Telemexanika tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Telemexanika Tizimidan yoʻnaltirildi)

Telemexanika tizimi - masofadan turib radioaloqa yoki simli aloqa kanali boʻyicha operator (kompyuter) dan boshqarish obʼyektiga signallar uzatadigan va qaytgan axborotlarni nazorat qiladigan texnika vositalari majmui. Boshkarish punkti (BP), bir yoki bir necha nazorat punkti (NP) hamda BP va NP ni ulovchi aloqa liniyasidan iborat.

Telemexanika tizimining toʻplangan (bitta NP chegarasidagi) obʼyektlarga va tarqoq obʼyektlarga moʻljallangan xillari bor. Birinchi turga misol sifatida alohida qurilish krani, samolyot va boshqalarni boshkarish tizimlari, ikkinchi turga gaz va neft quvurlari, sugʻorish tizimlari, temir yoʻl uzellari, korxona va boshqalarni boshkarish tizimlari kiradi. Telemexanika tizimida nazorat qilinadigan va boshkariladigan axborotlarning barchasi yoki faqat baʼzi turlari uzatilishi mumkin. Faqat obʼyektlarning parametrlari haqida axborot uzatiladigan Telemexanika tizimi teleoʻlchash, nazorat qilinadigan obʼyektning vaziyati haqidagi axborot uzatiladiganini telesignalizatsiya, faqat boshqarish "buyruqlari" uzatiladigani teleboshqarish tizimi deb ataladi. Kompleks Telemexanika tizimida nazorat va boshqarish axborotlarining barcha turlarini uzatish mumkin.

Telemexanika tizimi xalq xoʻjaligi va sanoatning turli sohalarida, kosmonavtika, aviatsiya va boshqalarda keng qoʻllaniladi (qarang Telemexanika).