Tele

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tele, tele — ilk oʻrta asrlarda turkiy kabilalar katta bir qismining umumiy nomi. Ushbu etnonim ilk bora mil. 4-asrga oid Xitoy manbalarida uchraydi. Ulardan maʼlum boʻlishicha, mil. 6-asrgacha "tele" atamasi Gobi choʻlining shim., Xingan togʻlari (Manjuriya)ning gʻarbi va Tyanshan togʻlari atrofidagi keng hududdan to Orol va Kaspiy dengizi boʻylarigacha tarqalgan turkiy qabilalarning umumiy nomi sifatida ishlatilgan. Ushbu yilnomalardan ayon boʻlishicha, T. kabilalari dastlab mil. av. 1ming yillikda di, chidi nomi bilan atalgan, keyinchalik esa, dili, chile, dingling, gaogyuy, soʻngra T. deb atala boshlagan.

Xitoy yilnomalarida taʼkidlanishicha, bir qancha qabilalar oʻz etnik nomiga ega boʻlsalar ham, kelib chiqishi jihatidan T.larga borib takalib, quyidagicha nomlanar edilar: veyxo(uygʻur), yuange, seyanto (sir tardush), kibi, dubo (tuba), guligan (quriqan), dolange (telengut), pugu (bugʻu), bayegu (bayirqu), tunlo (toʻngra), hun, adye (adiz), soʻgye (izgil), xuyeye, baysi (oq si) va h.k. Suyshu nomli xitoy yilnomasida (7-asr) T. qabilalariga mansub 50 ta kabila nomi keltiriladi. Xitoy yilnomalarida T.larning tili hunlarimng tiliga oʻxshashligi qayd qilinadi. Ushbu maʼlumotga asoslanilsa ularning turkiy tilli xalq boʻlganligi maʼlum boʻladi.

T. etnonimi boʻyicha turlicha fikrlar bildirilgan: 1) bir qator tadqiqotchilar fikricha, Xitoy yilnomalaridagi T. atamasining turkiy asli toles (toʻles, toʻlas) boʻlib, dastlab shu shaklda UrxunEnasoy bitiktoshlari (7—8-asrlar)da uchraydi va Turk xoqrnligi (6—8-asrlar) va Uygʻur xoqonligi (8—9-asrlar) davrida ushbu davlatlarning sharqiy qanotini boshqarish ular vositasida amalga oshirilgan; 2) I. Klyukin va L. Potapovning fikricha, Xitoy manbalaridagi T. etnonimining asl turkiy shakli toʻlas emas, T. boʻlgan; qad. T. etnonimi hozir ham Oltoy va tuvaliklar orasida mavjud boʻlgan teleut, teles etnonimlarida koʻrinadi, yaʼni ushbu etnonimlarining negizi T. boʻlib, qad. turkmoʻgʻul tillaridagi soʻz oxirida koʻplab yasaydigan qoʻshimchalar. t. s. undoshlari vositasida teleut va telesga aylangan; 3) hozirgi yapon va xitoy olimlarining fikricha, di, dili, dingling, chile, tele kabi atamalar "turk" etnonimining turli davrlardagi xitoycha talaffuzidir; 4) ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra, T. atamasining asli "turo" yoki "tura" boʻlib, qad. Eron manbalarida, shu jumladan, "Avesto"da koʻchmanchi qabila sifatida tilga olingan "tur" kabilasi bilan alokalidir. Ularning fikricha, ushbu "tur" yoki "turo" soʻzlaridan "turk" etnonimi shakllangan.

T. va toʻlas etnonimi hozirgi kunda ham tele, teli, teles, telek, toʻloʻs, doolos (doʻoʻloʻs), teleut shakllarida bir qancha turkiy xalklar tarkibida uchraydi.

Gʻaybulla Boboyorov.