Suhravardiylik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Suhravardiylik, suhravardiya — tasavvuf tariqati. Asosiy gʻoyasi — odamlarning qalbi va ruhini poklashga undash. Asoschisi — Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy (1144—1234). 12-asr oxiri — 13-asr boshida Iroqda, Ikki daryo oraligʻi hududida zohidlik maktabi doirasida tarkib topgan. S. shaharliklar tariqati boʻlib, aʼzolari soni savdohunarmand ahli va jamiyatning oʻqimishli qatlamlari hisobiga koʻpayib borgan. Umar Suhravardiy sunniylik aqoidchisi boʻlib, moʻʼtadil sufiylik qarashlarini targʻib qilgan va Bagʻdodning siyosiy hayotida faol qatnashgan. Uning asarlari Abu Homid Gʻazoliy asarlari bilan birga S.ning gʻoyaviy asosi boʻlgan. Umar Suhravardiy 2 ta asar yozgan. Birinchisi, "Kashf alfidoyix alyoʻnaniyna va rashf annasaix animoniya" boʻlib, yunon falsafasini, jumladan, Aristotel peripatetizmini tanqid qilishga bagʻishlangan. Ikkinchisi, bizgacha yetib kelgan asari "Avorif ulmaorif" boʻlib, u 63 bobdan iborat, asosan, tasavvuf gnoseologiyasi, odobaxloqi, psixologiya amaliyotiga bagʻishlangan. Unda dunyoviy ilm bilan iloxiy ilmning uzviy bogʻlanishi tan olingan. Asarda "dunyoviy ilm — goʻyoki sut, iloqiy ilm esa — uning qaymogʻi" deb hisoblangan. Bu bilan muallif materiyaga qaraganda ruh yuqoriroq mavqega ega demoqchi. Bu kitob keyingi davrlarda yashagan barcha sufiylarning avlodlari uchun tasavvuf axloqi va amaliyoti masalalari boʻyicha qoʻllanma vazifasini oʻtagan. Asar arab, fors, nemis, ingliz tillarida ilgarilari ham, 20-asrda ham koʻp marta nashr etilgan. S. keyinchalik Hindiston (Sind, Panjob, Moʻlton, Gujarot)da tarkalgan va chishtiylik tariqati bilan bir qatorda eng taʼsirli tariqat sanalgan, dastlabki davrda bu mamlakatga kelib qolgan kamsonli musulmonlarni birlashtirishda muhim rol oʻynagan. S. Sharq mamlakatlarida keng tarqalib, har xil davrdagi allomalar unga oʻz hurmatlarini bildirishgan. Mas, Alisher Navoiy uni eʼzozlab tilga oladi. Shayx Saʼdiy Umar Suhravardiyni oʻzining ustozi deb bilgan. Amir Temurning piri Shayx Shamsiddin Kulol ham S. tariqatiga mansub edi.

S. 16—17-asrlarga kelib bir necha mustaqil oqimlar (shattariya, bahoiya, jaloliya, jamoliya, mahmudiya, davlatshohiya va boshqa oqimlar)ga bulinib ketdi.

Omonulla Fayzullayev.