Tizimgul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tizimgul, dorivor tizimgul (Verbena officinalis L) — tizimguldoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻt. Poyasi tik usadi, shoxlangan. Boʻyi 30—100 sm. Barglari tuxumsimon, choʻziqnashtarsimon, yirik (4—8 sm), gullari mayda, oq, poya ustida roʻvaksimon toʻpgul hosil qiladi. Apreldan sentabrgacha gullaydi, mevasi iyundan pisha boshlaydi. T. Oʻzbekistonning choʻl va baland togʻli qismidan tashqari hamma yerida uchraydi. U, ayniqsa, bogʻ, ekin orasi, ariq boʻylari va yoʻl yoqalarida koʻp oʻsadi. Tarkibida verbenalin va adenozin glikozidlari bor. Poya va barglaridan tayyorlangan qaynatma xalq tabobatida turli xil shishlar va teri kasalliklarini davolashda ishlatiladi.