Shrot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Shrot (nem. mayda boʻlaklar, qiyqim) — yogʻekstraksiya korxonalarida ishlab chiqariladigan qoʻshimcha mahsulot; chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa. Moyli ekinlar urugʻi ekstraksiyasidan keyin maydalangan urugʻdan organik eritmalar yordamida olinadi. Xom ashyoga qarab soya Sh., raps Sh., xantal Sh., chigit Sh., kanakunjut Sh., nasha Sh. va boshqalarga ajratiladi. Sh. proteinga boy ozuqa. 100 kg kungaboqar Sh.ida 100 ozuqa birligi va 37,6 kg ga yaqin hazm boʻladigan protein; 100 kg nasha Sh.ida 82 ozuqa birligi va 24,8 kg hazm boʻladigan protein bor. Sh. tarkibi Ye vitamini, V guruh vitaminlari va fosforga boy.

Chigit Sh. tarkibi va olish usuliga koʻra 3 tur (har bir tur navlar)ga boʻlinadi. Chigit ekstraksiyaforpresslash sxemasi (I tur), lipidga boy soha standarti (11 tur), sifati yaxshilangan proteinli va gossipol miqdori kamaytirilgan — texnika shartlari boʻyicha (3 tur) qayta ishlanib Sh. olinadi. Sh. tarkibida I tur 1navi boʻyicha namlik 7 — 9%, xom moy 1,5%, xom protein 44%, xom kletchatkalar 14%, erkin gossipol 0,02% ni tashkil qiladi. Hamma Sh.lar aralash yemga qoʻshilgan holda beriladi. Sh. qogʻoz qoplarda yoki zararkunandalar boʻlmagan omborlarda, shamol oʻtib turadigan, quyosh nuri va issiqlik manbaidan muhofazalangan toza, quruq binolarda idishsiz (uyum holida) saqlanadi.

SH. oʻz-oʻzidan oʻt olmasligi va buzilmasligi uchun qish oylarida saqlash yoki joʻnatish oldidan 35°, yozda esa 50° tragacha sovitiladi.