboyev Erkin (1929.18.7, Toshkent) — dorboz, akrobat, rejissyor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1966). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati intini tugatgan (1974). 1935-yildan "Dorbozlar" dasturida xizmat qilgan. 1969-yildan "Sahnadagi sirk" birlashmasida avval artist, soʻng bosh rejissyor (1974), direktor (1975—2002). 1991—2000-yillar "Oʻzbekdavlatsirk" Respublika birlashmasining bosh direktor oʻrinbosari. 30 dan ortiq sirk spektakllarini saxnalashtirgan: "Yaxshi odam va badjahl xon haqida ertak", "Sehrli koʻl", "Olimp kamalagi", "2000 yillik Toshkent — 1500 yillik Kiyevga", "Qizil lola", "Gulla, yashna jonajon Uzbekistan", "Doʻstlar uchrashuvi" va boshqa Anʼanaviy va zamonaviy oʻzbek sirki aks ettirilgan bu spektakllar xorijiy mamlakatlarning sahnalarida — madaniyat saroylarida, stadionlar, sirklarda namoyish etildi. "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan (2004). Toshkanboyev Erkinning farzandlari: Toshkanboyev Poʻlat (1960.3.1, Toshkent) — sirkshunos, rejissyor Toshkent teatr va rassomlik sanʼati intini tugatgan (1982). Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi (1993). 1982-yildan "Saxnadagi sirk" birlashmasi rejissyor i, 2002-yildan direktori. Toshkanboyev Murod (1964.16.6, Toshkent) — dorboz, simboz, akrobat. Akrobatika boʻyicha sport ustasi (1981). Toshkent jismoniy tarbiya intini tugatgan (1985). 1987-yildan "Saxnadagi sirk" birlashmasidagi "Oʻzbekiston dorbozlari" guruhining rahbari va ishtirokchisi.

Toshkanboyeva Anorxon (1935.9.1, Toshkent) — dorboz, rak,krsa, jurnalist. Oʻrta Osiyo universitetini tugatgan (1958). 1943—50 yillarda "Dorbozlar" dasturida ishtirok etgan. "Dorbozlar" badiiy filmi ssenariysining hammuallifi (Ya. Ilyosov bilan). Oʻgʻli Yusupov Jalol (1969.19.8, Toshkent) — dorboz, akrobat, teatr va kino aktyori. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (2002). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati intini tugatgan (1990). Akrobatika boʻyicha sport ustasi (1981). 1990-yildan Yoshlar teatri aktyori. Teatrda Trufaldino ("Malikai Turandot"), Jerond ("Zoʻraki tabib"), Tevye sutchi ("Tomdagi kamonchi"), Nasriddin afandi ("Oʻyinchi kiz Sharora"); kinoda Zokir ("Chinor ostidagi duel"), Tursunboy ("Suyunchi"), Akmal ("Havo piyodalari"), Rufat Qudratov ("Ringga chaqiriladi") va boshqa rollarni ijro etgan. Toshkanboyev Zokirjon(1946.7.9, Toshkent 2002.14.5) dorboz, akrobat, musiqachi. Toshkent madaniyat intini tugatgan (1985). 1963-yildan "Oʻzbek dorbozlari" guruxi qatnashchisi. Oʻgʻli Toshkanboyev Shokirjon (1975.24.1, Toshkent) — dorboz, akrobat. Respublika estradatsirk sanʼati studiyasini tugatgan (1991). 1991-yildan "Oʻzbekiston dorbozlari" guruhining qatnashchisi.

Toshkanboyev Obidjonning farzandlari: Toshkanboyeva Donoxon (1938.10.11. Toshkent) — dorboz, akrobat. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1964). 1947-yildan "Dorbozlar" dasturida katnashadi. 1959—75 yillarda "Voltijyorakrobatlari", "Havo gimnastlari" dasturlarida ishtirok etgan. 1985-yildan Respublika estradatsirk sanʼati studiyasi pedagogi. Qizi Toshkanboyeva Malika (1961.31.1, Toshkent) — akrobat. Moskva estradatsirk bilim yurtini tugatgan (1979). 1979-yildan "Akrobatika etyudi" ijrochisi; ugli Toshkanboyev Maxsum (1974.9.1, Toshkent) — dorboz, akrobat. Respublika estradatsirk sanʼati studiyasini tugatgan (1991). 1991-yildan "Oʻzbekiston dorbozlari" guruhining qatnashchisi.

Toshkanboyeva Mamlakat (1940.18.11, Toshkent) — dorboz, akrobat. Oʻzbekiston xalq artisti (1987). 1954-yildan "Dorbozlar" dasturida, "Havo gimnastlari", "Parterdagi uchish" tomoshasining ishtirokchisi. 1959-yildan turmush oʻrtogʻi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Roman Bley bilan "Akrobatika etyudi"ni ijro etgan. 1973— 95 yillarda "Sharq jilolari" tuya ustida akrobatlar attraksioni rahbari va ishtirokchisi. Attraksion sharqona usulda bezatilgan boʻlib, unda chopayotgan tuyalar ustida bir qator murakkab akrobatik mashklar va piramidalar ijro etilgan. Dasturda qizi Toshkanboyeva Jamila (1963.6.3, Toshkent) ishtirok etadi.

Toshkanboyev Olimjon (1945.17.1, Toshkent) — dorboz, akrobat. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1980). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati intini tugatgan (1989). "Parterdagi uchish" nomerining rahbari va ishtirokchisi (1964). 1975-yildan "Uzbekdavlatsirk" Respublika birlashmasi qoshidagi "Oʻzbekiston dorbozlari" guruhining rahbari va ishtirokchisi. Dasturda qizi Jarita (1967.3.8, Toshkent) va ugli Rustam (1975. 27.4, Toshkent) ishtirok etishadi. Guruh Xalqaro sirk sanʼati festivallarida ishtirok etib, "Mahorat va jasorat" kubogi (Belgiya, 2001) va maxsus sovrin (Gollandiya, 2002) bilan mukofotlangan.

Toshkanboyev Jumaboy (1949.25.2, Toshkent) — dorboz, akrobat, masxaraboz, havo gimnasti. 1963-yildan "Dorbozlar" dasturining, 1973-yildan "Havo gimnastlari" tomoshasining ishtirokchisi. Dasturda qizi Lola (1973.3.12, Toshkent) qatnashadi.

Toshkanboyev Alisher (1954.18.4, Toshkent) — dorboz, akrobat. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1987). 1965-yildan "Dorbozlar" dasturining ishtirokchisi. 1975-yildan Toshkanboyeva Mamlakat rahbarligidagi "Sharq jilolalari" tuya ustida akrobatlar attraksionining qatnashchisi. 2000-yilda Sankt-Peterburg sirki qoshida "Shark jilolari" attraksionini qayta tiklab, tuyalar ustida ijro etiladigan murakkab akrobatika mashqlari bilan boyitdi. Dasturda oʻgʻli Sindbad (1980.11.3, Toshkent) katnashadi.

Toshkanboy Egamberdiyevning nabirasi (Barnoxon Toshkanboyevaning oʻgʻli) Toshkanboyev Kamoliddin (1927.28.10 — Asaka — 1991.13.10) — dorboz, simboz, akrobat. Oʻzbekiston xalq artisti (1980). Dorbozlik va simbozlik sanʼatini buvasidan urgangan. 1935-yildan "Dorbozlar" dasturining qatnashchisi. 1965—1991-yillarda "Sahnadagi sirk" birlashmasi qoshidagi "Oʻzbek dorbozlari" guruhining rahbari va qatnashchisi. Anʼanaviy dorbozlik repertuariga birmuncha oʻzgarishlar kiritdi. Qiya tortiladigan dor oʻrniga gorizontal dor ishlatilganligi natijasida yakka mashklar bilan bir qatorda, 2—4 kishi ijro etadigan murakkab oʻyinlar ham kiritilgan. Xususan, "Obkash", "Uch kishilik ustun", "Bosh ustida shpagat", dorda oʻmbaloq oshish, dorda utirgan dorboz ustidan sakrab utish kabi mashklar ochiq havoda ilk bor namoyish etildi. 2 va 3 pogʻonali dor ustida turli mashqlar uzlashtiriddi. Simbozlik sanʼatining rivojlanishiga ham katta hissa qoʻshgan va simdor oʻyinlarini ijro etgan. Oʻgʻli Tohir (1961.9.2, Toshkent) — dorboz, simboz, akrobat, 1991-yildan "Oʻzbek dorbozlari" guruhining rahbari va ishtirokchisi. 1995-yilda Toshkentda 1Markaziy Osiyo oʻyinlarini tantanali ochilish marosimida qatnashib, sport tarixida birinchi marta olimpiya mashʼalini dor ustidan olib oʻtdi.

T. sulolasi vakillari oʻz sanʼatlarini Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning 30 dan ortiq mamlakatlarida namoyish etishdi. Toshkent davlat sirki va Asaka madaniyat va istirohat bogʻiga Toshkanboy Egamberdiyev nomi berildi. Milliy sirk sanʼatini rivojlantirish va uni jahon maydoniga olib chiqish maqsadida 1995-yil Toshkanboy Egamberdiyev nomidagi Xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashkil etildi. T. "Ikkinchi xotin" (1927), "Mardlar maydoni" (1953), "Dorbozlar" (1965), "Ikki dil dostoni" (1966), "Havo piyodalari" (1980), "Toʻylar muborak" (1982) filmlarida qatnashgan. T. haqida "Sahnada — oʻzbek sirki" (Germaniya), "Maydonda — milliy sirk" (Rossiya), "Dorboz Toshkanboyevlar", "Oʻzbek sirki", "Tomosha davom etadi" hujjatli filmlari ishlangan. Hozirgi kunda T. sulolasining beshinchi va oltinchi avlodi faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Obidov T., Dorbozlar qissasi, T., 1966.

Poʻlat Toshkanboyev.