Kontent qismiga oʻtish

Sugʻurta kompaniyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sugʻurta kompaniyasi (Sugʻurtalovchi) – sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga ixtisoslashgan yuridik shaxs, sugʻurta xizmatlari bozorining professional ishtirokchisi. Oʻzbekiston Respublikasida Sugʻurta kompaniyasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtganidan keyin yuridik shaxs maqomini oladi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olganidan soʻnggina sugʻurta faoliyatini amalga oshiradi. Sugʻurta kompaniyalariga hayot sugʻurtasi va hayot sugʻurtasidan tashqari umumiy sugʻurta turlarini oʻtkazish uchun litsenziya alohida-alohida beriladi. Hayot sugʻurtasini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olgan Sugʻurta kompaniyasi ushbu sugʻurta turidan tashqari boshqa umumiy sugʻurta turlari bilan shugʻullanishi mumkin emas yoki aksincha.

Sugʻurta kompaniyasi turli mulk shakllarida faoliyat koʻrsatishlari mumkin. Oʻzbekiston sugʻurta bozorida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritayotgan sugʻurta kompaniyalari koʻpchilikni tashkil etadi. Ular tarkibida eng yirik „Oʻzagrosugʻurta“ davlat aksiyadorlik Sugʻurta kompaniyasi va „Kafolat sugʻurta kompaniyasi“ AJ, Madad sugʻurta agentligi va „ALSKOM“ ochiq aksiyadorlik Sugʻurta kompaniyasi, „Osiyo temir yoʻl“ Sugʻurta kompaniyasi va boshqalar bor.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida 20 tadan ortiq Sugʻurta kompaniyasi faoliyat kursatadi (2004).

Xoʻjayor Shennayev.