Tektonik sikllar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tektonik sikllar (bosqichlar) — umumgeologik va tektonik voqealarning maʼlum ketma-ketligi bilan tavsiflanadigan, Yerning katta davr (100 mln. yildan ortiq)dagi geologik tarixi. Tektonik sikllar geosinklinalni platformaga aylantiradigan tektonik jarayonlarning maʼlum ketma-ketligi boʻlib, burmalanish davrlari bilan yakunlanadi. Geosinklinallarda juda aniq namoyon boʻlgan. Bunda sikl oʻta asosli intruzivmagmatik va asosli togʻ jinslari hosil boʻlishi va suv osti vulkanizmi, kalin choʻkindi qatlamlarning yigʻilishi va chuqur dengiz havzalarining hosil boʻlishi bilan boshlanadi. Orollar yoyi paydo boʻlib, andezitli vulkanlar hosil boʻladi, dengiz havzalari parchalanib boʻlaklarga ajraladi va burmali, surilmali deformatsiyalar boshlanadi. Soʻngra, molasslar — togʻlarning yemirilish mahsulotlari bilan toʻldirilgan togʻlararo toshqotgan, togʻ oldi va togʻ orasi bukilmalari bilan ajralgan burmali va burmaliqoplamli togʻ inshootlari shakllanadi. Bu jarayon regional metamorfizm, granit hosil boʻlishi yer yuzasiga liparitbazaltli vulkanlar otilib chiqishi bilan davom etadi. Voqealarning oʻxshash ketma-ketliligi: kontinental sharoitlarning, dengiz transgressiyasi bilan, soʻngra yana regressiya bilan almashinuvi, kontinental rejimning oʻrnatilishi va nurash poʻsti hosil boʻlishi platformalarda ham kuzatiladi. Bu jarayonda choʻkindilar tipi ham tegishlicha oʻzgarib boradi — avval kontinental, soʻngra laguna choʻkindilari, koʻpincha tuzli va koʻmirli qatlamlar, soʻngra dengiz chaqiq jinslari, sikl oʻrtasida karbonatli yoki kremniyli choʻkindilar, sikl oxirida esa yana dengiz, laguna yotqizikdari (tuzlar) va kontinental (baʼzan muzlanish) yotqiziklari hosil boʻladi. Bir geosinklinal zonasida intensiv burmalanish — siljish deformatsiyalari va togʻ hosil boʻlishi, asosan, shu zona ichkarisida yangi geosinklinal choʻkish zonasi paydo boʻlishi va platformada riftlar sistemasi avlokogenlar shakllanishiga koʻpincha muvofiq keladi. Tektonik sikllarning fanerozoydagi oʻrtacha davomiyligi 150— 180 mln. yil (tokembriyda Tektonik sikllar chamasi koʻproq davom etgan). Ushbu sikllar bilan bir qatorda yanada yirikroqlari (megatsikllar) — yuz mln. yillab davom etadi. Yevropada, qisman Shimoliy Amerika va Osiyoda kechki tokembriy va fanerozoyda quyidagi sikllar aniklangan: grenvil (oʻrta rifey); b aykal (kechki rifey — vend); kaledon (kembriy—devon); gersin (devon—perm); kimmeriy (trias — yura); alp (yura—boʻr—kaynozoy).