Toʻzonli boʻron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(To'zonli bo'rondan yoʻnaltirildi)

Toʻzonli boʻron — millionlab tonna qum va changni bir necha ming km gacha uchirib boruvchi kuchli (20 m/sek va undan ortiq) shamol; xavfli gidrometeorologik hodisa. Toʻzonli boʻron, odatda, choʻl, chala choʻl va haydalgan dashtlarda tuproq qurib ketganda, oʻsimliklar yaxshi rivojlanmagan yoki butunlay oʻsmagan yerlarda, qum sahrolarida paydo boʻladi. AQSH, Xitoy, Misr, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda, shuningdek, Oʻrta Osiyoda yuz beradi. Toʻzonli boʻron, odatda, yilning iliq faslida vujudga kelib, koʻpincha qum va chang toʻzonini uchirib keltiradi. Oʻrta Osiyo hududida Toʻzonli boʻron kunlari koʻproq Markaziy Qoraqumda va Kopetdogʻ togʻ oldi mintaqalarida kuzatiladi (yil davomida 100 kungacha, baʼzan undan ortiq). Toʻzonli boʻron (yil davomida 50 kundan ortiq) Orol dengizining qurigan tubi zonasida, Oʻzbekistonning jan. mintaqalari (Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining ayrim tumanlari)da, Markaziy Fargʻonada, Tojikistonning jan. va boshqa joylarida kuzatiladi. Toʻzonli boʻron, koʻp hollarda, 3 soatdan koʻp davom etmaydi, lekin baʼzida bir necha sutkaga choʻzilishi mumkin (1950-yil 6—9-mayda Nebitdogʻda 73 soat davom etgan). Toʻzonli boʻronning zararli taʼsirini dala ihota oʻrmonzorlari barpo etib kamaytirish mumkin. Bundan tashqari, qumlarni mustahkamlashning turli usullari qoʻllaniladi (qarang Agrooʻrmon melioratsiyasi). Shuningdek, katta maydonlardagi dasht va chala choʻl massivlarni xoʻjalik maqsadlarida oʻzlashtirilishi, yirik sugʻorish sistemalari, obod va koʻkalamzorlashtirilgan posyolka, shaharlar (Janubiy Mirzachoʻl, AmuBuxoro, Krraqum, Qarshi kanallari zonalari va boshqalarda) qurilishi, qumlarni mustahkamlaydigan choratadbirlar qoʻllanilishi sababli bu joylarda Toʻzonli boʻron esadigan kunlar ancha kamaydi.