Taroziy (ulamo)
Taroziy, Sayyid Abu Nasr Mubashshir (1896, Avliyoota - 1977, Qohira) - ulamo, adib. Toshkentdagi Abulqosim, Buxorodagi Mir Arab madrasalarida oʻqidi. Taniqli ilohiyotchi shayx Muhammad al-Asaliy ash-Shomiy (Shomiy domla)dan saboq oldi. 1920-yillarning boshida avj olgan xudosizlikka qarshi "Qurʼon va Nubuvvat" ("Qurʼon va Paygʻambarlik") kitobini yozdi. Taroziyning oʻzbek tilidagi bu kitobi fors, arab tillarida yozilgan boshqa asarlari bilan birga koʻp oʻtmay shoʻrolar tomonidan musodara qilindi. Taroziy "Ulamoi Turkiston" jamoasining jurnali — "Izoh ul-Marom" tahririyatida ishladi (1923), Taroz shahrining diniy idorasiga rahbarlik qildi, maktablar ochib Islom dinini targʻib etdi. Uning bu faoliyati shoʻrolarga yoqmas edi. Taroziy 1930-yil vatanini tark etishga majbur boʻldi. Muhojirlik (Afgʻoniston, Misr)da yashab ilmiy-ijodiy ish bilan shugʻullandi. Taroziyning Islom ilohiyotiga oid 47 asari bor, uning diniy mavzudagi maqolalari Misr, Saudiya Arabistoni, Suriya, Iroq, Livan, Hindiston, Yaponiya, Pokiston, Indoneziya, Afgʻonistonda chop etilgan.
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |