Kontent qismiga oʻtish

Sulaymon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sulaymon (arabcha: سُلَيْمان‎; qadimgi ivritcha: שְׁלֹמֹה) – Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri, hukmdor. Miloddan avvalgi 965—928-yillarda Isroil-Iudeya podshohi boʻlgan. Dovudning (David) oʻgʻli. U yahudiy va xristian diniy adabiyotlarida Solomon nomi bilan maʼlum

13 yoshida taxtga oʻtirgan. Yetuk bilimli, har bir ishda hukm chiqarishda otasidan koʻra olimroq boʻlgan. Rivoyatga koʻra, u jamiki ins-u jin, hayvonlar va parrandalar olamiga podshohlik qilgan, qushlar tilini tushungan. Shamollar ham uning ixtiyorida boʻlib, Sulaymon farmoniga koʻra, u xodit bildirgan joyda esardi. Sulaymonga berilgan moʻjizalardan biri mis koni edi, deb rivoyat qilinadi: paygʻambar izmidagi jinlar oʻsha misdan uning xohlagan narsasini yasab berishar ekan. Jinlarning Sulaymonga qasrlar bunyod etgani, dengiz tubidan dur-u javohirlar olib chiqib bergani naql etiladi. Sulaymon oʻz qoʻl ostida bir necha xil qushlarni tarbiya qilardi. Bular orasida hudhud (sassiq popishak) ham boʻlib, u Yamanning Sabo shahridan quyoshparast malika Bilqis haqida xabar keltiradi. Sulaymon Bilqisga maktub yoʻllab, uni yolgʻiz Allohga itoat etishga daʼvat etadi (Naml surasi, 20—37oyatlar).

Sulaymon otasining vasiyatiga koʻra, Aqso masjidini qurdirdi. Sharq va Gʻarbda bir qancha mamlakatlarni zabt etib, jahongir boʻldi. Sulaymonning oʻlimi bilan bogʻliq rivoyat jinlar, devlar gʻaybni – kelajakda roʻy beradigan voqea-hodisalarni biladi, degan gumonlarni rad etadi: jon taslim qilgan Sulaymon tayangan hassani uzoq vaqt yogʻoch qurti yeb u yerga qulab tushmaguncha, jinlar Sulaymonning vafot etganini bilmaganlar va paygʻambar ularga buyurgan vazifa – baland qasr bino qilish ishini davom ettiraverganlar (Sabaʼ surasi, 14-oyat). Shunday qilib, Sulaymon oʻlib, devlar mehnatdan qutulgan ekan[1].

  1. „Sulaymon“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (S-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
  • Paygʻambarlar qissasi, T., 1993.