Toʻychi hofiz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(To'ychi Hofizdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Toʻychi hofiz, Toshmuhamedov Mulla Toʻychi (1868 — Toshkent— 1943.1.6) — xonanda, oʻzbek ashulachilik sanʼatining yirik namoyandasi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1927). Eski maktabda oʻqigan (1878—84). Hofiz, Navoiy, Mashrab, Bedil, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning ijodi bn yaqindan tanishib, ularning gʻazallari bn ashulalar ijro etgan. Toʻychi hofiz yoshligidan amakisi Qoʻchqor otadan ashula aytish sirlarini oʻrgangan. Taniqli hofizlardan Abduqahhor, Saidahmad, Nazirxonlar bn hamnafaslikda "Qoʻshiq bazmi" kechalarini tashkil etgan. Dastlabki repertuaridan "Ey dastai gul, marhabo", "Figʻon", "Shitob aylab" kabi ashulalar oʻrin olgan. Shojalil hofiz, Shobarot tanburchi joʻrligida "ShahnozGulyor" ashulalar turkumi Toʻychi hofizga shuhrat keltirgan (1890). Keyinchalik uning dovrugʻi Turkiston oʻlkasining hamma shaharlariga taralgan.

Toʻychi hofiz oʻzi ijro etgan ashulalarni birinchilar qatori gramplastinkaga yozdirgan, "Grammofon" jamiyatining "Pishuhiy Amur" firmasi (Riga, 1905; Skobelev, 1911) undan 25 ta ashula, jumladan, "Ilgʻor", "Xisrav", "Suvora" (uchalasi ham 2 qismli), "Bobo Ravshan", "Yangi kurd", "Avji kurd" va boshqalarni yozib olgan. Toʻychi hofiz 1908—10 yillarda Fargʻona vodiysidan boʻlgan Adolatxon, Mozidaxon kabi ayol xonandalar ijrosidagi koʻshiqlarni ham birinchi marta gramplastinkaga yozdirgan. Uning tashabbusi bn Andijon, Fargʻona, Xoʻjand va boshqa shaharlarda grammofon va plastinka doʻkonlari tashkil etilib (1906—12), ularda uzbek, rus va boshqa tillarda kuy, qoʻshiq va ashulalari yozilgan plastinkalar sotilgan.

Toʻychi hofiz Eron, Turkiya, Italiya, Misr, Hindiston (1900)da va Sharqiy Turkiston (1913—14) sh.larida boʻlib, oʻz ijrochilik mahoratini namoyish qilgan. Oʻzbekistonda mahalliy xalq musiqa ansambllari tashkil etishda, 1920 y. larda sahnalashtirilgan "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun" spektakllariga musiqa tanlashda faol ishtirok etgan. 1927 yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Radioqoʻmitasi oʻzbek xalq cholgʻu ansamblida ustoz xonanda, shuningdek, Oʻzbek davlat filarmoniyasining yetakchi xonandasi boʻlgan. Toʻychi hofiz aytgan oʻzbek mumtoz ashulalari — "Bayot", "Figʻon", "Ushshoq", "Segoh", "Girya", "Ilgʻor", "Suvora", "Chorgoh", "Koʻcha bogʻi", "Taronai Dugoh" ("Dugohi Xusayniy" turkumining taronasi) va boshqa oʻzbek musiqa madaniyatida muhim oʻrin tutadi. Toʻychi hofiz ashulalari talqin etilishi, jumlalarining maromiga yetkazib aytilishi, qochirimlarga boyligi, oʻzbek musiqa anʼanasidagi mumtoz ijro uslubi, ovozning kuchliligi bn oʻziga xosdir. Ayniqsa, noyob zebolik bn Navoiy gʻazali ("Qaro koʻzum")ga ijro etgan "Ushshoq" hofizlik sanʼati yuksak namunasiga aylangan. Toʻychi hofiz Moskvada oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi (1923) va Oʻzbek sanʼati dekadasi qatnashchisi (1937).

Toʻychi hofiz repertuaridagi ashula matnlarining koʻpi shoir Xislatning "Armugʻoni Xislat" (T., 1912) bayoziga kiritilgan va bularning qaysi kuyda ijro etilishi ham koʻrsatilgan. Ittifoq radioqoʻmitasi Toʻychi hofizdan "Bayot" va "Ushshoq"ni (1937), Sanʼatshunoslik instituti (V. A. Uspenskiy) "Chorgoh", "Bayot", "Koʻcha bogʻi", "Suvora" va boshqalarni yozib olgan. Sh. Shoumarov, Yunus va Rixsi Rajabiylar, K. Zokirov, B. Mirzayev va boshkalar Toʻychi hofiz ijrochilik anʼanalarining davomchilaridir. Toshkent gramplastinkalar zdi va Qashqadaryo viloyati musiqali drama va komediya teatriga Toʻychi hofiz nomi berilgan. Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bn mukofotlangan (2000).

Adabiyot[tahrir]

  • Nasriddinov B., Toʻychi Hofiz, T., 1971.

Baxriddin Nasriddinov.