Sibir xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sibir xonligi (yoki Turon xonligi,[1][2] sibirtatarcha: Себер ханлыгы[3]) — Sibirning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan turk-moʻgʻul qabilalari boshqargan tatar[4][5] xonligi. Oʻz tarixi davomida Shayboniylar va Toybugʻiylar sulolasi aʼzolari xonlik ustidan hukmronlik qilish uchun tez-tez nizolashdilar. Bu raqobatdosh qabilalarning ikkalasi ham Joʻji va uning beshinchi oʻgʻli Shaybon(Shibon) orqali toʻgʻridan-toʻgʻri Chingizxonga borib taqaladi.  Xonlik hududi bir vaqtlar Moʻgʻullar imperiyasining ajralmas qismi boʻlgan, keyinchalik 1242-1502-yillarda Oltin Oʻrda nazoratiga oʻtgan.

Sibir xonligida turkiy sibir tatarlari, boshqirdlar va turli xil ural tillarida, jumladan, Xanti, Mansi va Selkup tillarida soʻzlashuvchi etnik jihatdan xilma-xil aholi mavjud edi. Sibir xonligi tarixda eng shimoliy musulmon davlat boʻlgan. Uning 1582-yilda Yermak Timofeyevich tomonidan bosqinga uchrashi ruslar tomonidan Sibirni bosib olishning boshlanishi edi.

Aristokratiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sibir xonligini turli tubjoy Sibir qabilalaridan chiqqan Mirzalar (bu oliyjanob unvon) boshqargan. Bu mirzalar Sibir xonining hokimiyati ostida erkin boshqaruvchilik qilishardi . Mirzolar Sibir xonligining jangchilarini ham jangga olib borgan va Tyumen va Sibir xonlariga nominal sodiqlik qilgan.

Madaniyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islom Sibir xonligining rasmiy dini edi. Bu hukmron Tyumen va Sibir xonlarining dini edi. Tyumenda ham, Sibirda ham hukmron tabaqa tomonidan katta masjidlar, saroylar va mustahkam devorlar qurilgan.

Islom diniga nafaqat xon, balki mirzolar ham eʼtiqod qilganlar, ular koʻpincha Oʻrta Osiyoning Buxoro va Samarqand kabi mashhur islom markazlarida taʼlim olganlar. Biroq, shamanizm va boshqa anʼanaviy eʼtiqodlarga ham koʻpchilik tomonidan amal qilgan. Baʼzi guruhlar shamanizm elementlarini oʻzida mujassam etgan islomning shakliga amal qilgan[6].

Sibir xonligining yetakchi imomlari va muftiylari  Qozon va Samarqandda maʼlum bir taʼsirga ega boʻlgan. Sibir xonligi tarixda eng shimoliy musulmon davlati boʻlgan. Uning hududlari hatto Shimoliy Muz okeanining qirgʻoq qismlarini ham oʻz ichiga olgan[7].

Sibir xonligi Oʻrta Osiyo va Qozon xonligi bilan keng savdo aloqalariga ega edi[8].

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tyumen Sigismund fon Gerbershteyn xaritasida, 1549-yilda nashr etilgan.

Bu hududda dastlab asosan samoyed va ugr xalqlari yashagan[9]. XI asrda qipchoqlar bu hududda yashay boshlagan, bu esa aholining turkiylashishiga olib kelgan[10]. 13-asrda moʻgʻullar bu hududni bosib oldi va Oltin Oʻrda hududiga qoʻshildi. Bosqinlar paytida Botuxon bilan birga kelgan tatarlarning bir qismi bu hududga joylashdi[9].

Sibir xonligi XV asrda, Joʻji xonadonidagi moʻgʻullar butunlay tanazzulga yuz tuta boshlagan bir paytda tashkil topgan. Xonlarning dastlabki poytaxti Chimgi-Toʻra boʻlgan. Birinchi Xon Borjigin urugʻidan Toybugʻo edi. Uning oʻrniga oʻgʻli Xoʻja keldi va oʻz navbatida Xoʻjaning oʻrniga oʻgʻli Mar keldi.

Tobyl va Oʻrta Irtish oraligʻidagi hududni taybugʻiylar nazorat qilishlari aniq emas edi. Joʻji avlodlari boʻlgan Shayboniylar bu hududni koʻpincha oʻzlariga tegishli deb daʼvo qilganlar. Shayboniylar xonadonining kichik boʻlimi aʼzosi Iboqxon Marni oʻldirib, Chimgi-Toʻrani egallab oldi. Marning nabirasi Muhammad Irtish atrofidagi sharqiy hududlarga qochib ketadi, 1493-yilda boʻlgan jangda Iboqxonni oʻldirib taybugʻiylar hukmronligini tiklandi. Muhammad Chimgi-Toʻrada qolmaslikka qaror qildi va Irtishda joylashgan Iskar (yoki Sibir) nomli yangi poytaxtni tanladi. 1552-yilda Qozonning ruslar tomonidan bosib olinishi Sibirning taybugʻiy xoni Yodigarni Moskva bilan doʻstona munosabatlarga kirishishga undadi. Ammo Yodigarning bu qaroriga shayboniylardan Iboqxonning nevarasi Kuchum qarshilik koʻrsatdi. Bir necha yillik janglar (1556—1563) Yodigarning oʻlimi va Kuchumning xon boʻlishi bilan yakunlandi.

Sibirning zabt etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuchum asosan shamanist boʻlgan Sibir tatarlarini islom diniga oʻtkazishga harakat qildi[11]. Uning Stroganov savdo punktlariga yurish oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori Kazak Yermakning Sibir xonligiga bosqiniga olib keldi. 1582-yilda Chuvash burnidagi jangda Kuchum qoʻshinlari Yermak tomonidan tor-mor etildi va oʻsha yilning oxirida kazaklar Iskarga kirishdi. Kuchum oʻz qoʻshinlarini qayta tashkil qildi, 1584-yilda jangda Yermakni oʻldirdi va Sibir ustidan oʻz hokimiyatini qayta tikladi.

Kuchumning Yermak ustidan gʻalabasi. Qoʻngʻir yilnomasidan miniatyura

Ammo keyingi oʻn toʻrt yil ichida ruslar asta-sekin xonlikni bosib oldilar. 1598-yilda Kuchum Ob qirgʻogʻida magʻlub boʻldi va noʻgʻaylar hududlariga qochishga majbur boʻldi, bu uning hukmronligiga chek qoʻydi.

Taybugʻiylar va shayboniylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sibir xonligi va Tyumen shahri Taybugʻo tomonidan, ehtimol, 1405-1428-yillar orasida asos solingan. Taybugʻoning kelib chiqishi ehtimol, Kerait boʻlishi mumkin[12]. Biroq baʼzi olimlar taybugʻiylarni qipchoq elitasi va boshqalar bilan bogʻlashga ham harakat qiladilar. Nazorat Taybugʻo avlodlari va Chingizxon avlodidan boʻlgan Shayboniylar oʻrtasida almashib turdi. Shayboniylar dasht koʻchmanchilari bilan, taybugʻiylar esa shimol va sharqdagi oʻrmon xalqlari bilan koʻproq bogʻliqligi haqida maʼlumotlar bor.

Taybugʻoning otasi On (On-Son, Onsom va boshqa variantlar) deb nomlangan. Groussetning aytishicha, ular „Taybugʻa-beklari“ deb atalar edi. Taybuqa Chingizxon davrida nayman boshligʻi edi. Shu sababli sulola aʼzolari nomiga „bek“ qoʻshimchasi qoʻshilgan.

Xonlar roʻyxati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taybugʻiylar roʻyxati :

  1. On
  2. Taybugʻo
  3. Xoja
  4. Mar
  5. Obder
  6. Maxmet/Mamuq
  7. Abalak
  8. Aguish
  9. Qosim (Maxmetning oʻgʻli)
  10. Yodiger (Kuchum tomonidan oʻldirilgan)
  11. Bekbulat (Yodigerning ukasi boʻlishi mumkin)
  12. Seyid Axmat (Ermak vafotidan keyin Sibirni qayta egallagan, 1588-yilda Rossiya podsholigi tomonidan bosib olingan).

Shayboniylar roʻyxati:

  1. Ibak Xon
  2. Murtazoxon
  3. Kuchum Xon
    • Kuchumning oʻgʻli Ali (Ermakning oʻlimidan keyin Sibirni qayta egallashga harakat qildi),
    • Ishim (Osim?) Kuchumning oʻgʻli (1620-yilda qalmoqqa uylanib, ularning hududida joylashdi)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. John Smith, A System of Modern Geography: Or, the Natural and Political History of the Present State of the World vol.1 p.321.
  2. Tooke, William, A View of the Russian empire during the reign of Catharine the Second volume II p.60
  3. Fayzraxmanov G. L. Istoriya tatar Zapadnoy Sibiri: s drevneyshix vremen do nachala XX veka. Kazan: Tatar, kn. izd-vo, 2007. — 431 s. ISBN 978-5-298-01536-3
  4. Isxakov D. M. Tyurksko-tatarskie gosudarstva XV—XVI vv. — Kazan: Institut istorii im. Sh. Mardjani AN RT, 2004.— Glava 2 — C. 32.
  5. N. Ye. Artemov, V. I. Lebedev. Istoriya SSSR s drevneyshix vremen do XVIII v. 1959 g. S. 280
  6. Forsyth, James. A History of the Peoples of Siberia: Russia's North Asian Colony 1581–1990 (en). Cambridge University Press, 1994 — 25–27 bet. ISBN 978-0-521-47771-0. 
  7. Nicholas Riasanovsky. A History of Russia. Oxford University Press, 1999 — 148 bet. ISBN 0-19512179-1. 
  8. Forsyth, James. A History of the Peoples of Siberia: Russia's North Asian Colony 1581–1990 (en). Cambridge University Press, 1994 — 25–27 bet. ISBN 978-0-521-47771-0. 
  9. 9,0 9,1 Mote, Victor L.. Siberia: Worlds Apart (en). Westview Press, 2018 — 38 bet. ISBN 978-0-429-97696-4. 
  10. Forsyth, James. A History of the Peoples of Siberia: Russia's North Asian Colony 1581–1990 (en). Cambridge University Press, 1994 — 25–27 bet. ISBN 978-0-521-47771-0. 
  11. Bukharaev, Ravil. Islam in Russia: The Four Seasons. Routledge, 2014 — 256 bet. ISBN 978-1-136-80800-5. 
  12. Miller G. F. Glava pervaya. Sobitiya drevneyshix vremyon do russkogo vladichestva // Istoriya Sibiri — M.-L.: AN SSSR, 1937. — T. 1. — S. 189-194.