Sudanoʻt

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sudano'tdan yoʻnaltirildi)

Sudanoʻt, sudan qoʻnogʻi (Sorghum sudanense) — boshoqdoshlarga mansub bir yillik oʻt, yem-xashak ekini. S.ning vatani — Sudan. Afrikada yovvoyi holda oʻsadi. Gʻarbiy Yevropa, Afrika, Hindiston, Amerika, Avstraliya, Oʻrta Osiyoda koʻk massa, pichan, senaj, silos uchun ekiladi. Ildizi yaxshi taraqqiy etgan, tuproqqa 1–2 m gacha kirib boradi. Poyasi 0,5 –3 m (Sudanda 7 m gacha), och yashil tusli. Tuplanib, bir tupda 80—120 poya chiqaradi. Barglari oddiy, tasmasimon, uz. 45—70 sm. Toʻpguli roʻvak, piramidasimonoval shaklda, uz. 40 sm gacha boradi. Mevasi — poʻstga oʻralgan don. 1000 ta donining vazni 5—15 g. Qurgʻoqchilikka chidamli, nam joylarda qumoq va qumloq tuproklarda yaxshi oʻsadi. Urugʻlari ekilgandan keyin 8— 10° da 4—7 kunda unib chiqadi. Unib chiqqan maysalari — 3—4° da sovuqda nobud boʻladi. Tuplanish fazasidan boshlab avj olib usadi va kuniga 5— 10 sm dan boʻy berib boradi. Vegetatsiya davri 110—130 kun. S. yiliga 3— 4 marta oʻriladi. Sugʻoriladigan sharoitlarda gektaridan 700—900 s koʻk massa, 100—150 s pichan, 25 s gacha don beradi. 100 kg pichanida 57 ozuka birligi va 9 kg hazm boʻlad iga n protein bor. Tarkibidagi protein miqdori jihatidan S. faqat dukkakli oʻsimliklardan keyin turadi. Oʻzbekistonda Qoraqalpogʻiston dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutida S.ning Chimboy 8 (1993) va Chimboy yubileyi (1985) navlari chiqarilgan va rayonlashtirilgan. S. zararkunandalarga chidamli, lekin don kuyasi va barg zang kasalliklari bilan zararlanadi.