Bolbollar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tosh maʼbudlardan yoʻnaltirildi)

Bolbollar, tosh maʼbudlar — tosh haykallar yoki tosh taxtalarga boʻrttirib ishlangan odam tasviri. Markaziy Osiyo, Tuva, Oltoy, Janubiy Sibir, Moʻgʻulistonning turkiy xalqlar yashagan dashtlaridagi tepaliklarga oʻrnatilgan. Ohangaron vodiysidan topilgan erkak shakli boʻrttirib ishlangan tosh taxta muhim ahamiyatga ega. B. asosan 6—8-asrlarda, baʼzi yerlarda 12-asrgacha rasm boʻlgan. B.ni ilmiy jihatdan oʻrganishga V. V. Bartolʼd, N. I. Veseldvskiy asos solishgan.

B. qabrlar, shuningdek maxsus tepaliklarga oʻrnatilgan. Ular asosan erkak, ayrim hollarda ayol haykallari boʻlgan. Koʻpchilik B. qoʻlida idish ushlagan qurolli erkak shaklida tasvirlangan. Baʼzi olimlar B. oʻlgan odam (jumladan qabila zodagoni) ning, ayrimlari esa oʻldirilgan dushmanning tasvirini anglatadi deb hisoblaydilar.

B.ga topinish va ular oldida turli marosimlarni oʻtkazish ajdodlar ruhiga sigʻinish bilan bogʻliq. B.ni oʻrganish turkiy xalqlarning ijtimoiy tuzumi, urfodatlari, sanʼati, tarixi kabi masalalarni tushunishda katta yordam beradi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil