Soʻfi Olloyor masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Soʻfi Olloyor Masjididan yoʻnaltirildi)
Masjid
Soʻfi Olloyor masjidi
Shahar Denov
Masjid turi jomʼe masjid
Binokorlik sanasi 1713 yil
Soʻngi imom Badalboyev Mansur[1]

Soʻfi Olloyor masjidi — Oʻzbekistonda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (1713-yil).

Nomlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid Soʻfi Olloyor nomi bilan bogʻliq. Lekin bu nom keyinchalik yuzaga kelgan. Sababi masjid qurilgan vaqtda hali Soʻfi Olloyor dunyoga kelmagan edi. Ayrim taxminlarga koʻra Soʻfi Olloyor shu masjidda nomoz oʻqigan yoki imomlik qilgan boʻlishi mumkin. Sababi u shuyerga yaqin boʻlgan qishloqda yashab ijod qilgan.

Oʻxshash nomlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andijon viloyati Ulugʻnor tumanida ham Soʻfi Olloyor jom’e masjidi mavjud. Samarqand viloyatida ham ayni shu nomdagi jom’e masjidi faoliyat olib boradi.

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻfi Olloyor masjidi Surxondaryo viloyati Denov shahridagi Vashnivor soyi boʻyida joylashgan Katta vashnivor qishlogʻida joylashgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixshunos L. I. Rempel ustunlarning birida 1713-yil sanasi borligini aniqlagan. Shunga koʻra masjidning taxminan 1713-yilda qurilganligi aniqlangan. Lekin ayrim manbalarda binoning hijriy 985, milodiy 15511552-yillar oraligʻida qurilganligi ham aytib oʻtiladi[2].

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻfi Olloyor masjidining umumiy tarhi (14,0 x 16,2 metr), xonaqoh (11,1 x 9,7 metr), ikki tomonlama ayvon hamda qoʻshimcha xonalardan iborat. Devori sinchli paxsadan qurilgan, tomi toʻsinli. Shimoli-sharqiy tarziga mehrobsimon ravoqlar, tobadoniga ganchkori panjaralar ishlangan. Xonaqohdagi mehrob ravogʻi ancha chuqur, 2 tomonidagi 4 ravoqqa boʻrtma chiziqlar qilingan. Bunday bezaklar janubi-gʻarbiy ayvon devorlarida ham bor. Ayvondagi yetti ustun, xonaqohdagi oltinchi ustun (L. I. Rempel ustunlardan birida qurilgan yili qayd etilganini aniqlagan) oʻyma va rangli naqshlar bilan bezatilgan. Ustun va deraza panjaralari qayta taʼmirlangan.

Masjid xonaqohining tomi uchta qatorda ikkitadan qilib joylashtirilgan oltita ustunga tayanib turadi. Oʻrta qatordagi ustunlar birmuncha yangi boʻlib, bu ularning soʻnggi taʼmirlash vaqtida qoʻyilganligidan dalolat beradi. Asosiy va koʻndalang toʻsinlar hamda ustunlarda ustalar tomonidan yozib qoldirilgan oʻymakorlik bitiklari mavjud. Shuningdek inshootning shift qismida ham bitiklar mavjud. Kapitellar — ustunning shiftga tutashgan yuqori qismida yozib qoldirilgan qadimiy bitiklardir. Bu bitiklarning noyobligi shundaki, asosan yogʻochga oʻyilgan yozuvlar bu qadar sof va aniq tarzda saqlanishi mazkur hudud uchun xos emasligidadir. Masjid peshtoqi, ustunlari va shiftlaridagi yozuvlarning koʻpligi hamda xilma-xilligi masjidning turli davrlarda qayta-qayta taʼmirlanganligidan dalolat beradi[2].

Oʻrganilinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1977-yilda Z. A. Arshavskaya tomonidan ilmiy oʻrganilgan[3].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Суфи Оллоёр жоме масжиди“. masjid.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. 2,0 2,1 F.Abduxolikov; A.Hakimov; B.Abduhalimov; B.Bobojonov; A.Mansurov. O'zbekiston obidalaridagi bitiklar: Surxondaryo, Kolor Pak MCHJ, Toshkent: Uzbekistan today, 2015-yil — 222-2223 bet. ISBN 978-9943-4509-6-7. 
  3. "Soʻfi Olloyor masjidi" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil