Surrealizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Syurrealizm (frans. surrealisme — oʻta realizm) — XX asrning 10—20-yillarida fransuz adabiyotida paydo boʻlib, tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik, teatr, kino sohalariga, keyinchalik boshqa mamlakatlar (Belgiya, Chexoslovakiya, Yugoslaviya, AQSH, Meksika, Yaponiya)ga ham tarqalgan avangardlik yoʻnalishi. Markiz de Sad, J. Nerval, shuningdek, A. Rembo, Lotreamondan A. Jarri, G. Apolliner va S. Reverdiga qadar boʻlgan yozuvchilar ijodi S.ning paydo boʻlishida manba vazifasini oʻtagan. S. vakillari aqliy faoliyatdagi, hatto jamiyat hayotidagi shakllangan tizimni tubdan oʻzgartirish daʼvosi bilan chiqqanlar. S.ning yangi adabiy yoʻnalish sifatida maydonga kelishida "Litterature" ("Adabiyot", 1919 —24) jurnali muhim rol oʻynadi. Bu jurnali atrofida birlashgan L.Aragon,L. Breton, F. Supo kabi yozuvchilar S.ga asos soldilar. Koʻp oʻtmay, ular davrasiga P. Elyuar, R. Desnos, A. Arto va boshqa kelib qoʻshilishdi.

S. miyaga ilk bor kelib qolgan soʻz, nutq parchalari, turli-tuman xayollarning dastlabki, kutilmagan bir holatdagi ajabtovur shaklini har qanday ijodiy faoliyatning xamirturushi, asosi, deb eʼlon qilgan. Syurrealistik teatr (asoschisi A. Arto) va kinematografiyada ham ayrim sahna va kadrlarning bir-biri bilan mantiqsiz bogʻlanishi va umuman aql-zakovat doirasidan chetga chiqish "haqiqiy reallik" sifatida tan olingan.

Dastlab syurrealistlarning turfa toʻgaragiga S.ning isyonkorlik ruhiga uchgan, tevarak-atrofdagi dunyo tartibotini xush koʻrmagan, insonning jamiyatdagi hayotida uchrab turadigan qiyinchiliklarni oʻrganish va bartaraf etish xayoli bilan yashagan yirik yozuvchilar ham aʼzo boʻlishgan. S.ning ijtimoiy tizimni kayta qurish haqidagi niyati afsonavor uydirma ekanligini tushungan, S. estetikasidagi badiiy asarga xos maʼnodorlik va yaxlitlikning bekor qilinganini koʻrgan katta isteʼdod egalari syurrealistlar safini tark etganlar. 30 -yillarning oxiriga kelib, mistikaga oshkora ravishda berilgan A. Breton boshchiligidagi ayrim shoirlargina S.ga sodiq boʻlib qoldilar va ular safi taqlidchilar hisobiga kengaydi. 40-yillarning boshlarida A. Breton, S.Dali, I. Tangi va boshqalarning muhojirlikka ketishi bilan S.ning markazi AQShga koʻchdi. Fransiyada S.ni qayta tiklashga qaratilgan urinish samara bermadi.

S. adabiy-badiiy yoʻnalish sifatida oʻz umrini oʻtagan boʻlsada, uning gullagan davrida ishlab chiqilgan ayrim badiiy usul va vositalardan tasviriy sanʼat, teatr va kinodan tashqari, amaliy sanʼatda ham istifoda etilmoqda.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Andreyev L. G., Syurrealizm, M., 1972.

Naim Karimov.