Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti, T. N Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti — ped. nazariyasi va tarixi, taʼlim nazariyasi va metodikasi, xususiy metodika sohasida ilmiy pedagogik tadqiqotlar olib boradigan muassasa. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qaramogʻida. 1929-yil 17-yanvarda SamarqanddaOʻzbekiston davlat ilmiy tadqiqotlar instituti sifatida tashkil etilgan. 1931-yildan Toshkent shahrida. Shu yili Oʻzbekiston Madaniy qurilish institutiga, 1934-yildan Oʻzbekiston Ped. fanlari ilmiy tadqiqotlar institutiga aylantirilgan (1939—41 yillarda Oʻzbekiston Maktablar ilmiy tadqiqotlar instituti, 1941—46 yillarda Respublika Maorif xalq komissarligining metodik boshqarmasi sifatida faoliyat koʻrsatgan).

Institutning Qoraqalpogʻiston filiali (1967-yil tashkil etilgan) bevosita region taʼlimining dolzarb muammolarini tadqiq etadi. Institut tarkibida aspirantura (1960-yildan) va doktorantura (1994-yildan) mavjud boʻlib, ular orqali mamlakatimiz va qoʻshni davlatlar uchun ilmiy pedagog kadrlar tayyorlab kelinmoqda. Institut huzurida ped. nazariyasi va tarixi, xususiy metodika sohalaridan fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan kengash (1996-yildan) faoliyat koʻrsatadi. Institutning oliy organi uning ilmiy kengashi.

Institutda taʼlim mazmunini isloh qilish, umumiy oʻrta taʼlim, akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining sohalari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, maktabgacha yoshdagi bolalar taʼlim-tarbiyasiga qoʻyiladigan davlat talablari ishlab chiqilgan. Mazkur standartlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha oʻquv dasturlari, darelik va qoʻllanmalar tayyorlangan. Institut faoliyati S. Rajabov, E. Qodirov, M. Hamroyev, A. Zunnunov, E. Turdiqulov, S. K. Annamuratova, Y. Abdullayev, R. Usmonov va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq. Institut 2003-yildan boshlab Fan va texnologiyalar markazining davlat buyurtmasiga binoan, bir qator ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib bormoqda.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil