Sifat (falsafa)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sifat (falsafada) — obʼyektning muhim belgilarini ifodalaydigan falsafiy tushuncha. S. obʼyekt tarkibiy qismlarining oʻzaro turgʻun munosabatlarini aks ettiradi, bu munosabatlar bir obʼyektni ikkinchi obʼyektdan ajratib turadigan oʻziga xos tomonlarini anglatadi. Shu bilan birga S. bir turdagi obʼyektlarga xos umumiylikni ham ifodalaydi. S. tushunchasini dastlab Aristotel taxlil qilgan. U S.ni narsalarga nisbatan aksidensiya deb taʼriflaydi. Ibn Sino esa S.ni narsalarning ajralmas xususiyati, oʻz-oʻzicha mavjud emas deb hisoblaydi. Yangi davr falsafasida birlamchi va ikkilamchi sifatlar tushunchasi shakllangan. Gegel S.ga borliq bilan aynan boʻlgan muayyanlik deb taʼrif bergan. Uning fikricha, S. yoʻqolishi bilan predmetning oʻzi ham yoʻqoladi. Obʼyektiv olamdagi narsalar oʻzgarishda va rivojlanishda boʻlishi bilan birga, ular nisbatan barqaror yaxlitlikka ega boʻlib, muayyan buyum yoki narsa koʻrinishi (sifat)da namoyon boʻladi. Biron narsaning aynan shu narsa ekanligini koʻrsatuvchi jihati uning S.idir. S. predmetning ichki mohiyatini, ichki va tashqi aloqadorliklari birligini ifodalaydi. S. predmetning miqdor xususiyatlari bilan chambarchas bogʻlangan. Mas, suv kimyoviy tarkibiga koʻra 2 vodorod atomining 1 kislorod atomiga birikishidan hosil boʻlgan. Agar atomlar nisbati oʻzgarsa suv boshqa sifatli kimyoviy moddaga aylanishi ham mumkin. Suvning fizik xossasiga koʻra u 0° dan + 100° gacha boʻlgan haroratda oʻzining suyuklik sifatini saklaydi, 0° dan past haroratda muzga aylanadi, +100° dan yuqori haroratda bugʻ, yaʼni gaz holatiga oʻtadi. Bu yerda miqdor oʻzgarishining sifat oʻzgarishiga aylanishini kuzatish mumkin. Hozirgi zamon falsafasida S. narsalarning ichki va tashqi muayyanligi, narsaning bir qator xossa, belgi, xususiyatlari birligini ifodalaydi, deb taʼriflanadi. S.ni predmetning xossalari, belgi yoki xususiyatlari bilan aralashtirmaslik lozim. S. predmetning nisbiy barqarorligini, doimiyligini, umumiyligini ifodalasa, xossa va xususiyatlar predmetning muayyan tomon va belgilarini, boshka predmet va hodisalar bilan aloqadorliklarida namoyon boʻladigan jihatlarini ifodalaydi. Falsafada S.lar tabiiy S.lar va ijtimoiy S.larga ajratiladi. Tabiatda narsa va hodisalarning muayyan jihatlarini, jismiyligini, fazovaqt tuzilishini, energetik holatini, tarkibini ifodalovchi S. tabiiy S. deyiladi. Inson faoliyati bilan bogʻliqboʻlgan, kishilarning birbiri va tabiat bilan aloqadorliklari natijasida vujudga kelgan S. ijtimoiy S. deyiladi. Ijtimoiy S. individual va ijtimoiy ong vositasida insonning mehnat faoliyati tufayli vujudga keladi. Ijtimoiy S. oʻz navbatida funksional va sistemaviy S.larga boʻlinadi. Funksional S.ga ega boʻlgan obʼyektlar majmuasi ikkinchi tabiat deb ham ataladi. Unga inson tomonidan yaratilgan narsalar (uy, mix, traktor, samolyot va boshqalar) kiradi. Kishilarning muayyan ijtimoiy munosabatlari majmuini ifoda etuvchi S. sistemaviy S. deyiladi. Bunday S. muayyan buyumda ijtimoiy aloqadorliklar sharoitidagina mavjud boʻladi, bunday aloqadorliklardan tashkarida esa u yoʻqoladi. Odam narsalarning vujudga kelish, rivojlanish, yemirilish, yaʼni boshqa S.larga ega boʻlgan yangi narsalarga aylanish jarayonlaridan iborat. S.ning oʻzgarishi muayyan obʼyektning boshqa obʼyektga aylanganligini bildiradi. S. tushunchasi insonning obʼyektiv reallikni bilishidagi maʼlum bosqichni ifodalaydi. Bilish Sdan miqdorga va soʻng ularning birligi — meʼyorga qarab boradi. Har qanday predmet S. va miqdor birligidan iborat (yana q. Miqdor oʻzgarishlarining sifat uzgarishlariga oʻtishi qonuni).

Adabiyot[tahrir]

  • Ibn Sina, Danishname, M., 1980; Falsafa (maʼruzalar matni), T., 2000.

Baxtiyor Toʻrayev.