Texnogen sanʼat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Texnogen sanʼat - 19-asr oxiri — 20-asr sanʼatida ilmfan va texnika (fotografiya, elektr, elektronika, mikrotexnologiya va boshqalar) rivoji natijasida qaror topgan yangi yoʻnalish. Texnogen sanʼat badiiy ijodning boshqa shakllarida qoʻllaniladigan vositalar (rang, kompozitsiya, dramaturgiya va boshqalar) bilan birga yangi (rakurs, montaj, ovoz yozish, yangi ovoz va ranglarni yaratish kabi) texnik imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga muayyan ifodaviy natijalarga erishib, ularni ommaviy aloqa vositalari (media shakllari — bosma nashr, radio, grammyozuv, televideniye va boshqalar) yordamida koʻpaytiradi va tarkatadi. Texnogen sanʼat tizimida sintetik (qorishma) badiiy shakllar (foto sanʼati, kino, televideniye, elektron musiqa, lazer musiqasi, kompyuter grafikasi, WEBdizayn va boshqalar) yuzaga keldi. Mazkur jarayonda yangi ijod shakllari va ixtisosliklar (kinooperatorlik, ovoz rejissurasi va boshqalar), maxsus jihozlangan studiyalar (fotostudiya, kinostudiya, musiqiy studiya, ovoz yozish studiyasi, vebdizayn studiyasi va boshqalar), fanning yangi yoʻnalishlari (psixoakustika, kompyuter musiqasi texnologiyasi kabi) rivoj topdi. Oʻzbekistonda Texnogen sanʼat rivojiga katta ahamiyat berilib, Texnogen sanʼat yoʻnalishlari davlat (oliy va oʻrta maxsus) taʼlim tizimiga kiritilgan.

Olimjon Bekov, Farida Sabitova.