Sovut

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sovut
Sovut

Sovut — jangda tanani oʻq, nayza va qilich zarbidan saqlash uchun kiyiladigan mustahkam harbiy kiyim. Oʻrta Osiyo va Sharq qoʻshinlarida ilk oʻrta asrlardan boshlab qoʻllanishda boʻlgan. Turkiylar tomonidan temir eritishning yoʻlga qoʻyilishi turli jang qurollari qatori sovutning ham ixtiro qilinishiga zamin boʻlgan. Sovut dastlab toʻr koʻylak shaklida poʻlat simdan toʻqilgan. Keyinchalik uning chidamligini yanada oshirish maqsadida ustiga har xil shakldagi metall tangachalar qoplangan. Sovutning yoqasiz va yengsiz turlari ham boʻlgan, ular yashirin ravishda oddiy kiyim tagidan kiyilgan. Sovut ostidan maxsus paxtali kiyim — hafton kiyilgan. Turk xoqonligi qoʻshinida sovut „yaraq“, qoraxoniylar qoʻshinida „yariq“, „quyagʻ“, koʻkrak sovuti esa „tura“ soʻzlari bilan ifodalangan. Amir Temur, Bobur va oʻzbek xonlari qoʻshinida sovutning rangbarang turlari mavjud boʻlgan. Jumladan, simdan toʻqilgan javshan, temir zanjirlardan yasalgan zirh, metalldan yasalgan jubba, koʻktemur, poʻlatdan yasalgan oha, koʻha kabi sovut turlari tarixiy-badiiy asarlarda oʻz ifodasini topgan. Jangovar otlarga va fillarga moʻljallab tayyorlangan sovutlar ham qurollanishda boʻlgan va ular kejim hamda „bargustvon“ deb yuritilgan. Tunda askar tomonidan toʻshak oʻrnida foydalanilgan va ot sagʻrisida olib yurilgan yopinchiq „bagtar“ deb atalgan. Askar tizzasi va butini dushman quroli zarbidan saqlovchi sovut turlari „tizlik“ va „butluq“ deb nomlangan.