Temir koʻprik jangi
| Temir koʻprik jangi | |||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Arab–Vizantiya urushlari hamda Xolid ibn Valid yurishlarining bir qismi | |||||||
| |||||||
| Qoʻmondonlar | |||||||
| Xolid ibn Valid Abu Ubayda ibn Jarroh |
|||||||
| Kuchlar | |||||||
| 17 000[1] | 15 000–20 000[1] | ||||||
Temir koʻprik jangi (arabcha: معركة الجسر الحديدي) – hijriy 637-yili musulmon Roshidun xalifaligi hamda Vizantiya imperiyasi qoʻshini oʻrtasida boʻlib oʻtgan jang. Jang nomi Osi daryosi ustidan oʻtuvchi toʻqqiz ravoqli tosh koʻprikdan (Jisr al-Hadid nomi bilan ham tanilgan) olingan. Bu jang Suriya viloyatida Vizantiya va Roshidun xalifaligi oʻrtasida kechgan oxirgi janglardan biri boʻlgan. Jangdan soʻng viloyat deyarli toʻligʻicha Roshidun xalifaligi tarkibiga qoʻshilgan va viloyat poytaxti Antioxiyaning qulashi bilan yakunlangan.
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Roshidun qoʻshini Yarmuk jangida hal qiluvchi gʻalabaga erishdi. Ushbu gʻalabadan keyin ular Levant ustidan nazoratni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Koʻp oʻtmay, Quddus ham bosib olindi. Roshidun kuchlari shimol tomon yurib, Levantning boshqa hududlarini zabt etdi. Ular Suriya shimoliga, Onadoʻlining chegaralariga yaqin joylargacha kirib bordilar. Qoʻshinning asosiy maqsadi Antioxiyani egallab olish va bosib olingan yerlarda shimol tomondan kelishi mumkin boʻlgan tahdidlarga barham berish edi. Halab zabt etilganidan soʻng, Abu Ubayda ibn al-Jarroh Molik al-Ashtar boshchiligidagi qoʻshinni Tavr togʻlarining sharqiy qismi, Shimoliy Suriyaning Azaz shahrini egallash uchun yubordi. Azazning zabt etilishi va uning dushmandan tozalanishi muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu orqali Halab shimolida yirik Vizantiya kuchlarining qolishiga ortiq yoʻl qoʻyilmasdi. Aks holda, ular Antioxiyaga qarshi harakatlar chogʻida Roshidun xalifaligi qoʻshinining qanot hamda orqa tomoniga hujum uyushtirish xavfini tugʻdirishi mumkin edi[2]. Molik al-Ashtar yana qoʻshinga qaytishi bilan Abu Ubayda Antioxiyani egallash maqsadida gʻarbga yurish boshladi. Qoʻshinning old qismidan oʻrin olgan jangchilar safini Xolid ibn Valid boshqarib bordi. Qoʻshin Halabdan toʻgʻridan-toʻgʻri gʻarbga qarab yurdi, Harim orqali oʻtib, sharq tomondan Antioxiyaga yaqinlashdi[3].
Jang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahardan yigirma kilometr (12 mil) uzoqlikda, hozirgi Mahruba yaqinida, Osi daryosi boʻylab temir koʻprik oʻtgan edi. Aynan shu yerda Roshidun qoʻshini hamda Antioxiyani himoya qilgan Vizantiya jangchilari oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Bu jang juda katta ahamiyat kasb etgan boʻlsa-da, urush tafsilotlari saqlanib qolmagan. Biroq boshqa daryolar yaqinida boʻlib oʻtgan arab janglari singari, rimliklar koʻprikdan uzoqlashtirilib, soʻngra arab qoʻshini tomonidan raqib qoʻshinining qanot qismiga zarba berilgan boʻlishi ehtimoldan holi emas[4]. Xolid ibn Valid Yarmuk jangida boʻlgani kabi oʻz qoʻshini bilan muhim rol oʻynagan. Vizantiya qoʻshinlari katta yoʻqotishga uchrab, magʻlub boʻlgan. Ushbu jangda Vizantiya qoʻshini tarkibidagi yoʻqotishlar soni Suriyaning musulmonlar tomonidan zabt etilishi uchun kechgan janglar orasida uchinchi oʻrinda qayd etilgan, yoʻqotishlar soni boʻyicha birinchi va ikkinchi oʻrinlarda Ajnadayn va Yarmuk janglari turadi[5][ shubhali – muhokama ]. Magʻlubiyatga uchragan Vizantiya kuchlarining qoldiqlari Antioxiyaga chekingan. Roshidun qoʻshini esa keyinroq shaharni qurshan olib, asosiy eʼtiborini Temir koʻprik hamda sharqiy darvoza (Beroea darvozasi) atrofidagi harbiy harakatlarga qaratdi[6]. Shahar 637-yilning 30 oktyabrida taslim boʻldi[ iqtibos kerak ][4]. Kelishuvga koʻra, fuqarolarga tinch yoʻl bilan shahardan chiqib ketish yoki soliq toʻlash majburiyati yuklandi[6].
Oqibati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Antioxiya taslim qilinganidan soʻng, Roshidun armiyasi kuchlari Oʻrta yer dengizi qirgʻogʻi boʻylab janubga qarab harakat qilib, Loziqiya, Jabla va Tartusni (Suriyani) egalladi. Shu tariqa, ular shimoli-gʻarbiy Suriyaning katta qismini oʻz nazoratiga oldi. Boshqa harbiy qismlar esa shimoliy Suriyada qolgan qarshi kuchlarni bostirish uchun yuborildi. Xolid ibn Valid otliq askarlari bilan sharqqa, Manbij shahri yaqinidagi Furot daryosi tomon bosqin uyushtirish uchun yuborildi, ammo u yerda jiddiy qarshilikka duch kelmadi. Ushbu harbiy yurish 638-yil yanvar oyining boshida yakunlandi. 638-yil mart oyida Jaziradagi Vizantiya tarafdorlari boʻlgan nasroniy arablari Hims (Emessa) shahrini qamal qilishda magʻlubiyatga uchragach, Abu Ubayda Xolid ibn Valid va Iyod ibn Gʻanm boshchiligidagi qoʻshimcha kuchlarni Suriyaning shimoliy chegaralari yaqinidagi va Onadoʻlidagi Jazira mintaqasini boʻysundirish uchun yubordi. Ushbu qoʻshinlar shimolga tomon Ararat tekisliklari hamda gʻarbga tomon Tavr togʻlariga qadar harakat qildi. Shunday qilib, Tavr togʻlari Onadoʻlida Roshidun xalifaligining eng gʻarbiy chegarasi sifatida belgilandi[7].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Byzantine Battles: Battle of Iron Bridge“.
- ↑ Akram, A.I.. The Sword of Allah: Khalid bin al-Waleed, His Life and Campaigns, chapter 36. Nat. Publishing. House, Rawalpindi, 1970. ISBN 0-7101-0104-X.
- ↑ al-Tabari, Muhammad ibn Jarir.
- ↑ 4,0 4,1 Crawford, Peter. The War of the Three Gods: Romans, Persians and the Rise of Islam. Pen and Sword, 16 July 2013.
- ↑ al-Tabari, Muhammad Ibn Jarir.
- ↑ 6,0 6,1 Giorgi, Andrea U. De. Antioch: A History (en). Routledge, 30 May 2021. ISBN 978-1-317-54041-0. Qaraldi: 2024-yil 30-yanvar.
- ↑ Akram, A.I.. The Sword of Allah: Khalid bin al-Waleed, His Life and Campaigns. Nat. Publishing. House, Rawalpindi, 1970. ISBN 0-7101-0104-X.