Temir tovon
|
Birinchi nashr muqovasi | |
| Muallif(lar) | Jack London |
|---|---|
| Mamlakat | Amerika Qoʻshma Shtatlari |
| Til | inglizcha |
| Janr(lar)i | Distopik roman; siyosiy roman[1] |
| Nashr etilgan sanasi | 1908-yil 19-fevral |
| Nashriyot | Macmillan |
| Sahifalar soni | 354 |
„Temir tovon“ — amerikalik yozuvchi Jack Londonning ilk bor 1908-yilda chop etilgan, ilmiy fantastika shaklidagi distopik va siyosiy romani[1].
Asar mazmuni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kitobning asosiy mazmuni – AQShda sotsialistik ommaviy harakatning koʻtarilishi. Bu harakat milliy saylovlarda gʻalaba qozonish, hokimiyatni qoʻlga olish va radikal sotsialistik tuzumni joriy etish imkoniyatiga yetarli darajada kuchli boʻladi. Bunday ehtimoliy natija konservativ kuchlarni tashvishga soladi va ular bundan qoʻrqib, hokimiyatni egallab olish hamda bunday oʻzgarishni oldini olish uchun shafqatsiz diktatura oʻrnatishga kirishadi.
Romanda voqealar sodir boʻlganidan asrlar oʻtib topilgan qoʻlyozma va olim Antoniy Meredit taxminan milodiy 2600-yil yoki Insoniyat Birodarligi sanasi boʻyicha 419-yilda yozgan izohlar orqali bayon qilinadi. Jack London asarni ikki qatlamda quradi: vaqti-vaqti bilan Meredith qahramon Avis Everhardning xatolarini oʻzining kelajakdagi nigohi orqali tuzatadi, shu bilan birga kelajak avlodning toʻliq boʻlmagan tushunchasini ham fosh etadi. Meredithning kirish soʻzida, shuningdek, bosh qahramonning saʼy-harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchrashi oldindan aytiladi, bu esa asarga taqdir tomonidan belgilangan fojia tusini beradi.
Asl hikoya Evis Everharddan boshlanadi. U mashhur fizik John Cunninghamning qizi va kelajakda sotsialist Ernest Everhardning rafiqasi boʻladi. Dastlab Evis Everhard Ernestning „zamonaviy ijtimoiy tizim butunlay mehnatni ekspluatatsiya qilishga asoslangan“ degan fikriga qoʻshilmaydi. Ammo u ishchilarning yashash sharoitlarini oʻrganishga qaror qiladi va bu dahshatli holatlar uni fikridan qaytaradi hamda Ernestning dunyoqarashini qabul qilishiga sabab boʻladi. Xuddi shuningdek, yepiskop Morehouse ham dastlab Ernest tasvirlagan dahshatlarga ishonmaydi, biroq keyinchalik ularning haqiqat ekaniga amin boʻladi va yangi qarashlari tufayli ruhiy shifoxonaga qamab qoʻyiladi.
Hikoya 1912–1932-yillarni qamrab oladi, bu davrda AQShda Oligarxiya (yoki „Temir tovon“) paydo boʻladi. Yaponlar Sharqiy Osiyoni bosib olib, oʻz imperiyasini barpo etadi; Hindiston mustaqillikka erishadi; Yevropa esa sotsialistik yoʻlni tanlaydi. Kanada, Meksika va Kuba ham oʻz oligarxiyalarini tuzib, AQSh bilan ittifoqdosh boʻlib qoladi. (Jack London dunyoning boshqa qismlarida yuz berayotgan voqealar haqida sukut saqlaydi.)
Shimoliy Amerikada Oligarxiya uch asr davomida hokimiyatni qoʻlda saqlab qoladi; nihoyat, Inqilob gʻalaba qozonib, „Insoniyat birodarligi“ davrini boshlab beradi. Roman voqealari yillarida Birinchi qoʻzgʻolon tasvirlanadi va Ikkinchi qoʻzgʻolonga tayyorgarlik muhokama qilinadi. Everhard nigohidan qaraganda, yaqinlashib kelayotgan Ikkinchi qoʻzgʻolon albatta muvaffaqiyatli boʻlishi kerak. Biroq Mereditning hikoyasi orqali oʻquvchi Ernest Everhardning orzulari uning oʻlimidan keyingi asrlargacha roʻyobga chiqmasligini biladi.
Nashr etish tarixi va kitobxonlar tomonidan qabul qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Temir tovon“ 1908-yilda George Platt Brett Sr. tomonidan chop etilgan. U chop etilishidan avval faqat birgina oʻzgartirishni, yaʼni tuhmat deb hisoblagan izohni olib tashlashni taklif qilgan. Kitob qattiq muqovada 50 ming nusxada sotilgan, biroq umuman olganda tanqidchilar tomonidan ijobiy baholanmagan. The Outlook jurnalidagi bir sharhlovchi xulosasida shunday degan: „Badiiy asar sifatida unda maqtovga arzigulik narsa kam, sotsialistik risola sifatida esa mutlaqo ishontira olmaydi.[2]“
Tahlil
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kitob „zamonaviy distopik adabiyotning eng dastlabki namunasi“ sifatida qaraladi va u keyinchalik „Biz“, „Ajib yangi dunyo“, „A Canticle for Leibowitz“ („Leybovich uchun madh“) kabi asarlarda qoʻllanilgan ijtimoiy-fantastika shaklida yozilgan[3].
Asar Jack London asarlari ichida (va umuman olganda oʻsha davr adabiyotida) noodatiy hisoblanadi, chunki u ayol qahramon tilidan birinchi shaxs nomidan yozilgan, biroq muallifi erkak edi.
Taʼsiri
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Temir tovon“ George Orwellning biografi Michael Shelden tomonidan Orwellning eng mashhur romani „1984“ga taʼsir koʻrsatgan asar sifatida tilga olingan[4]. Orwellning oʻzi esa Londonni „fashizmning koʻtarilishini juda hayratlanarli bashorat qilgan“ deb baholagan va Londonning „ibtidoiylikni anglash qobiliyati“ uni koʻplab bilimliroq va mantiqan izchilroq mutafakkirlardan koʻra yaxshiroq bashoratchiga aylantirganini taʼkidlagan[5].
Xususan, Orwellning qahramoni Winston Smith xuddi Londonning Avis Everhardi kabi oʻzining isyonkor fikrlari va tajribalarini yozib boradigan kundalik tutadi. Biroq Everhardning kundaligi asrlar davomida zulm davrida yashirin qolib, keyinchalik topilib va nashr etilgan boʻlsa, Smithning kundaligi kitobdagi shafqatsiz „Oʻylash politsiyasi“ qoʻliga tushadi. Uning tergovchisi esa Smithga shunday deydi: „Avlodlar sen haqingda hech qachon eshitmaydi, biz seni yoʻq qilamiz.“
Tarjimalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Roman 2025-yilda Tahlil nashriyoti tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Tarjimonlar Ziyodaxon Gʻayratova va Nishona Razzoqova[6].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Biznes fitnasi – 1933-yilda iqtisodiy islohotlarga javoban biznesmenlar tomonidan Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumatini agʻdarish boʻyicha siyosiy fitna.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Stableford, Brian „Dystopias“, . The Encyclopedia Of Science Fiction, 2nd John Clute: , London: Orbit, 1993 — 360–362-bet. ISBN 1-85723-124-4.
- ↑ Kershaw, Alex. Jack London: A Life. London: HarperCollins, 1997: 164. ISBN 0-00-255585-9
- ↑ Fromm, Erich. 1984 (Afterword), page 316. New American Library (a division of Penguin Group), 1977.
- ↑ Orwell: the Authorized Biography by Michael Shelden, HarperCollins ISBN 978-0-06-092161-3
- ↑ BBC broadcast March 5, 1943,Jack London:Landmarks in American Literature,5, reprinted in, Two Wasted Years, Secker & Warburg, 2001, p.5,7.
- ↑ „Temir tovon - Qamar nashriyoti“. www.nashriyot.qamar.uz. Qaraldi: 19-dekabr 2025-yil.
Qoʻshimcha oʻqish uchun
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Francis Shor: Power, Gender, and Ideological Discourse in 'The Iron Heel' . In: Leonard Cassuto, Jeanne Campbell Reesman: Rereading Jack London. Stanford University Press 1998, ISBN 0-8047-3516-6, pp. 75–91 (online copy, s. 75, Google Booksda)
- Tony Barley: Prediction, Programme and Fantasy in Jack Londonʼs 'The Iron Heel' . In David Seed: Anticipations: Essays on Early Science Fiction and its Precursors. Syracuse University Press 1995, ISBN 0-8156-2632-0, pp. 153–171 (online copy, s. 153, Google Booksda)
- John Whalen-Bridge: Political Fiction and the American Self. University of Illinois Press 1998, ISBN 0-252-06688-X, pp. 73–100 (online copy, s. 73, Google Booksda)
- Berger, J.M. (2016). "The Turner Legacy: The Storied Origins and Enduring Impact of White Nationalism's Deadly Bible" (en). International Centre for Counter-Terrorism (The Hague) 7 (8). doi:10.19165/2016.1.11.
- „Jack London: The Iron Heel“. Spike Magazine (ingliz (Amerika)). Qaraldi: 2025-02-15.
- Myers, Ben; Myers, Benjamin. „How did Jack London's socialist adventures end?“ (en-GB). The Guardian (2007-yil 7-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 15-fevral.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Vikiomborda Temir tovon haqida turkum mavjud |
