Sinszyan tarixi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Qoraxoniylar davlatining chegarasi, 1025-yil

Taklamakon choʻli atrofidagi arxeologik qazilmalar bu yerda 4—5 ming yil muqaddam ancha yuksak madaniyatga ega hayot mavjud boʻlganligidan dalolat beradi. Kad. Xitoy manbalarida oʻlka Siyuy (Gʻarbiy yurtlar) deb nomlangan boʻlib, bundan 3—4 ming yil avval mavjud boʻlgan sirung (gʻarbiy xalqlar) etnonimidan kelib chiqqan[1]. Oʻsha vaqtda Sharqiy Turkistonda rung, gʻarbiy rung deb nomlangan turkiy xalq yashagan. Kruron, Turfon, Kusan, Qashqar (Suli), Yorkend (Yuytyan), Xoʻtan (Udun), Usun kabi Hun ymperiyasi taʼsiridagi davlatlar mavjud boʻlgan[2]. Keyingi davrlarda ham bir qancha xonliklar qatorida Turfon davlati (Gauaochan) (460—640 yillar) ham yuzaga kelgan. Oʻsha vaqtda Xitoyda mavjud boʻlgan Gʻarbiy va Sharqiy Xan imperiyalari oʻlkani qoʻlga kiritish va Xitoydan gʻarbga boradigan yoʻlni oʻz nazoratiga olish uchun bir necha bor uringan. Sharqiy Turkiston Buyuk ipak yoʻlida boʻlganligi sababli, u doim yirik davlatlar eʼtiborini tortib turgan. Mil. 3-asrda Sharqiy Turkistonning shimoliy qismi — Jungʻariya syanbi, 5—6-asrlarda jujan, 6-asrning 2-yarmida turk qabilalari nazoratida boʻldi. Turk xoqonligi tuzilgandan soʻng, unga Sharqiy Turkistonning shahar-davlatlari kirgan[3]. Oʻsha vaqtda buddizm rivojlanishi yuksaldi. 7-asrda Sharqiy Turkiston va Jungʻariyada Tan sulolasining nazorati oʻrnatildi. 7-asrning 70-yillarida uning janubiy qismi (hozirgi Kuchor, Xoʻtan, Qorashahar, Qashqar) tibetliklar qoʻl ostiga oʻtdi. 9-asrda Uygʻur xoqonligi yemirilgandan soʻng , Urxun va Selenga daryolari havzasida yashagan uygʻurlarning bir qismi bu yerga koʻchib oʻtdi. Uygʻur davlati tuzildi va u bir necha yil Qoraxitoylarning vassali boʻlgan. 13-asrning 10—20 yillaridan Chingizxonga tobe boʻldi. 1251-yil Gʻarbiy Jungʻariya va Qashqar hududlari Chigʻatoy ulusiga, shimoliy qismi Tarbagʻatoy bilan birga Oʻqtoy ulusi tarkibiga kirgan[4]. Uygʻur davlati esa Moʻgʻul xonlari qoʻl ostiga oʻtgan. 1465-yilda doʻgʻlot avlodi vakili boʻlgan Abu Bakr boshchiligida markazi Yorkend shahri boʻlgan xonlik tashkil topdi. Keyinroq Xoʻtan va Qashqar viloyatlari, 1499—1504 yillarda Oqsuv, Uchturfon viloyatlari ushbu xonlik doirasiga kirdi. 1514-yilda Yorkend taxtiga Tugʻluq Temur avlodlaridan boʻlgan Saidxon oʻtirdi. Keyingi ikki yil davomida Sharqiy Turkistonning qolgan qismi ham shu xonlik ixtiyoriga oʻtib, sharqda uning chegarasi Buyuk Xitoy devori boshlangan joy (Chzyayuyguan) gacha yetdi. 16—17-asrning 1-yarmida Yorkend xonligi har taraflama yuksalgan. 1635-yildan Yorkend davlati shimolda, yaʼni Jungʻariyadagi oyrot qabilalari kuchayib, Oyrot xonligini tuzdilar. 17-asr oxirida oyrotlar Oboqxoʻjani Yorkend xonligi taxtiga oʻtkazdilar, shundan soʻng Yorkend xonligi xoʻjalar sulolasi qoʻliga oʻtdi. Manjurlarning Sin sulolasi 18-asrning 60-yillarida Sharqiy Turkistonni bosib olgach, bu hudud xitoy tilida Sinszyan („Yangi chiziq“ yoki „Yangi chegara“) deb atala boshlangan. Sin sulolasining Sharqiy Turkistonni bosib olishi bilan birga bu yerda oʻsha vaqtdagi tuzumga qarshi qoʻzgʻolonlar kuchaydi. Uygʻur va doʻngonlarning qoʻzgʻoloni natijasida (1862—77) bir necha mahalliy xonliklar (Kuchar, Qashqar, Xoʻtan, Urumchi va Ili sultonligi) tuzildi. Keyinchalik taxt uchun kurash kuchayib, oldingi xonliklar birlashtirilib, 2 davlat — Yoqubbek boshchiligida Yettishahar Uygʻur davlati va doʻngonlarning shahar ittifoqi (1864—72) vujudga keldi. Qoʻzgʻolon bostirilgach, bu hudud Sinszyan nomi bilan Xitoy provinsiyasi (sheng)ga aylantirildi. 1911—13 yillarda milliy ozodlik harakati natijasida Sinszyanda Sinlar hukmronligi tugatildi. Keyingi 40 yil davomida hokimiyat tez-tez oʻzgarib turdi. 1944-yilda boshlangan „Uch viloyat inqilobi“ natijasida oʻsha yili 12-noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati eʼlon qilinib, Alixontoʻra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi hamda Milliy qoʻshinga qoʻmondon etib tayinlandi. 1949-yil sentyabrda ushbu jumhuriyatning aksariyat rahbarlari Pekinga muzokaraga uchib ketayotgan vaqtida aviahalokatga uchradilar. 1955-yil oktyabrda Sinszyan viloyati Sinszyan-Uygʻur muxtor rayoni deb oʻzgartirildi va XXR tarkibiga kiritildi.

Manbalar[tahrir]