Tez aytish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xalq ogʻzaki ijodi turlaridan biri boʻlmish tez aytish ayrim nutq tovushlarining koʻp qaytarilishi yoki tovushlarning soʻz va iboralar tarkibida talaffuzni qiyinlashtiradigan darajada murakkab joylashishiga asoslanadi. Ayniqsa, bu iboralar tez aytilayotgan paytda, aytuvchi bu murakkab tovushlarni talaffuz qila olmasdan adashib ketishi tinglovchilarning beozor kulgusiga sabab boʻladi. Oʻzbek tilida bu iboralarning tez aytish deb nomlanishi ham shundan kelib chiqqan.

Tez aytish — oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining bir turi. Tez aytishda yanglishib ketish mumkin boʻlgan qofiyadosh soʻzlardan tuzilgan jumlalar qoʻllanadi. Unda muayyan tovushlar, ayniqsa, jarangli undoshlar takrorlanadi va soʻzlar ritm, urgʻular bilan tez aytiladi. Mas., Besh mis barkash, besh mis barkashning ichida besh ming mis barkash. Tez aytishda har bir tovush oʻz oʻrnida toʻgʻri, ravon talaffuz etilishi shart. Tovushlar talaffuzida yanglishgan tomon (kishi) yengilgan hisoblanadi. Oʻtmishda katta yoshdagi odamlar ham oʻtirishlarda, toʻylarda tez aytishda musobaqalashib, madaniy hordiq olganlar. Keyinchalik, asosan, bolalar repertuariga aylangan. Tez aytishlar bolalarning fikrlash qobiliyatini, soʻz boyligini oshirishga va nutqining ravon boʻlishiga xizmat qiladi.

Lekin koʻpchilik turkiy tillarda tez aytishlar talaffuz qilinayotganda odamning yanglishib ketishi holatini koʻzda tutgan holda nomlangan, masalan qirgʻizchada жаңылтмач, qozoq va qoraqalpoq tillarida жаңылтпаш, turk tilida yanıltmaç, turkmanchada yangiltmach, ozarbayjonchada yangiltmach, va boshqa
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotida tez aytishlar qadim zamonlardan beri mavjud. Professor Hodi Zarif tuzgan «Oʻzbek folklori» xrestomatiyasida tez aytishga 12 ta misol keltirilgan.
2005-yil fransuz tilshunosi professor Rémy Dor oʻzbek va qoraqalpoq tez aytishlaridan namunalarni fransuz tiliga tarjima qilib izohlar bilan nashr ettirdi.

Tez aytishlarga misollar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ahmad aka Rahmat akani koʻrdi.
  • Ali, Vali, Gʻani, Sayfi, Said qani?
  • Asad asil asal saqlaydi.
  • Bashar hasharga shoshar, Yashnar hasharda Bashardan oshar.
  • Bedarak bedana bedazorda bedor boʻldi.
  • Bir burun koʻrdim burunnan burun, eshikdan chiqdi burunnan burun
  • Bir juft choʻp koʻpmi, qoʻsh juft choʻp koʻpmi?
  • Bir tup tut, bir tup tutning tagida bir tup turp. Bir tup tutning tomiri bir tup turpning tomirini turtib turibdi, bir tup turpning tomiri bir tup tutning tomirini turtib turibdi.
  • Boqi boqqa, Soqi toqqa bordi.
  • Boqi botir buzoq boqar.
  • Boqi quritgan qoqi qoq quruq qoqi.
  • Boshqotirma Boltavoyning boshini qotirdi.
  • Bu boʻri boʻz boʻrimas chiyaboʻri.
  • Bulturgi burgutni bugun Urgutda koʻrdim.
  • Chinoz jiydazori chindan Chilonzor chinorzoridan katta.
  • Chovli - simdan, chovgum - misdan.
  • Chumchuq chugʻurchiqni choʻqimasa, chugʻurchiq chumchuqni choʻqimaydi.
  • Erkin egatga ertaki ekinni ekdi.
  • Eshik oldida buloq, buloqdan suv ichar uloq, uloqcham uzun quloq.
  • Gʻani gʻildirakni gʻizillatib gʻildiratdi, gʻildirakni Gʻani gʻildiratib gʻizillatdi.
  • Gʻuj gʻujum ustida chugʻurlashib, gʻujqa gʻujum choʻqilatmaydi.
  • Gulnora Gulmiraning singlisimi, Gulmira Gulnoraning singlisimi?
  • Gulsara gul saralab, gul sanadi.
  • Halim hil-hil pishdi.
  • Halima hammasini hazm qildi.
  • Halimani sanama, Salimani sana.
  • Ikki ayiq qayiqqa qaradi, oq ayiq oldin qaradimi, qora ayiq oldin qaradimi?
  • Jamila jiydani joyiga joyladi.
  • Javlonbek jajji Joʻrabek bilan joʻra, jajji Joʻrabek Javlonbek bilan joʻra.
  • Joʻja choʻchib, goʻja choʻqir.
  • Joʻra joʻrga joʻr boʻldi.
  • Joʻrabek bilan Javlon, juda joʻra jonajon.
  • Juvarini chumchuq yeb ketdi. Egasi ertaga kelaman deb ketdi. Kelmay ketgur koʻr chumchuq, juvarini egasi kelguncha vayron qilib ketdi.
  • Komil, Kamol kamalak koʻrdi.
  • Lola arralaydi, Sora allalaydi.
  • Mashhura moshxoʻrdani shoshib shimirdi.
  • Mavluda hovlida hovliqib tirubdi.
  • Metalchi Mutal metalli detal yasadi.
  • Moshdan tosh, toshdan mosh boʻlmas.
  • Namanganda usta Musa puch pistafurush bor ekan. Oʻsha usta Musa puch pistafurushning oltmish uch pud puch pistasi bor ekan. Oltmish uch pud puch pistasi boʻlsa ham oʻsha usta Musa puch pistafurush, oltmish uch pud puch pistasi boʻlmasa ham oʻsha usta Musa puch pistafurush.
  • Namanganlik Toʻlagan toʻla lagan handalak yegan.
  • Niyoz piyoz archdi, Fayoz piyoz artdi; Piyozdan Niyozning koʻzi achidimi, Fayoznikimi?
  • Nodir novvoyxonadagi novvoydan non oldi.
  • Non yasashasizmi, sholi sanashasizmi?
  • Norning nordon anori narida.
  • Norvoy novvoy non yopar, nonin novvot deb sotar.
  • Oʻtkir oʻtkir oʻroqda oʻt oʻrdi.
  • Olma shoxida olmaxon, olmaxonni olma, Olmaxon.
  • Oltin oʻtloq – oq oʻtloq.
  • Oq choynakka ko' qopqoq, koʻk choynakka oq qopqoq.
  • Oq tosh oqmi, qora tosh oqmi?
  • Oqil oq olma oldi, oq olmani Oqil oldi.
  • Osh pashshasi pes pashsha.
  • Osmonda ikkita kalxat. Birining oq dumi kalta kalxat, birining qora dumi kalta kalxat. Oq dumi kalta kalxat qora dumi kalta kalxatga xalaqit beradi, qora dumi kalta kalxat oq dumi kalta kalxatga xalaqit beradi.
  • Ovchi ovloqda ovin ovlar.
  • Oydin oydinda oyisidan oldinladi.
  • Oyga poyga, poyga oyga.
  • Qalin qorga qora qargʻa zoʻrgʻa qoʻndi, ana qara.
  • Qirgʻovul qirgʻoqdamas, qiryoqda.
  • Qishda kishmish pishmasmish, pishsa kishmish qishmasmish.
  • Qishda qatiq qattiq qotib qolibdi.
  • Qoʻngʻiroq qoʻzichoqnikimi, qoʻgʻirchoqnikimi?
  • Qoʻsh qoʻlqop, qoʻshovi ham boʻsh qoʻlqop.
  • Qodir qishda qorni qizgʻandi.
  • Qurbaqa qurillaydi, chigirtka chirillaydi.
  • Qurilishda burilish, burilishda qurilish.
  • Quvondiqning qovun qoqisi Qovunchidan.
  • Salim sochiqqa sochini artdi.
  • Salimning sadadagi sap-sariq sa’vasi sahar sayraydi.
  • Samarqand soyida sasigan sabzini sotgan savdogarga sakkiz ming sakkiz yuz sakson sakkiz soʻm soliq solinsin.
  • San’at saroyi - saroylarning sarasi.
  • Sayyora sabzini savatga soldi.
  • Sevara savatchaga sedana soldimi?
  • Shahrisabzlik Shohista Shahrixonga shoshildi.
  • Shamol shovullab shovqin soldi, shalpangquloq qoʻrqqanidan shataloq otib qoldi.
  • Shokir sholipoyada shaqildoqni shaqillatdi.
  • Shol gʻam yesa, kofir boʻladi.
  • Shotursunning shotutini shitirlatgan shamol Sharifning shaftolisini shitirlatdi.
  • Shovotli Shukurjonning shoʻr shoʻrvasi Shoiraning shoʻr shoʻrvasidan ham shoʻr.
  • Shu mushuk, shum mushuk, shumshuk mushuk.
  • Soat soatini soatsozga sozlatdi.
  • Sotvoldi bosvoldi qovun sotib oldi.
  • Sovuqda tovuqqa tovoqda bodroq sochdim.
  • Sovuqda tustovuq sovuq qotdi.
  • Temirchi Temirni topdimi, Temir temirchini topdimi?
  • Tez aytishni tez-tez ayt.
  • Toʻlqin turpni toʻrda toʻpladi.
  • Toʻti tutgan toʻrtta toʻti toʻrda turibdi.
  • Togʻning tagida Turgʻunning toʻrtta traktori tirillap tirillap turibdi.
  • Tohir Toʻlqinning toʻnidan tortdimi, Tohirning toʻnidan Toʻlqin tortdimi?
  • Tojining tojdor xoʻrozi gultojixoʻroz tagida.
  • Tolib tandir tagidan tanga topdi.
  • Tolib togʻa togʻdan toʻrtta tulki tutdi.
  • Tolib turpni tarozida tortib topshirdi.
  • Tosh jonsizmi, mosh toshsizmi?
  • Toshpoʻlat tajangning togʻolchali togʻorasi togʻda turibdi.
  • Toshpoʻlat togʻam togʻda togʻolcha terdi.
  • Tubsiz dengiz dedingizmi, dengiz tengsiz dedingizmi?
  • Turdi tunda oʻnta toʻnka terdi.
  • Tursunda toʻrtta toʻr qop; Unsinda bitta qoʻlqop bor.
  • Tyan-Shan togʻining tagida Tursun togʻaning traktori tirillab turibdi.
  • Yoʻlda Yoʻldoshga yoʻlbars yoʻliqdi.
  • Yugurik yumronqoziq yulgʻundan-yulgʻunga yumalab-yumalab yugurdi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ozbek folklori: Pedagogik institutlar ucun xrestomatija, tuzuci H. Zarif, Taşkent: OzSSR oquv-pednaşr, 1941, 1-ktab.
  • Жаҳонгиров Ғ., «Тез айтиш», Ўзбек тили ва адабиёти, №3 (1972), 49-52.
  • Sarah-Rose la rosophile = Gulsevar Gulsara: virelangues d'Ouzbékistan, choisis, présentés et traduits de l'ouzbek et du qaraqalpaq par Rémy Dor, Paris: L'Asiathèque - IFEAC, 2005, 153p.