Talonchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Talonchilik — jinoyat huquqiga koʻra oʻzganing mulkini talontoroj qilish. T. oshkora yoki yashirin ravishda sodir etilishi mumkin. Agar aybdor jabrlanuvchilar yoki boshqa shaxslar koʻz oʻngida T. qilayotganligini va ular aybdorning harakatlari xususiyatini tushunayotganligini bila turib, T. ni amalga oshirsa, u oshkora deb hisoblanadi. Agar talontoroj qilinganligini odamlar sezmasalar yoxud buyum olinganligi faktini koʻra turib, uni qonuniy hisoblasalar va aybdor ham shunga umid qilgan boʻlsa, u holda T.ni oshkora deb tan olinishi mumkin emas. Yashirin ravishda boshlangan talontoroj baʼzan oʻzgalar mulkini ochikdanochiq egallashga aylanib ketadi. Bunday hollar, mulkni egallash jarayonida jinoyatchini sezib qolishganida, lekin jinoyatchi buni tan olmay oʻz harakatlarini davom ettirib, mulkni oshkora egallab olganda sodir boʻladi. T. mulkdorga mulkiy zarar yetkazishdek ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqaradi. Mulkni amalda egallab olish, yaʼni jinoyatchida talontoroj qilingan narsadan foydalanish imkoniyati paydo boʻlishi vaqtidan boshlab bu jinoyat tugallangan hisoblanadi.

T. uchun Oʻzbekiston Respublikasi JKning 166moddasida javobgarlik masalasi berilgan. Bunda T. ning kvalifikatsiya tarkibi sogʻliq va hayot uchun xavfli boʻlmagan zoʻrlik ishlatish, yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish kabi oʻziga xos belgini oʻz ichiga oladi. Xuddi jismoniy zoʻrlik kabi, jismoniy zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish orqali ruhiy zoʻrlik ham T.ning kvalifikatsiya belgisi hisoblanadi. T.da zoʻrlik mulkdorga, shuningdek, real holda yoki aybdorning fikricha, talontorojga toʻsqinlik qiluvchi boshqa shaxslarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Insonga nisbatan zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish T. turining mohiyatini oʻzgartiradi. Bunday hollarda jinoyat 2 obʼyektli boʻlib qoladi: mulk munosabatlari bilan birga sogʻliq, shaxsiy erkinlikni va badan daxlsizligini taʼminlovchi ijtimoiy munosabatlarga zarar yetadi yoki ularga bevosita xavf tugʻiladi.

Mirzayusuf Rustamboyev.