Tavois
Tavois (avvalgi nomi Arqud) – Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi qishloq.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tavois Buxoro vohasidagi tarixiy viloyat (rustoq) va shahar hisoblangan. Milodning boshlarida bu yerda otashkada va otashgoh boʻlgan. Arablar ilk marta bu joyda tovuslarni koʻrishgach, "Zot ut-tavois" — "Tovuslar egasi" deb nom berishgan. Tabariyning yozishicha, Tavoisda Qutayba ibn Muslimning maxsus qarorgohi boʻlgan. 730-yil 17 noyabrda Tavoisda arablar bilan turk xoqoni boshchiligidagi turkiylar va sugʻdiylarning birlashgan qoʻshini oʻrtasida shiddatli jang boʻlib oʻtgan. Bu jangda turkiylar yengilgan. Ilk oʻrta asrlarda Tavoisda jome masjidi va katta hisor (qoʻrgʻon) boʻlgan. Tavois oʻrtasidan Abu Muslim arigʻi oqib oʻtgan. Tavois Buxoro — Samarqand katta yoʻlining ustida joylashgan boʻlib, Narshaxiyning yozishicha, qadimgi vaqtlarda har yili kuz faslida u joyda 10 kun nuqsonli mollarning bozori boʻlgan. Fargʻona, Choch (Shosh) va boshqa joylardan kelgan savdogarlar bu yerda savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Tavois ahli dehqonchilik ham qilgan, shu tufayli badavlat kishilar koʻp boʻlgan. Tavoisdan koʻplab ulamo va muhaddislar jumladan, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad at-Tavoisiy (? — 956) yetishib chiqqan. Soʻnggi oʻrta asrlarda Tavois 2 qishloqqa: Tavoisi Bolo va Tavoisi Poyonga boʻlingan. 19—20-asrlarda bu mavze Boʻion deb nomlangan. Tavois yaqinida ilk oʻrta asrlarga oid Shahri vayron tepaligi bor. Hozirda Tavoisga kiraverishda tovusga yodgorlik oʻrnatilgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966
- История ат Табари, T., 1987
- Abdulkarim as Samʼoniy, Nasabnoma (Al Ansob), Buxoro, 2003
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |