Tork

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Torklardan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Tork (uz, gʻuz)Markaziy Osiyolik oʻgʻuzlar qabila uyushmasidan ajrab chiqib, Volgaboʻyi va Janubiy Rus dashtlariga borib joylashgan koʻchmanchi turkiy qabila.

Rus yilnomalarida torki (turklar) deb yuritilgan ushbu qabila nomi Vizantiya manbalarida uz shaklida uchraydi. Shuningdek, rus yilnomalarida torklar "chernie klobuki" ("qora qalpoqlilar") tarzida ham tilga olinadi. Torklar 860—870-yillarda Volgaboʻyi, Janubiy Rus dashtlarida hukmron boʻlgan turkiy pecheneglarni (bijanaqlarni) yengib ularning oʻrnini egallaydi va Kiyev Rusi davlatiga katta tahlika tugʻdiradi. IX asr oxirlarida ular Don daryosidan Dneprgacha choʻzilgan Qora dengiz boʻyidagi keng dashtlarni egallaydi. Baʼzan tork xonlari Kiyev Rusi bilan ittifoqchilikda qoʻshni qabilalarga qarshi harbiy yurishlarda qatnashgan. Jumladan, knyaz Vladimir I bilan birgalikda 985-yil Volga bulgʻorlariga qarshi jangda ishtirok etganliklari rus yilnomalarida qayd etiladi. 1036-yilda pecheneglarning yengilib, Janubiy Rossiya dashtlaridan chekinishlarida torklarning xizmati katta boʻladi. 1048-yildan boshlab esa torklarning bir qismi Kiyev Rusining ittifoqchisi sifatida Kiyev atroflariga koʻchgan. Biroq, rus knyazlari birlashib, torklarni bu yerdan siqib chiqarishga muvaffaq boʻladi. 1060-yil toʻsatdan uyushtirilgan hujum natijasida magʻlubiyatga uchragan torklar gʻarbga chekinadi. Baʼzi Vizantiya tarixchilari ularning 600 ming kishi boʻlganligini qayd etadi. torklar 1065-yilda Vizantiya va Dunay bulgorlari qarshiligini sindirib, Dunay daryosini kechib oʻtadi va Bolqondagi Trakiya va Makedoniyani talon-taroj qilib, Saloniki va Peloponnesgacha yetib boradi. Lekin, oʻsha paytda yuz bergan qattiq sovuqdan qirilgan torklar ustiga-ustak pecheneglarning hujumlari natijasida katta yoʻqotishga uchraydi. Bir qism torklar 1068-yil Vengriyaga qarshi harakat qiladilar. Ortiq siyosiy kuch sifatida ahamiyatini yoʻqotgan torklarning bir qismi Vizantiya qoʻshiniga olinadi. Ular qisman Bolqonda turli joylarga tarqaladilar, bir qismi esa Janubiy Rusga qaytib, Kiyev atrofida joylashadi. Ular bu yerda asrlar davomida slavyanlashib ketadi. Sharqiy Yevropada tork etnonimi bilan bogʻliq koʻplab joy nomlari saqlanib qolgan. Jumladan, Torchev, Torchesk shaharlari, Torki, Torchin, Torchitsoʻ, Torkov, Torkin qishloqlari, Torch, Torcha irmoqlari va shunga oʻxshash boshqa joy nomlari tork (turk) qabilasi bilan aloqadordir.

Torklarning bir qismi Markaziy Osiyoda qolib (ular bu yerda uz deb yuritiladi), bu yerdagi bir necha turkiy xalqlar shakllanishida ishtirok etadi. Jumladan, ular oʻzbek xalqi etnik shakllanishida qatnashib, keyingi asrlargacha oʻz etnik nomini saqlab qoladi. Xususan, uz etnonimi "92 oʻzbek urugʻi" roʻyxatidan joy olgan. Shuningdek, Oʻzbekistonning bir necha viloyatlarida (Qashqadaryo, Samarqand) uz urugʻi vakillari yashaydigan qishloqlar vujudga kelgan. Ularning asosiy qismi hozirda Qarshi choʻlining Koʻkdala, Oʻtamayli, Xushali, Shoʻrbozor, Xarduri, Alotun kabi qishloqlarda yashaydi[manba kerak]. Ular oʻzlarini mahalliy tilda "toʻrt daha iz" deb ataydi. Chunki ular bir otaning 4 ta oʻgʻlidan[manba kerak].