Strawberry Fields Forever

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Strawberry Fields Forever“
The Beatles singli
A tomon „Penny Lane“
Qachon chiqarilgan 13-fevral, 1967-yil(1967-02-13)
Yozib olingan 29-noyabr, 8-22-dekabr 1966-yil
Studiya EMI, London
Janr
Davomiyligi 4:07
Leybl
Matn muallif(lar)i Lennon–McCartney
Prodyuser(lar) George Martin
The Beatles singllar xronologiyasi
„Eleanor Rigby“ / „Yellow Submarine“
(1966)
Strawberry Fields Forever“ / „Penny Lane“
(1967)
„All You Need Is Love“
(1967)
Promo film
„Strawberry Fields Forever“ YouTubeda

Strawberry Fields Forever“ (tarjimasi „Qulupnay dalalari bir umrga“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. Qoʻshiq muallifi oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan boʻlsa-da, uni John Lennon yozgan. 1967-yilning 13-fevralida „Penny Lane“ qoʻshigʻi bilan bir qatorda qoʻshaloq singl oʻlaroq chiqarilgan. Tarona guruhning oldingi singllaridan farq qilgan hamda oʻsha paytdagi tinglovchilarni yangicha asar boʻlgan. Qoʻshiq dastlab musiqa taqrizchilari hamda guruh muxlislarini hayratga solgan boʻlsa-da, psixodelik musiqa janriga katta taʼsir koʻrsatgan. Qoʻshiq uchun olingan hamroh promo film esa klip sanʼatidagi muhim yangilik oʻlaroq koʻriladi[6].

Lennon qoʻshiqni bolaligida Liverpul shahrida The Salvation Army cherkoviga tegishli „Strawberry Field“ nomli bolalar uyi bogʻida oʻynagan xotiralari asosida yozgan. „Strawberry Fields Forever“ qoʻshigʻini yozib olish uchun guruh 1966-yilning noyabridan boshlab besh hafta davomida 45 soat sarflagan. Bu davrda qoʻshiqning uch xil versiyasi yozib olingan. Eʼlon qilingan yozuvda mazkur versiyalarning ikkitasi birlashtirilgan. Bu ikki versiya temp, ohang va tonalligi jihatdan bir-biridan farq qilgan. Yakuniy versiya alohida yozilgan cholgʻu partiyalari, mellotron va savarmandalda ijro etilgan kuylar, kasseta halqalari, kirish va chiqish kodalari hamda prodyuser George Martin aranjirovka qilgan violonchel va puflab chalinadigan asboblar partiyasini oʻzida mujassamlashtirgan. Hamroh promo filmni suratga olishda esa lentani ortga aylantirish, kadrlarni birdan almashtirish va superimpozitsiya kabi eksperimental texnologiyalardan foydalanilgan.

„Strawberry Fields Forever“ „Revolver“ albomi yakunlanganidan keyin guruh studiyada yozib olgan ilk trek boʻlib, dastlab uni „Sgt. Pepper's Lonely Hearts Club Band“ albomiga kiritish rejalashtirilgan boʻlgan. Buning oʻrniga, yozuv shirkati hamda menejerlar guruhni yangi tarona chiqarishga chorlab oʻtkazgan bosim ostida tarona singl oʻlaroq chiqarilgan. Guruh oʻsha paytgacha amal qilib kelingan anʼanaga binoan, avval chiqarilgan qoʻshiqlarni yangi studiyaviy albomga kiritmagan. „Strawberry Fields Forever“ va „Penny Lane“ kiritilgan qoʻshaloq singl „Record Retailer“ xit-paradida ikkinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. „Strawberry Fields Forever“ qoʻshigʻiga qadar toʻrt yil davomida guruhning har bir singli Buyuk-Britaniya xit-paradida birinchi pogʻonani egallab kelgan boʻlgan. AQShda tarona „Billboard Hot 100“ xit-paradida sakkizinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Guruhga xush kelmagan holda qoʻshiq Amerikada „Magical Mystery Tour“ mini-albomiga kiritilgan.

Lennon „Strawberry Fields Forever“ qoʻshigʻini „Beatles“ aʼzosi oʻlaroq yozgan eng sara asari deb bilgan. Lennonning oʻlimidan keyin, Nyu-Yorkdagi Central Park bogʻining bir qismiga „Strawberry Fields“ nomi berilgan. 1966-yil qoʻshiqning ilk versiyasi „Anthology 2“ toʻplamida eʼlon qilingan. 2006-yil „Love“ remiks albomi uchun qoʻshiqning yangi versiyasi yaratilgan. Taronani bugunga qadar bir necha xonanda va guruh, jumladan, Richie Havens, Todd Rundgren, Peter Gabriel, Ben Harper hamda Debbie Harry bilan birga „Los Fabulosos Cadillacs“ guruhi kaver qilgan. 1990-yil Manchester shahrida tuzilgan „Candy Flip“ guruhi ijro etgan kaver Buyuk Britaniya va Irlandiya xit-paradlarida yuqori oʻntalikka kirgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Snoskalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. DeRogatis 2003, s. 48.
  2. Doggett 2015, s. 373.
  3. Philo 2015, s. 119.
  4. Frith, Simon (1981). „1967: The Year It All Came Together“. The History of Rock. Available at Rock’s Backpages (subscription required).
  5. Carr & Tyler 1978, s. 62: „Both ['Strawberry Fields Forever' and 'Penny Laneʼ] represent definitive English acid-rock (as opposed to its American cousin) … The subject-matter was essentially 'Liverpool-on-a-sunny-hallucinogenic-afternoonʼ.“
  6. Burns 2000, s. 176.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]