Tibet togʻligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tibet Tog‘ligidan yoʻnaltirildi)

Tibet togʻligi - Markaziy Osiyo, asosan, Xitoyda. Yer sharidagi eng katta va baland togʻlardan. Maydoni 2 mln. km², bal. 4000–5000 m, baʼzi tizmalarning bal. 6000–7000 m. Himolay, Qoraqurum, Kunlun, SinaTibet togʻlari bilan chegaralangan. Tibet togʻligi ning shim. va markaziy qismi (mahalliy nomi Changtan) bir oz toʻlqinsimon yoki yassi tekislik boʻlib, kenglik boʻylab choʻzilgan va qiya yon bagʻirli togʻ tizmalaridan iborat. Ayrim choʻqqilarining relyefi alp tipli. Tangla, Kaylas va boshqa tizmalarida muzliklar bor. Togʻlik chekkalaridagi tizmalarning yon bagʻrilari tik, relyefi kuchli parchalangan, dare vodiylari togʻlarni 2—3 ming m chuqurlikkacha oʻyib tushgan.

Tibet togʻligi Oʻrta dengiz geosinklinal mintaqasida joylashgan. Uning turli qismida geologik rivojlanish tarixi har xil. Kaynozoy oʻrtalarigacha Tibet togʻligi, asosan, choʻkkan, koʻp qismida choʻkindi jinslar toʻplangan. Kaynozoy oxirlaridan yoppasiga koʻtarila boshlagan. Kuchli zilzilalar boʻlib turishi, yosh vulkan konuslari va qaynoq buloklarning mavjudligi togʻ hosil boʻlish jarayonining davom etayotganligidan darak beradi. Foydali qazilmalardan oltin, kassiterit, polimetall rudalar, toshkoʻmir konlari topilgan. Oqmas koʻllarda soda va boshqa minerallarning katta zaxiralari mavjud.

Tibet togʻligi materik ichkarisida joylashganligi va juda baland boʻlganligi sababli iklimi keskin kontinental va sovuq. Changtanda oʻrtacha yillik temperatura 0— 5°, qish uzoq davom etadi, —32° gacha sovuq boʻladi, yogʻin kam yogʻadi. Yoz esa salqin, iyulda ham baʼzan tuproq qatlami muzlaydi. Tibet togʻligining jan.da iklim nisbatan iliqroq, yanvar oyining temperaturasi 0° dan —20° gacha, iyulniki 5—15°. Togʻlikning jan. va sharkidagi tizmalar okeandan keladigan nam havo massalarini toʻsib turadi, aksari qismida yillik yogʻin 100–200 mm (asosan, krr shaklida), janubida yozgi musson taʼsirida 500–700 mm yogʻadi. Iqlimining quruqligi natijasida qor chizigʻi 5000–6000 m balandlikdan oʻtadi. Tibet togʻligining musson taʼsiridagi qismidan Xuanxe, Yanszi, Mekong, Saluin, Brahmaputra, Hind kabi yirik daryolar boshlanadi. Daryolari, asosan, qor va muzliklardan, janubida esa yomgʻirdan suv oladi. Gidroenergiya zaxirasiga boy. Tibet togʻligi da koʻl koʻp, ular tektonik botiqlarda joylashgan. Yirik koʻllari: Namso, Selling, Dangrayum. Koʻllari sayoz va suvi shoʻr, noyabrdan may oyigacha muzlaydi. Tibet togʻligi ning tuproklari baland togʻ dashti va chuliga xos shagʻal aralash tuproq, kam chirindili. Ayrim joylarda tuprok, qatlami va oʻsimliklar umuman yoʻq. Chekka qismida unumdor togʻ oʻtloqdasht va togʻoʻtloq tuproklar tarqalgan. Katta maydonlarni baland togʻ choʻli va chala choʻli qoplagan, siyrak oʻt va butalar usadi. Dare vodiylari butazor va toʻqayzor. Chorvachilikda, asosan, yaylov sifatida foydalaniladi.