Kontent qismiga oʻtish

Suvchechak

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Suvchechak
KXK-10 B01
KXK-9 052
MedlinePlus 001592
eMedicine ped/2385

Suvchechak — oʻtkir yuqumli kasallik; temperatura koʻtarilishi, teri hamda shilliq qavatlarga serozli pufakchalar toshishi bilan kechadi. Filtrlanuvchi viruslar qoʻzgʻatadi. Koʻpincha 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Viruslar bemor yoʻtalganda, gapirganda, aksa urganda havo orqali sogʻ odamga oʻtadi. Suvchechak bilann ogʻrigan bola takror ogʻrimasligi mumkin. Inkubatsion davri 10—21 kun (koʻpincha 14 kun). Dastlab bolaning darmoni quriydi, temperaturasi 39—39,5° gacha koʻtariladi, yuziga, tanasining turli qismlariga toshma toshib, keyinchalik pufakchalarga aylanadi. Pufakchalar tiniq suyuklikka toʻla boʻlib, atrofi qizarib turadi. Ular aksari boshning sochli qismi, yuz, badan va oyoq-qoʻlga tarqaladi. Keyinchalik pufakchalar yorilib oʻrnida poʻst hosil boʻladi, 1—3 haftadan keyin poʻstlar tushib ketadi, oʻrnida chandiq qolmaydi.

Suvchechak toshmasi badanning hamma qismiga bir vaqtda emas, balki 1—2 kun oralatib toshadi. Baʼzan ular ogʻiz, tomoq, burun-halqum shilliq pardasiga ham toshishi mumkin. Har gal toshma toshishi oldidan bemor isitmalaydi, toshmalar qurib bitgach, harorat normallashadi.

S asoratlari kam kuzatiladi. Suvchechak toshmalari koʻz muguz pardasida boʻlsa, keratit, tomoqda boʻlsa, laringit, zaifroq bolalarda — asbsess, zotiljam, limfadenit, otit, saramas, flegmona paydo boʻlishi mumkin.

Bemor koʻpincha uyda vrach nazoratida davolanadi. Bola qashinib, terisini tirnab yubormasligi uchun tirnogʻini olib turish, qoʻlini doim tozalab yuvib qoʻyish zarur. Toshmalarga kaliy permanganat eritmasi yoki brilliant koʻki surtiladi; ogʻzini dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan chayib turish tavsiya etiladi. Suvchechak juda yuqumli, shuning uchun bemor bolani alohidalab qoʻyish lozim[1].

  1. „Suvchechak“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (S-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.