Solih ibn Vosif
| Solih ibn Vosif صالح بن وصيف | |
|---|---|
| Vafoti | tax. 870-yil 29-yanvar |
| Fuqaroligi | Abbosiylar xalifaligi |
| Qoʻshin turlari | Abbosiylar davridagi turk harbiy qismi |
| Xizmatdagi yillari | tax. 866 – 870 |
| Unvoni | harbiy zobit |
| Jang/urush | Abbosiy fuqarolar urushi |
| Aloqa | Vosif (otasi) |
Solih ibn Vosif (arabcha: صالح بن وصيف) (870-yil tax. 29-yanvarda vafotetgan[1]) – Abbosiylar xalifaligi xizmatida boʻlgan turk zobiti. Samarradagi anarxiya davrida muhim shaxslardan biri boʻlgan Vosif at-Turkiyning oʻgʻli. 869-yilda poytaxt Samarrada qisqa muddat hokimiyatni qoʻlga kiritib, xalifa al-Mu’tazzni taxtdan agʻdargan. Biroq keyinchalik sarkarda Muso ibn Bugʻa al-Kabir tomonidan magʻlub etilgan va keyingi yili oʻldirilgan.
Datlabki faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Solih al-Mu’tasim xalifaligi davrida (h. 833–842) mashhurlikka erishgan turk qoʻmondoni Vosif at-Turkiyning oʻgʻli edi. Vosif oʻzining ittifoqchisi, yana bir turk sarkardasi Bugʻa ash-Sharabiy bilan birgalikda xalifa al-Mutavakkilning (h. 847–861) oʻldirilishida ishtirok etgan. Al-Mutavakkilning oʻlimidan keyin boshlangan notinch davrda (yaʼni 861–870 yillardagi Samarradagi anarxiya davrida) Vosif va Bugʻa yuzaga kelgan voqealarning asosiy ishtirokchilaridan boʻlishgan. Ular markaziy hokimiyat ustidan katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan va bir nechta xalifalar hamda nufuzli shaxslarning hokimiyatdan qulashiga sabab boʻlgan[2].
868-yilda otasi Vosifning vafotidan oldin, Solih, asosan, uning qoʻl ostida xizmat qilgan boʻlishi mumkin. 867-yilga qadar boʻlgan davrda Solihning hayoti haqida maʼlumotlar juda kam[3]. Tarixchi at-Tabariyning yozishicha, Solih xalifa al-Mutavakkilga uyushtirilgan suiqasdda bilvosita ishtirok etgan, u otasi tomonidan fitnachilarga yordam berish uchun yuborilgan besh oʻgʻillaridan biri edi[4]. 865-yilda esa Solih otasi Vosif, Bugʻa al-Sharobiy va xalifa al-Mustaʼin (h. 862–866) bilan birga Samarradan Bagʻdodga qochib ketgan. 865–866-yillardagi al-Mustaʼin va al-Muʼtazz (h. 866–869) oʻrtasidagi fuqarolar urushi oxirlariga kelib, Solih shaharning sharqiy qismidagi Shammosiyya darvozasi boshqaruviga tayinlangan[5].
867-yil oktyabr oyi oxirlarida Vosif Samarradagi gʻazablangan askarlar tomonidan oʻldirilgach, dastlab uning oilasi noaniq va zaif ahvolda qoldi. Vosifning rasmiy lavozimlari uning eski ittifoqchisi Bugʻa al-Sharobiyga topshirildi. Olomon Vosif hamda uning oʻgʻillarining uylari va mol-mulkini talon-taroj qilishga urinishdi, biroq bu urinish muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi[6]. Bu paytda Solih Vosif urugʻining yetakchiligini oʻz zimmasiga oldi va otasining tarafdorlarini oʻziga sodiq qolishiga erishdi. Ushbu tarafdorlar tarmogʻi orqali u tez orada otasining siyosiy mavqeini egalladi va katta taʼsir kuchiga ega boʻldi[7]. Solihning obroʻ-eʼtibori ortishi natijasida u bir qancha xalifalik lavozimlariga tayinlandi. 868-yil boshlarida Diyor Mudar, Qinnasrin va Avasim viloyatlarining boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi va bu hududlarga oʻzining vakili sifatida Abu as-Soj Devdadni hokim etib tayinladi[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Yarshater 1985–2007, v. 36: p. 90
- ↑ Kennedy 2004, ss. 157, 168–72
- ↑ Gordon 2001, s. 97
- ↑ Yarshater 1985–2007, v. 34: p. 180
- ↑ Yarshater 1985–2007, v. 35: p. 102
- ↑ Yarshater 1985–2007, v. 35: p. 146
- ↑ Al-Ya'qubi 1883, s. 614; Al-Mas'udi 1861–1877, v. 7: p. 396; Gordon 2001, ss. 97–98, 114
- ↑ Yarshater 1985–2007, v. 35: p. 154