Oʻzbekiston ovozi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sovet Oʻzbekistonidan yoʻnaltirildi)
Oʻzbekiston ovozi
Turi ommaviy ijtimoiy-siyosiy gazeta
Formati A1
Kimga tegishli Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi
Asos solingan 1991-yil
Tili oʻzbek, rus
Narxi 6000 soʻm
Bosh ofisi Matbuotchilar, 4-uy, Toshkent
Adadi 10000 nusxa
Vebsayt uzbekistonovozi.uz

Oʻzbekiston ovozi — ijtimoiy-siyosiy gazeta. Muassisi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi. Haftada 3-marta, rus tilidagi nashri — "Golos Uzbekistana" esa 1-marta chiqadi. Dastlabki soni 1918-yil 21-iyunda — "Ishtirokiyun" ("Kommunist") nomi bilan chiqqan. Keyinchalik "Qizil bayroq" (1920), "Turkiston" (1922), "Qizil Oʻzbekiston" (1924), "Sovet Oʻzbekistoni" (1964) nomlarida nashr etilgan. 1991-yildan hozirgi nomda. Gazetaga turli yillarda U. Eshonxoʻjayev, Qamchinbek, K. Aliyev, Q.Sorokin, M. Shermuhamedov, M. Romiz, M. Hasanov, V. Rahimiy, A. Xudoybaxtov, M. Usmonov, R. Majidiy, A. Oʻrazayev, R. Abdurahmonov, S. Azimov, O. Abdurahmonov, S. Rajabov, H. Gʻulomov, Sh. Rashidov, M. Qoriyev, L. Qayumov, Oʻ. Usmonov, R. Rahmonov, Sh. Ubaydullayev, A. Suyun va boshqalar muharrirlik qilgan.

Oʻzbek adabiyoti va jurnalistikasining ulkan namoyandalari — Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy (Julqunboy), Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Sobir Abdulla, Zulfiya va boshqalar oʻzlarining ilk ijodlarini shu gazeta sahifasida eʼlon qilganlar.

Hayotning barcha sohalarida boshlangan islohotlar mohiyatini ochib berish, istiqlol siyosatini xalq qalbiga olib kirish, yangicha ong, yangicha tafakkurni shakllantirish, mustaqillik mafkurasini yaratish — gazetaning asosiy vazifasidir. Siyosat, maʼnaviyat va maʼrifat, parlament va huquq, ijtimoiy hayot va iqtisodiyot, ekologiya va sihatsalomatlik, sport va harbiy vatanparvarlik, xatlar va ommaviy ishlar hamda tijorat boʻlimlari bor. Mamlakatning barcha viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham oʻz muxbirlariga ega. Adadi 10000 (2005). Bosh muharriri Safar Ostonov (2002-yildan).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rasmiy sayti, 2020-01-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-01-16